Dajjolning ota-onasi qanday ko‘rinishda bo‘ladi
Termiziy rivoyat qilgan bir hadisda Ibn Sayyodning Dajjol ekani deyarli ochiq aytilgan.
61. Abu Bakradan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar:
— Dajjolning ota-onasi o‘ttiz yil yashab farzand ko‘rmaydilar. So‘ng bir ko‘zli bola tug‘iladi. U oilasida zarrari ko‘p, foydasi kam (bola bo‘ladi). Ko‘zlari uxlasa ham, qalbi uxlamaydi.
So‘ng Payg‘ambar alayhissalom uning ota-onasini ta’rifladilar.
— Otasi uzun bo‘yli, oriq, qushburun kishi, onasi esa ulkan gavdali, qo‘llari uzun ayol bo‘ladi».
Abu Bakra (r.a.) aytadi: «Madina yahudiylari orasida shunday ko‘rinishda tug‘ilgan bir bolaning daragini eshitdik. Men Zubayr ibn Avvom bilan birga uning ota-onasi oldiga bordim. Ularda Payg‘ambar alayhissalom aytgan sifatlar bor edi. Ulardan:
— Farzandingiz bormi? — deb so‘radik.
— Biz o‘ttiz yil bola ko‘rmadik. So‘ng oilamizda bir ko‘zi ko‘r, zarari ko‘p, foydasi kam bir bola tug‘ildi. Uning ko‘zlari uxlaydi, ammo qalbi uyg‘oq bo‘ladi, — deb javob berdi yahudiy ota-ona.
Biz tashqariga chiqdik. Haligi bola yoping‘ichda o‘ranib, tashqarida yotgan ekan. U tomondan bir g‘o‘ldirash eshitilardi. Bola boshini ochib: «Nima dedinglar?» deb so‘radi. Biz ham: «Nima deganimizni eshitdingmi?» deb so‘radik.
«Ha — dedi u, — Mening ko‘zlarim uxlasa-da, qalbim uxlamaydi» (Termiziy rivoyati, hasan g‘arib).