U lopillagan yog‘och zinadan tutqichni ushlay-ushlay, bitta-bitta tushib kelarkan, yarmidan oshganda mayin jilmaydi:
— Nimaning hidi desam — jizzanikimidi? — dedi chollarga xos bosh to‘lg‘ab, besh ketib, — jindekkina tuz sepvoring-a, totiga tot qo‘shilsin.
— Sepdim, sepdim. Shu yerga joy qila qolaymi? — dedi Olim.
— Maylin, jizza seli bilan, deganlar. O‘shanda-da, hamma maza! So‘ng asrni o‘qirmiz, — deb qo‘ydi.
Olim stolga gazeta yozib yuborib, o‘rtaga taqsimchadagi jizzani qo‘ydi, sutchiga ustalni hozirlab, o‘zi necha qishni ko‘rgan yong‘oq to‘nkasiga o‘tirdi.
— Qani, bismilloh bilan men boshladim, — qariya jizzaning bir donaginasini og‘ziga solib, sel bo‘lgancha, bosh to‘lg‘adi. — Imm, bay-bay, bu dunyoniki bo‘lmabdi-ku, tuz bilan yig‘lab ko‘rishibdi-ku. Oling, o‘zingiz ham.
— Olyapman, olyapman. Choyxona palovning gashti shu-da, — dedi Olim qariyaning ko‘nglini topayotganidan iyib.
— Nimasini aytasiz. Bu dunyoning ne’matlari ichida unga yetadigani yo‘q, — dedi qariya non tishlab. — Lekin yomoni shundaki, keyin nafsni o‘ldirolmay qiynalasiz, har kuni yog‘liq narsani tilayveradi bu itkoski, — deb qariyalardek shirin kuldi.
— Nafsni o‘ldirishdan muddao osh emasmi? — dedi Olim unga qo‘shilishib kulib.
— Yo‘q, butam, oshdan muddao — shukr, shukrdan maqsad — nafsni o‘ldirish. Hamma hikmat shunda, vallohi a’lam.
Ana, xolos! Mana, nima uchun u tarki dunyo qilgan odamdek bir chekkaga chiqib olib, sutchilik qilib yurgan ekan. Endi u yumushni ham tashlab, buzilayotgan joylardan kitob izlab, kitob terib qopti! Bilmagan odam nima qiladi, go‘riga orqalab ketadimi, deb o‘ylaydi! U bo‘lsa, aslida bular qilishi kerak bo‘lgan narsaga — eshon otalaridan qolgan kitoblarni topib saranjomlashga yugurib yuribdi, kishini uyaltirib.
Olim qariyaning haybatimi, salobatimi bosib, xijolatga tushib bora boshlagan edi. Buni sezdirmaslik uchun ham u o‘rnidan turib, o‘choqning oloviga alahsidi. So‘ng yana jizzaga qistadi:
— Oling, taqsir, sovumasin.
— Rahmat, oldim. Yetkazganiga shukr, judayam totli bo‘pti. Endi asrga tayyorlana qolay, — deb yuziga fotiha tortib, tura boshladi va obdastaga suv olib, hovlining past tomoniga yuraverdi.