Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (2-kitob). Oydinliklar sari  ( 145641 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 29 B


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:40:43

* * *
Sirma ibn Anas keksa bir odam edi. Ilgaridan o‘zicha mustaqil bir hayot tarzini yashab kelar, bunday hayotni tanlashi Hazrati Ibrohim alayhissalomning dini bo‘yicha yashash orzuidan edi.
Uyining bir chekkasini ibodatgoh qilib ayirgan va junub yo hayz holida bo‘lganlarni bu ibodatgohga yaqinlashtirmas edi. Butlarni tark etganini ko‘rganlar uning ibodatxonasiga kelib:
— Sen o‘zingcha nima qildim deb o‘ylayapsan, ey Abu Qays? — deb so‘rasalar, Sirma xotirjam:
— Ibrohimning Rabbiga ibodat qilyapman, — deb javob qilardi.
U rostgo‘y bir odam edi. She’r aytish qobiliyati ham bor edi. «Agar boshqalar ish boshiga kelsa, ularga hasad etmang. Biroq siz amir bo‘lsangiz, adolatli muomala qiling», deganini eshitganlar bor.
Rasulullohning (s.a.v.) Madinaga kelganlarini eshitgan zahotiyoq qiziqib, o‘zi shaxsan borib ko‘rishdi. Faxri Olam sayyidimizning yonlaridan chiqarkan, qidirganini topgan va yangi bir hayotga qadam qo‘yayotgan insonday mamnuniyat balqidi yuzlarida. Bu yangi dinning insonga faqat yaxshilik va saodat keltirishiga ishondi, ko‘pdan beri o‘zi «Ibrohimning dini» deb yurgan, biroq aslini, asosini bilmagani haq dinni tanladi, angladi. Qolgan umrini endi musulmon o‘laroq o‘tkazajak edi.

* * *
Ummu Sulaym aqlli va tadbirli ayol edi. Bir kuni Abu Talxa uning eshigini taqillatib keldi. Uchto‘rt kun avval uylanish taklifini qilgan, endi shuning javobini olgani kelgan edi.
—   Marhamat qiling, ey Abu Talxa! — deya qarshiladi Ummu Sulaym.
—   Senga uylanish taklifi qilgan edim, ey Ummu Sulaym.
—   Xudo haqqi, ey Abu Talxa, so‘zni cho‘zmokchi emasman. Sizdek odam rad etilmas. Biroq men musulmon bo‘ldim, siz bo‘lsangiz, musulmon emassiz, butga topinasiz. Shu sababli siz bilan turmush qura olmayman.
— U bir ilohdir, axir.
— Yo‘q, u iloh emas. Sizga foyda ham, zarar ham bera olmaydigan bir g‘o‘ladir. Siz topinayotgan o‘sha butni falon duradgor yasadimi? O’tga tashlasangiz, yonib ketishini bilmaysizmi?
Abu Talxa bu tarzda qarshilanishini hech kutmagan edi. U yerdan o‘yga cho‘mgan holatda qaytdi. Ummu Sulaymning tik aytgan so‘zlari qalbiga o‘kdek qadaldi. Ha, o‘sha butni duradgor kesibrandalab shakllantirganini inkor eta olmaydi. Yog‘ochning bir g‘o‘lasi o‘laroq keltirilgan, so‘ngra kesibyo‘nib oddiy bir but shakli berilgan. Ammo bu holga kelgach, yog‘ochlikdan chiqib, ilohlik rioyasiga yuksalgan edi, axir. Endi u g‘o‘la emas, yog‘ochga aloqasi yo‘q ortiq...
Bir necha kun shunday o‘y-xayollar bilan kezib, bir kuni yana Ummu Sulaymning eshigi yoniga kelib qoldi. Yana ayni taklifni qildi, javob yana o‘shanday bo‘ldi:
— Men musulmon bo‘ldim, ey Abu Talxa. Siz bilan turmush qurish menga halol emas. Agar musulmon bo‘lsangiz, sizga boraman va mahr ham so‘ramayman.
Abu Talxa o‘ylab ko‘rishga izn so‘radi. Keyingi kelishida, endi qat’iy qarorini bergan edi. Ummu Sulaymning oldida kalimai shahodatni aytdi. «Ollohdan boshqa hech bir iloh yo‘qligiga, Muhammad (s.a.v.) Ollohning quli va rasuli ekaniga ishondim va guvohlik beraman», dedi.
Shunday qilib, judayam orzu etgani uylanishning to‘sig‘i o‘rtadan ko‘tarildi.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, Abu Talxa uylanish uchungina musulmon bo‘lgan emasdi. O’yladi, tekshirdi, butlarning haqiqatan ham bir tosh, yog‘och bo‘lagi ekanini angladi va ularni birmabir o‘z qo‘li bilan sindirib parchaladi. Bundan bu yog‘iga umr bo‘yi samimiy bir musulmon o‘laroq qolib, Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) taqdirlaydigan va tabriklaydigan hayot tarzini yashab o‘tajak edi.
Ummu Sulaym ahdini unutmadi:
— Tur, ey Anas, — dedi u o‘g‘liga, — Abu Talxa bilan turmush qurishga qaror berganimni qarindoshlarga yetkaz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:41:18

