Abdurahmon ibn Avf Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Dorul Ar-qamga (Makkadagi Arqam ibn Abdumanof al-Mahzumiyga tegishli hovli. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchun da’vat Markazi bo’lib xizmat qilgan) kirmaslaridan oldin, Abu Bakr Siddiqdan ikki kun keyin islomni qabul qildi. Allohning yo’lida ilk sahobalar singari ko’p aziyatlar chekdi, ammo ular bu qiynoq va azoblarga sabr qildilar, dinlarida sobit turdilar, iymonlari chin ekanini isbotladilar. Hatto dinlarini asrab qolish maqsadida ko’pchilik musulmonlar Habashistonga hijrat qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va ashoblarga Madinaga hijrat qilish uchun izn berilganda Abdurahmon Alloh yo’lida vatanini tark etayotgan muhojirlarning eng avvalgi safida bo’ldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam islom jamiyatining quvvatini oshirish uchun muhojir va ansorlarni birodarlashtirayotib, uni Sa’d ibn Rabe’ al-Ansoriy bilan tutingan aka-uka, deb e’lon qildilar. Sa’d yangi birodari Abdurahmon nbn Avfga "Ey uka, men Madinadagi eng badavlat odamman, ikkita katta bog’im bor, ikkita xotinim bor. Bog’larimni borib ko’r, qaysi biri senga yoqsa, o’shani olaqol. Xohlasang ikki xotinimdan senga yoqqanini taloq qilay, iddasi chiqqach, uylanib olarsan", dedi.
Abdurahon ansoriy birodariga minnatdorchilik bildirib, "Alloh sening molingu bola chaqangga baraka bersin... Yaxshisi, sen menga bozorni qaerdaligini ko’rsatib qo’y", dedi. Shu-shu u bozorda tijorat qila boshladi. Halol-pok savdo qilar, tushgan foydani yig’ib qo’yardi. Oz fursatda bir ayolning mahriga yetadigan mablag’ to’plandi. Abdurahmon uylandi. Yangi kuyov xushbuy atir hidini gurkiratib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga keldi...
- Mahyam (bu yamoniy kalima bo’lib, taajjubni ifodalaydi), ey Abdurahmon, - dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.
- Uylandim...,— dedi u uyalibgina.
- Ayolingga nima mahr berding?
- Danakcha keladigan tillo.
- Unda bir qo’y so’yib bo’lsa ham to’y qil,— dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. So’ng qo’shib qo’ydilar. - Alloh molingni barakali qilsin.
Abdurahmon aytadi:
- "Shu duodan keyin dunyo menga ergashib yuradigan bo’ldi. Hatto bir toshni ko’tarsam, tagidan, albatta, yo tillo, yo kumush topardim".