Ra’y bilan tafsir qilishni man etuvchi guruhning 3-hujjatini ruxsat beruvchi guruh bir necha javoblar bilan rad etganlar:
3-hujjatning raddiyasi:a) Payg‘ambarimiz (s.a.v.) mazkur ikki hadisda Qur’onning tafsiri mushkul bo‘lgan va mutashobeh sanalgan, ma’nosi faqat Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan yoki sahobalardan eshitib bilinadigan oyatlarinigina ra’y bilan tafsir qilishdan qaytarganlar;
b) Payg‘ambarimiz (s.a.v.) man etgan ra’ydan murod hech qanday dalil-hujjatsiz raqibidan ustun kelishga urinadigan odamning ra’yidir. Bunday odamlar qatoriga
— aslida oyatdan chiqadigan haqiqatni biladigan, ammo raqibidan ustun kelish va boshqalarni taajjubga solish uchun o‘z ra’yida turib oladiganlar,
— oyatning haqiqatini bilmaydigan johil, ammo ko‘p ra’ylar orasida o‘zining ra’yiga muvofiq keladigan so‘zda turib oladiganlar,
— oyatdan chiqadigan ma’no ochiq-oydin ma’lum bo‘lsa ham, o‘zining g‘arazini oldinga surish uchun Alloh kalomidan dalil keltirib o‘z so‘zini o‘tkazuvchilar
(Masalan, Allohning: «Ey Muso, Fir’avn oldiga bor, u haddidan oshyapti» degan oyatidagi Fir’avndan Alloh nafsni iroda qilyapti, deyish ayni o‘zboshimchalik bilan tafsir qilishdir) kiradi.
v) Payg‘ambarimiz (s.a.v.) oyatning zohiriy arabchasidan tafsir qilishni man etganlar, ya’ni oyatlarni tafsir qilish uchun olimning bilishi zarur bo‘lgan ilmlarni bilmasdan faqat arab tilini bilishiga ishonib tafsir qilishdan qaytarganlar. Chunki, oyatning sababi nuzulini, hikmatini, voqeaning tafsilotini bilmasdan turib tafsir qilgan odam xato qilishi tabiiydir. Masalan:
وَآتَيْنَا ثَمُودَ النَّاقَةَ مُبْصِرَةً فَظَلَمُوا بِهَا
oyatining ma’nosi
"Samud qabilasiga ochiq (mo'jiza sifatida) tuyani ato etganimizda, unga zulm etdilar",
(Isro, 59) deganidir. Agar tuya Solih alayhissalomning payg‘ambarliklariga hujjat bo‘lgani va payg‘ambarlik mo‘‘jizasi sifatida yuborilganini, Samud qavmi esa unga zulm qilib, halok qilganini bilmagan odam arab lug‘atiga asosan tafsir qiladigan bo‘lsa, u holda oyatning ma’nosi: "Samud qabilasiga biz ko‘ruvchi tuyani ato etdik"— degan mubham ma’no chiqadi va oyatning davomi ham mubham bo‘lib, "kim zulm qilgani, nima bilan zulm qilgani" noma’lumligicha qoladi.
g) Yuqoridagi uch javobdan tashqari Jundub (r.a)dan rivoyat qilingan hadisning o‘zi sahih emasligini aytib raddiya berish mumkin. Chunki, bu hadis sanadidagi roviylarning biri bo‘lgan Suhayl ibn Abu Hazm ishonchli odam emas.
Muhaddislardan Abu Hotim, Imom Al-Buxoriy, An-Nasaiy, Ibn Mu’in, Imom Ahmad uning munkar hadislar rivoyat qilganini aytganlar.