* * *
Mo‘minlar endi nima qilib bo‘lmasin Madinada yashashni istashar, ammo Makka zodagonlari bunga yo‘l qo‘ymaslikka tirishishar edi. Ayniqsa, Avs va Hazraj qabilasidan musulmon bo‘lmagan ba’zi kishilar makkaliklarning do‘qpo‘pisasi ostida qoldi. Oralariyuta qo‘shilgan mo‘minlarni Madinadan haydab chiqaringlar, aks holda, boshlaringga balo kelsa, bizdan ko‘rmanglar, deb qo‘rqita boshlashdi. Qo‘shin to‘plab Madiiaga xujum qilamiz, ana unda ho‘lu quruk baravar yonadi, deb xabarlar jo‘natishar, tadbirli bo‘lishga chaqirishar edi.
Ammo endi kech edi. Chunki bu yerda endi mo‘minlarning so‘zi kesardi. Natijada, madinalik mushriklar ikki o‘t orasida qolishdi. Yurtlariga kelib joylashgan mo‘minlarga ham: «Jo‘nanglar, borib otalaringning dalasini haydanglar, bu yerda sizlarga nima bor?!» deyishga qurblari yetmasdi, makkalik mushriklarga ham: «Qani, daf bo‘linglar, kim bo‘libsizlarki, bizga do‘q urasizlar!..» deya olmasdilar.
Sarvari anbiyo hazratlari (s.a.v.) necha yillardan beri imon mash’alini so‘ndirish uchun kurashayotganlarning jim turmasligini bilardilar. Bu orada Madinaga tahdid yog‘dirilayotganining xabarini oldilar va shu zaxoti mo‘minlarni yana ham kuchli holga keltirish istagida oralarida xususiy ma’noda bir qardoshlik qurishga qaror berdilar.
Arablar qarindoshlik bog‘lariga, qavmiyat tuyg‘ula riga nihoyatda bog‘liq bir millat edi. Keyinroq «makkalikmadinalik» ayirmachiligi qo‘zib, musulmonlarning orasi buzilishi mumkin edi. Haqiqatan ham, hozirgacha chiqqan janjallar aksariyat arzimas uchqunlardan olovlangan, haq yoki nohaqni ayirmasdan, har kim aqrabosining va qavmining tarafini ola boshlar edi.
207
Mo‘minlar bir-biriga qardosh qilinsa, oqibati go‘zal bo‘lishi aniq edi. Shu sababli payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir kuni Ummu Sulaymning uyida bir makkalik, bir madinalik qilib «muhojir — ansor qardoshligi»ni ta’sis etdilar.
Ummu Sulaym, arab odatiga ko‘ra, o‘rtaga ichida kofur bo‘lgan bir tovoq olib keldi. Bir-biriga qardosh qilingan har ikki kishi qo‘llarini bu tovoqqa botirib, qardoshlik ahdini tuzdilar. Bu qarindoshlikning natijasi o‘laroq, biri vafot etib qolsa, ikkinchisi unga merosxo‘r bo‘lishi kerak edi. Bir-birlariga har sohada yordamchi bo‘lib, moddiy va ma’naviy dastak vazifasini ado etishlari lozim edi.
Bu qardoshlik tufayli makkaliklar anchagina g‘ariblikdan qutuladigan bo‘ldilar. Eng yaqin qarindoshdan ham yaqinroq bir qardoshga erishganini bilib, ko‘ngillari rohat topdi. Madinaliklar esa, ularning yillar davomida olgan Qur’on ilmidan, din axloqidan foydalanadilar endi.
— Kel, ey Abu Bakr!.. Sen ham kel, ey Xorija!
Ikkisi ham keldi. Qo‘llarini tovoqqa botirdi. Rasululloh (s.a.v.) ularga Olloh yo‘lida qardosh bo‘lganlarini ta’kidladilar. Ikki odam bo‘lib kelgan Abu Bakr bilan Xorija endi bu yerdan qardosh bo‘lib, qo‘lni qo‘lga berib chiqishdi.
— Kel, ey Xattob o‘g‘li Umar!.. Va, ey Itbon ibn Molik, sen ham kel!
Ular ham qardosh qilindi. Hammani ayricha, shirin bir hayajon qoplagan edi. Bir oz so‘ngra Rasululloh (s.a.v.) taraflaridan kim bilan qardosh qilinish hayajoni...
Ana shunday davom etgan marosim nihoyasida:
Usmon ibn Affon — Avs ibn Sobit
Talxa ibn Ubaydulloh — Ka’b ibn Molik
Mus’ab ibn Umayr — Abu Ayyub alAnsoriy
Abdurahmon ibn Avf — Sa’d ibn Rabi’
Abu Ubayda ibn Jarroh — Sa’d ibn Muoz
Ammor ibn Yosir — Sobit ibn Qayslar... qo‘lniqo‘lga berib ayrildilar. Har muhojirga bir ansor qardosh bo‘lgan edi. Shu orada bir mahzun ovoz eshitildi:

