Oq g‘ishtli dang‘illama uylarni, duru gavharlarni orzu qilmay yashayotgani, qozonlari bozor go‘shti qanday bo‘lishini bilmay, muzlagan go‘shtga ham qanoat qiluvchi, halol yashamoqlik zahmatini barcha lazzatlardan afzal ko‘ruvchi, boriga shukr qilib umr kechirayotgan bu ikki bandaning tili gapga kelmas edi. Ular «gunohimiz nima ekan?» degan jumboqqa yechim izlashar edi. Yaratganning oldida ularning gunohlari yo‘qdir, deyolmaymiz, beayb — parvardigor. Bizning fikri ojizimizcha, boshlariga kulfat solgan «gunoh»larning eng ulug‘i — «o‘ynashmagin arbob bilan...» degan hikmatni unutganlarida. Zamonlar o‘zgaradi, tuzumlar o‘zgaradi, podsholar kelib ketaberadi, bular — dunyoning ustidagi liboslar. Eski ko‘ylak ustiga yangisi kiyilgani, vujud, qalb, insof, vijdon esa o‘zgarmay qolabergani kabi, foniy dunyo aslini o‘zgartirmaydi. Xalq yaratgan hikmatlar ham aslicha yashayveradi. Avvalambor Sharif, qolaversa Nasibaning ko‘p narsalarga yetguvchi aqli, fahmi-farosati shu nuqtaga yetganda andak ojizlik qilgani uchun ham bu kichik kulfat tuzini totib ko‘rishdi.
Nasiba erining kirib kelishi tushi emas, o‘ngi ekaniga ishonch hosil qilgach, uni bag‘ridan bo‘shatib, uyga boshladi. «Bolalarni olib kelmadingmi?» dedi Sharif ostona hatlab ichkari kirgach.
Nasiba labini tishlab, bosh chayqadi. Shu kunlar ichi huvillayotgan uyda yolg‘iz o‘tirish unga oson kechmadi. Ammo yolg‘izlik azobidan «dadam qanilar?» degan savolga javob qaytarish ming chandon og‘irroq edi. Bu savol uni ilon kabi chaqishi, nazarida hatto jonini ham sug‘urib olishi mumkin edi. O‘zi aytmagan taqdirda ham, bolalari ko‘chadan eshitishardi. Dadalarining qamoqda o‘tirgani murg‘ak qalblarni ezib tashlamasmidi? Nasiba shuning uchun bolalarini onasinikidan olib kelmagan edi. Sharif buni tushundi. «Yangi yil kechasi ham yolg‘iz o‘tiribdi-da, bechora», dedi o‘zicha.