MUHABBATNI O’RTADAN KO’TARGAN SABABLAR
«Bir-biringizga qarshi bug‘z etmangiz. O’zaro bug‘z va adovat bilan bir-birlaringizga dushmanlashmangiz».
Bug‘z etmoq — achchiqlanmoq, qizishmoq, kek saqlamoq degani. Bir-birlaringizga qizishmangiz, jahl qilmangiz. Kekni, adovatni cho‘zmangiz, nafratli, dushmanlarcha muomala qilmangiz bir-biringizga.
Inson qizishadi, bug‘z etadi, ammo tuyg‘ularini nazorat etmog‘i lozim. Inson ichidan chiqqan har bir tuyg‘uning darhol talabini bajarmog‘i kerak emas. Inson o‘zini tuta oladigan maxluqdir.
Hayvon tuta olmas o‘zini, qush, tovuq, mushuk tutolmaydi o‘zini. Mushukning oldida barmog‘ingizni o‘ynatsangiz, chiday olmaydi. Avval ko‘zlarini ochadi, keyin quloqlarini dikkaytiradi, so‘ng chiday olmay, tashlanadi. Ongsiz-ixtiyorsiz, savqitabiiy bilan shunday qiladi. Ammo odamzodning bir ustunligi bor: u o‘z tuyg‘ulariga hokim bo‘la oladi, o‘z-o‘zini nazorat eta oladi, tuta oladi.
«Bir-biringizga bug‘z etmangiz», deydilar Payg‘ambar janobimiz. Bug‘z etmoq holini cho‘zmang, davom ettirmang. «Bir-biringiz bilan aloqalarni uzmangiz». Aloqani uzishmangizlar. Ziyoratlar qilar edi, qilmay qo‘ydi, munosabati bor edi, kelib-ketishni to‘xtata boshladi. Bog‘lar uzildi. Yo‘q, bunday qilmang, deydilar Payg‘ambar janobimiz, bir-biringiz bilan bog‘larni — aloqalarni uzmangizlar.
«Bir-biringizga orqa o‘girib olmangiz». Orqa o‘girmoq — xafalashmoq, aloqa qilmaslik, yordam bermaslik, har kimning o‘zicha istiqomatda ketmog‘idan kinoyadir.
«Bir-biringiz bilan hasadlashmangiz». U sizga hasad qiladi, siz unga hasad qilasiz. Va yo uning moli bor, mulki bor, hasadlashuvni, qizg‘onchni qo‘zg‘aydi. Bularning hammasini taqiqlaydilar Payg‘ambar janobimiz. Musulmonning musulmonga bug‘z etmog‘i yo‘q, aloqa uzmog‘i yo‘q. Yuz o‘girmog‘i yo‘q, hasadlashmog‘i yo‘q. Bunday ishlar bo‘lmaydi. Ijobiy, maqbul ish sifatida nima qiladi? Shu salbiy ishlarni qilmaydi.