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:41:33

— Yo Rasululloh, menga bir qardosh bermadingiz.
Do‘stlaridan barchasiga qo‘lidan tutadigan bir qardosh berilgan edi, nega unga berilmasin?
Nabiyyi akram (s.a.v) janobimiz tabassum qilib, unga o‘z qo‘llarini uzatdilar:
— Sening qardoshing men bo‘lay, ey Ali, — dedilar.
Eng oxiriga qolganga eng buyuk qardosh nasib etgan, sabr evaziga holva qozongan edi. Bunday qutlug‘ bir marosim uyida bo‘lganidan ayniqsa Ummu Sulaym nihoyatda mamnun edi. Bu bir oddiy hodisa emas, axir. Bunday muhim bir ish uchun Rasuli kibriyo (s.a.v.) uning uyini tanlashlari Ummu Sulaym oilasiga hurmatlaridan va muhabbatlaridandir, bu hodisa Olloh taoloning unga bir ikromi bo‘ldi.
Sa’d ibn Rabi’ yangi topgan qardoshi Abdurahmon ibn Avfni qo‘lidan tutib, uyiga boshlab keldi.
— Ey qardoshim, mana, uyim. Darhol ikkiga bo‘lamiz, yarmi seniki bo‘ladi. Ikki xotinim bor. Boq, qaysinisini yoqtirsang, taloq qilaman, nikohingga olasan, — dedi Sa’d.
Abdurahmon tabassum bilan:
— Moling ham, oilang ham o‘zpngga muborak bo‘lsin, birodarim. Sen menga bozorni ko‘rsatib qo‘ysang, bo‘ldi, —dedi.
Birgalikda Qaynuqo’ bozoriga bordilar. Abdurahmon bir oz yurib, oldisotdi uchun olomon ichiga kirib ketdi.
Oqshom mehmon bo‘lib qoladigan uyiga o‘sha kuni topgan foydasidan bir mikdor yog‘ va qatiq olib qaytdi.
Shu kundan e’tiboran Rasululloh (s.a.v.) huzurlaridan chiqdi deguncha bozorga yo‘l olar, savdosotiq bilan mashg‘ul bo‘lib, qardoshi Sa’d ibn Rabi’ oilasiga yuk bo‘lmaslikka harakat qilar edi.
Muhojir va ansor o‘rtasida qurilgan qardoshlik et bilan tirnoq, ko‘z oqi bilan qoracho‘g‘i orasidagi bog‘liqlik darajasida quvvatli bo‘lgan edi. Bunday holatda kim muhojirlarni madinaliklardan ayira oladi? «Boring, ishingizni qiling, Yasrib sizning otangizdan qolgan dalami?...» deyishga kimning haddi sig‘adi? Endi Makka mushriklarining tahdidlaridan biroi foyda chiqishi hakida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas edi.
Madinalik musulmonlardan Sa’d ibn Uboda birikki kun ko‘rinmadi. Kasal bo‘lib qolganidan xabar topgan Rasululloh (s.a.v.) bir eshakka mindilarda, yoilariga Zaydning o‘g‘li Usomani olib, bemorni ziyorat maqsadi bilan Sa’dning mahallasiga yo‘l oldilar.
Yo‘lda bir to‘p olomonga duch keldilar. Musulmon, mushrik va yahudiy aralash o‘tirib olib gaplashishayotgan ekan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘sha yerga yetganda ulovni to‘xtatdilar. Eshak to‘xtagan joyida birikki depsindi. Yig‘ilganlar ichidan Abdulloh ibn Ubayy ibn Salul choponining bari bilan burnini berkitib:
— Bizni bu yerda changga botirma, — dedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:41:42

