LXXIII
Hudhudning Xo’rozga javobi
Hudhud shunday dedi:
- Agar kishi o'z holidan bayon qilib, bir so'z aytsa, bu besabab bo’lmaydi.
Darhaqiqat, shunday qush ham borki, u qanot qoqib uchmasdan turib, yettinchi osmondagi sidra daraxtining shoxi ustida makon tutadi. U anjumanni o'ziga xilvatgoh etadi, lekin sayr etadigan yeri doim o'z vatani bo'ladi. Garchi u zimdan Arshga parvoz etib, sidra daraxtiga qo'nsa-da, o'zining bu parvozini elga oshkor etmaydi. U Simurg'dan bir nafas ham ayriliqqa emas, uning vaslidan ko'nglida o'zga olam jilvalanadi. Uning hajridan joniga shikast yetmaydi, shakli esa uning vaslida doim naqshlanib turadi. Boshi uzra ehsonli toju o'zi vasl me'rojida jilva qiladi. Vasldan mamnun bo'ladi, ammo damini ichiga yutadi va o'zgalardan holini yashirin saqlaydi. Vaslning yuz ming durridan ko'nglida jo'shqinlik sodir bo'lsa-da, og'zi sadaf yanglig' yopiq turadi.
Ammo lekin, sen, ey ovozi yoqimsiz qush, unday qush emassan! Balki har xil yolg'on va behayo so'zlami so'zlaguvchisan! Kecha-kunduz haddan tashqari fisqu fujurga berilib, asossiz g'avg'o va qichqirishlar bilan vaqtingni o'tkazasan. Yuz xil yomonliklar ko'rsatasanu yana o'zingni yaxshilarga nisbat berasan. Bugun esa shunchalik sustkashlik ayon etdingki, bu ishing bilan, sen, ey makiyon, o'zingni xo'roz deb atama!