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) jamoatga salom berdilar.
Ularni Ollohning birligini qabul etishga chaqirdilar, bir miqdor Qur’on o‘qidilar. Ibn Salul gapga aralashdi:
—   Ey kishi, aytganlaring juda yaxshi narsalar. Ammo bular chindan ham haq va to‘g‘ri bo‘lsa, bizni bezovta qilma, yo‘lingdan qolma, sening oldingga kim borsa, bularni o‘shalarga tushuntirasan. Musulmonlardan Abdulloh ibn Ravoha uning so‘zini bo‘ldi:
— Ey Ollohning payg‘ambari, siz biz o‘tirgan joyga marhamat qiling. Biz sizning suhbatingizni va Qur’on o‘qishingizni yoqtiramiz. Bizning orzuimiz shudir, —dedi.
O’ngso‘ldan quvvatlovchi turli ovozlar eshitildi. Bu ahvolda o‘rtada bir janjal chiqishi turgan gap edi. Nabiyyi akram (s.a.v.) oraga kirib, olomonni tinchlantirishga urindilar. Nihoyat ovozlar jim bo‘ldi va payg‘ambarimiz u yerdan ketdilar.
Sa’d ibn Uboda yotokda ekan. Rasululloh (s.a.v.) kelganlarining xabari berilgan zahoti ichini bir sevinch kopladi, ta’rif etilmas tuyg‘ular uning ruhini o‘radi.
Kelgan aziz mehmon unga shifolar tiladilar. Suhbat asnosida yo‘lda bo‘lgan hodisani anglatdilar. Abdulloh ibn Ubayyning qo‘pol muomalasini aytib berdilar.
— Xafa bo‘lmang, yo Rasululloh, — dedi Sa’d, —uning qusuriga parvo qilmang. Siz tablig‘ qilayotgan bu dinning xushxabari bizga yetib kelgan paytlarda Yasrib xalqi uni rais qilib ko‘tarmoqchi, boshiga toj kiydir moqchi bo‘lib turgan edi. Olloh taolo sizga bergan ne’mati bilan uning raisligini to‘sib qo‘ygach, avval ko‘rgan hurmat va e’tiborini yo‘qotdi, mana shu narsa unga og‘ir keldi.
Rasululloh (s.a.v.) Sa’dning uyidan qaytib kelayotganlarida yo‘lda bir yigitchani uchratdilar. U bir qo‘yni so‘ygan, endi terisini shilish bilan ovora, lekin hech uddalay olmayotgan edi. Payg‘ambarimiz uning yaqiniga keldilar.
— Qani, o‘tib turchi, senga buni qanday qilishni ko‘rsataman, — dedilar.
Yigitcha nariroq chekildi, Rasuli akram (s.a.v.) qo‘llarini teri bilan et orasiga suqib, terini ajrata boshladilar. Qo‘ltiq ostiga kelgunga qadar ajratdilar. Yigitcha mamnuniyat bilan kuzatib turardi. Bir tomonni shilib ko‘rsatgach, chekkaga o‘tib:
— Mana shunday qil, — dedilarda, yana yo‘lda davom etdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:41:55

* * *
Abdulloh ibn Salomning musulmon bo‘lgani xabari hali yahudiylarga yetib bormagan edi. Bir kuni Abdulloh payg‘ambarimizning (s.a.v.) yonlarida ekanida yahudiylarning ziyoratga kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Ibn Salom:
—   Yo Rasululloh, yahudiylar tuhmatchi, fasod chiqarishdan xushlanadigan bir millatdir. Mening musulmon bo‘lganimni eshitsalar, turlituman yomon gaplarni aytadilar. Iltimos, bundan oldinroq ulardan men haqimda so‘rab ko‘ring, — dedi va o‘zi chekkaga o‘tib yashirinib turdi. Yahudiylar kelishdi:
—   Assomualayka, yo Muhammad!1 — deyishdi tillarini burib.
—   Va alaykum, — deb javob qildilar Rasuli akram (s.a.v.).
O’tirishdi. Holahvol so‘raldi. Gap orasida Rasululloh (s.a.v.):
— Abdulloh ibn Salom qanday odam? U haqida qanday fikrdasizlar? — deb so‘radilar.
— U bizning sayyidimiz, ulug‘imiz. Otasi ham otalarimizning sayyidi bo‘lgan. Eng yaxshimiz, eng olimimiz udir, — deb javob qilishdi yahudiylar.
Bu so‘zdan keyin Abdulloh berkingan joyidan chiqdi:
— Ey yahudiylar, Ollohdan qo‘rqing va sizga kelgan bu dinni qabul eting. Ollohga qasam ichamanki, siz uning payg‘ambar ekanini bilasizlar. Men uning Olloh yuborgan payg‘ambar ekaniga imon keltiraman va tasdiq etaman. Ya’ni, uni Tavrotdagi vasflari bilan taniyman va sizga ham tanityapman, — dedi.
—   Yolg‘on gapiryapsan, ey Salom o‘g‘li!
—   Sen axloqsiz, yolg‘onchisan!..
— Zotan, har doim boshimizga bir fitna chiqarib yurasan...
Har og‘izdan bu kabi ovozlar... Salgina avval «eng yaxshimiz, eng olimimiz» deya ta’riflangan ibn Salomga endi bu qadar nafratli munosabat...
Abdullohning gapi to‘g‘ri chiqdi: qanday qavm ekanlarini qisqa vaqt ichida o‘zlari isbotlab berishdi. Lisoni hollari ila go‘yo: «Bizga ishonib bo‘lmaydi. Qanday muomala qilishimizni hech kim bilmaydi. Hozir ok degan bo‘lsak, ketidan qora deyishimiz ham mumkin», degandek bo‘lishdi.
Abdullohni «sayyidimiz» deganlar go‘yo ular emas.
Rasulullohning (s.a.v.) huzurlariga imon keltirish uchun kelishmagan edi, darhakiqat, imon keltirmasdan ketishdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:42:21

* * *
Bir kuni kechasi Madinada qattiq shovqinsuron bo‘lib qoldi. Odamlar cho‘chib uyqudan uyg‘onishdi. Ayrimlar shovqin kelayotgan tarafga yugurdi. Yo‘lda Rasulullohga (s.a.v.) duch kelishdi. U zot Abu Talxaning «Mandub» degan otiga minib olgan ekanlar.
— Qo‘rkmanglar, hech narsa bo‘lgani yo‘q. Xavotir olmanglar, hech gap yo‘q, — derdilar otdan tushayotib. —Mandub mukammal ot, shamoldek yeldi o‘ziyam.
Ajablanarli hol. Axir, Mandub chopqir ot emasdi. To‘g‘rirog‘i, shu paytgacha uning tuzuqquruq yurganini ham hech kim ko‘rmagan. Balki payg‘ambar (s.a.v.) otning yomon yurishiga kesatib shunday degandirlar? Yo‘q, o‘xshamaydi. Rasulullohning bu so‘zlari takdirlovchi so‘zlar edi. U zotning so‘zlari chin haqiqat edi.
Shovqin ko‘tarilganida nima bo‘lganini bilish uchun hali odamlar yo‘lga tushmasidanoq Nabiyyi akram (s.a.v.) yaqin qo‘shnilari Abu Talxaning otiga minib, gumburlagan joyga qushdek uchib borib, bilib qaytayotgan edilar. Darhaqiqat, Mandub Rasululloh minganlarida go‘yo oyoqlari yechilib ketgandek uchdi.
Shundan keyin Abu Talxa qachon Mandubni minsa, shamol kabi yelar, chopqir bir ot bo‘lgan edi.
Kichkina Anasni payg‘ambarimizga (s.a.v.) xizmatchi qilib bergan Ummu Sulaym oilasiga Olloh tarafidan berilgan mukofotlarning bittasi shumikan, ajabo?!

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:42:45

*   * *
Masjid qurilib bitgach, payg‘ambarimiz (s.a.v.) namozni faqat o‘sha yerda o‘qiydigan bo‘ldilar. Shu paytgacha namoz vaqti kirganida qaerda bo‘lsalar, o‘sha yerda ado etardilar. Ba’zan bir xurmo daraxtining soyasida, ba’zan biror uy devori tagida, hatto ba’zi vaqtlar qo‘y qo‘ralarida ham o‘qir edilar.
Yumushlardan xoli mo‘minlar namoz vaqti yaqinlashganida masjidga kelishar, kutib turishar edi.
Ishlik mo‘minlarga, umuman, erkagu ayol barcha musulmonlarga namoz vaqtini bildirish va namozga chaqirish uchun nimadir qilishga ehtiyoj sezildi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu mavzuda sahobalari bilan maslahatlashdilar. Avval jamoat bilan o‘qiladigan namozning fazilatlari haqida gapirdilar. Keyin namoz vaqtini qanday qilib xalqqa bildirish masalasini o‘rtaga tashladilar. Kimdir qo‘ng‘iroq chalishni maslahat berdi. Boshqa bittasi, baland bir joyda olov yoqish kerak, dedi. «Nimadir chalish kerak yoki biror bayroq tikaylik», degan takliflar ham bo‘ldi. Lekin o‘sha kuni bularning hech biri maqbul ko‘rilmadi. Hozircha «Assolatu jame’a!» (Namoz jamlaydi) deb chaqirishda davom etadigan bo‘lishdi. Ammo, ma’lumki, Janobi Haq ularga kelajakda eng chiroyli bir yo‘l ko‘rsatadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:43:25

*   * *
Madinalik musulmonlardan Abdulloh ibn Zayd tush ko‘rdi. Yashil libosli bir kishi, qo‘lida qo‘ng‘iroq bor emish.
«Ey Ollohning quli, qo‘ng‘irog‘ingni menga sot», debdi Abdulloh.
«Nima qilasan?»
«Shuni chalib, xalqqa namoz vaqtlarini bildiraman».
«Men senga yanada go‘zalroq bir yo‘lni ko‘rsataman, xohlaysanmi?»
«Albatta».
«Namoz vakti kirganida baland ovoz bilan bunday deysan: «Ollohu Akbar, Ollohu Akbar. Ollohu Akbar, Ollohu Akbar, Ashhadu alla ilaha illalloh. Ashhadu alla ilaha illalloh, Ashhadu anna Muhammadarrasululloh. Ashhadu anna Muhammadarrosululloh. Hayya ‘alassolah. Hayya ‘alassolah. Hayya ‘alalfalah. Hayya ‘alalfalah. Ollohu akbar. Ollohu akbar. La ilaha illalloh».
Abdulloh uyg‘ondi. Yashil libosli kishining aytganlari aniqtiniq esida qolgan edi. Turasolib Rasulullohning huzurlariga chopdi.
— Ey Ollohning elchisi, bir tush ko‘rdim... — deya bir boshdan gapirib berdi.
Payg‘ambarimizning qalblariga bu tushning ilohiy bir ta’lim ekanini anglatuvchi rohatbaxsh bir tuyg‘u keldi.
— Inshaolloh, bu to‘g‘ri va sodik tushdir. Bilolga o‘rgat buni. Shu so‘zlar bilan namoz vaqtini e’lon etsin. Chunki uning ovozi senikidan jaranglirokdir.
Abdulloh Bilol bilan birga bir uyning tomiga chiqdilar. U tushida o‘rgangan kalimalarni aytib turar, Bilol esa, bu muborak jumlalarni jarangdor ovozda takrorlar edi:
— Ollohu akbar, Ollohu akbar...

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:43:48

* * *
Umar ibn Xattob uyg‘ongan bo‘lsada, hali to‘shakdan turmagan edi. Madina uzra «Ollohu akbar. Ollohu akbar...» sadolari tarala boshladi. Shunda u o‘rnidan sapchib turdi. Shoshilib, kiyimini kiyarkiymas eshikka qarab chopdi. Ayolining:
—   Nima bo‘ldi, ey Xattob o‘g‘li, qayoqqa shoshyapsiz? — degan savoliga ham javob bermasdan, masjidga yugurdi. Bilol azonni tugatgan ham ediki, libosining bir uchi yerga sudralgan holda Umar hansirab kirib keldi.
—   Sizni elchi qilib yuborgan Ollohga qasamki, Bilol aytgan azonni tushimda eshitdim, — dedi u.
Bu so‘zlar payg‘ambarimizni (a.s.v.) battar mamnun qilib yubordi.
— Bu ne’mati uchun Ollohga hamd bo‘lsin! — dedilar.

* * *
Rasulullohning masjidlariga ayollar ham chiqishar edi. Jamoatga qo‘shilib, namoz o‘qishardi. Payg‘ambar (s.a.v.) belgilagan tartibga ko‘ra, oldingi safda erkaklar, keyin bolalar, keyin esa, ayollar turishardi. Ko‘pgina erkaklarning kiyimlari nochor edi. Rukuga egilganlarida avratlari ochilib ketmasligi uchun ba’zilari kiyimning bir uchidan ushlab turishga majbur edi. Shu tufayli Nabiy (s.a.v.) ayollarga erkaklar rukudan turgunlaricha bosh ko‘tarmaslikni, erkaklarga esa, namoz tugab, ayollar tarqalib ketgunlaricha o‘rinlaridan qimirlamaslikni buyurdilar.
Bir suxbat orasida u Zot bunday dedilar:
— Azon aytishda va birinchi safda turishda qanchalik savob va mukofot borligini bilsalar edi, odamlar o‘zaro talashib qolmaslik uchun qur’a tashlashdan boshqa yo‘l topmasdilar. Agar namozning birinchi takbiriga yetib olishning savobini bilsalar, musobaqa qilayotgandek chopib kelgan bo‘lardilar. Xufton va bomdod namozlarida qanday ajrlarga erishishlarini bilsalar edi, emaklab bo‘lsa ham masjidga kelgan bo‘lardilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:44:21

* * *
Qubo qishlog‘ida bir-birlariga qarindosh bo‘lgan ikki oila orasida janjal chiqib, urisha boshlashdi. Bu xabar Madinaga yetib kelganida Payg‘ambar (s.a.v.) sahobalariga:
— Turinglar, o‘sha yoqqa boramiz, yarashtirib qo‘yaylik, — dedilar va bir necha sahobalari bilan yo‘lga tushdilar. Qishloqqa yetib kelgach, Amr ibn Avf urug‘larini to‘plab, ularni yaratishtirib qo‘ydilar, dardlariga hamdard bo‘ldilar.
Namoz vaqti kirgan bo‘lishiga qaramay, Payg‘ambarning (s.a.v.) hali ham qaytmaganlarini ko‘rgan Bilol Abu Bakr hazratlarining oldiga kelib:
— Ey Abu Bakr, namozni o‘qib bering, — dedi. Shundan boshqa chora ham yo‘q edi. Hazrati Abu Bakr mehrobga o‘tib, namozni boshladi. Ular namozdalik paytlarida Rasululloh ham yetib keldilar va darhol safga qo‘shilib, imomga iqtido qildilar. Payg‘ambarning kelganini sezganlar chapak chalib Abu Bakrga bildirmoqchi bo‘lishdi. U esa bu ishoratlarni sezmay, namozni davom ettiraverdi. Nihoyat, orqasiga qayrilib qarab, Rasulullohning ham namozda turganlarini ko‘rdi. Payg‘ambarimiz imomlikka o‘tib, namozni oxiriga yetkazdilar. Salom bergach, jamoatga qarata bunday xitob qildilar:
— Ey mo‘minlar, namozda siz tarafdan muhim bir ish sodir bo‘ldi — chapak chaldingizlar. Bilinglarki, chapak chalish ayollarga xosdir. Agar namozda biron narsani bildirishga ehtiyoj sezsalaring, «Subhanolloh» denglar. Shunda imom eshitib qaraydi, holatdan boxabar bo‘ladi. Va sen, ey Abu Bakr, men ishora qilsam ham, namozni tugatishingga nima monelik qildi?
Hazrati Abu Bakr odob bilan:
—Abu Kuhofa o‘g‘lining Payg‘ambarga imomlik qilishga haqki yo‘q, — deb javob berdi.
Makkada nikohi o‘qilgan Hazrati Oyisha hali ham otasining uyida edi. Hali yosh ekani sababli to‘y kechiktirilgan edi. U balog‘at yoshiga yetgach, Hazrati Abu Bakr Rasulullohga (s.a.v.) Oyishani uylariga olib ketish vaqti kelganini bildirdi. Onasi Ummu Rumon Oyishani ko‘chadan chaqirib, ayollar yig‘ilgan uyga olib kirdi.
—   Xayrli bo‘lsin, muborak bo‘lsin! — deya qutlayqutlay, ayollar uning sochlarini taray ketdilar. Keyin onasi Ummu Rumon uni qo‘lidan ushlab, Rasulullohning huzurlariga olib bordi:
—   Ey Rasululloh, bu sizning xonimingizdir. Muborak bo‘lsin! — dedi.
Ummu Rumon bir muddat turgach, payg‘ambarimizdan ruxsat oldida, uyiga qaytdi.
To‘y marosimisiz va ziyofatsiz o‘tgan bu muborak nikoh payg‘ambarimizning (s.a.v.) Madinaga kelganlaridan yetti oy keyin (shavvol oyida) sodir bo‘ldi.
Shavvol oyi Rasulullohning Hazrati Oyishaga (roziyallohu anho) uylanishlaridek saodatli hodisa orqasidan ikkinchi sevinchga yo‘l ochdi: Zubayr ibn Avvomning ayoli, Hazrati Oyishaning opasi Asmo o‘g‘il ko‘rdi. Chaqaloqni yo‘rgakka o‘rashib, Nabiyyi akram (s.a.v.) huzurlariga olib keldilar. Sultoni anbiyo payg‘ambarimiz bir xurmo olib, og‘izlarida yaxshilab chaynadilarda, chaqaloqning og‘ziga soldilar, tanglayini ko‘tarib qo‘ydilar. Keyinchalik Abdulloh ibn Zubayr nomi bilan shuhrat topadigan bu chaqaloqning og‘ziga kirgan ilk narsa payg‘ambarimizning tupuklari va chaynagan xurmolari edi.
Abdulloh hijratdan so‘ng muhojirlar orasida tug‘ilgan ilk o‘g‘il chaqaloq edi. Bundan faqatgina Zubayr oilasi emas, balki barcha musulmonlar sevindilar. Bundan buyon yahudiylarning: «Biz sizlarni sehrladik, endi sizlardan o‘g‘il bola tug‘ilmaydi», degan so‘zlarining zarracha qiymati qolmadi.
Hazrati Oyisha yangi chaqaloqqa xola bo‘lgan edi va jiyani Abdullohga qattiq mehr qo‘ydi. O’zi farzand ko‘rmadi, ammo jiyaniga bo‘lgan shu muhabbati tufayli uni «Ummu Abdulloh» deb atay boshlashdi.
Kelajakda uni bundan ham yuksak sharaf kutardi. Ulug‘ Olloh Nabiyyi akmal payg‘ambarimizning (s.a.v.) barcha ayollari qatori uni ham «Ummul mu’minin» unvoni ila mukofotlaydi.

Qayd etilgan