To'ylarimiz va chet-elda to'y  ( 80972 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 B


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:23:29

Noza:

O'zbeklarda butun umr yig'ganini 1 kunlik hursandchilikka ketkazishi bu albatta achinarli hol.
Manimcha har bir farznd o'zi yig'ib o'zi terib o'zini to'yini ko'tarishi kerak.
Yani etmoqchimanki har bir farzand o'zi ishlab pul topib, o'zini to'yini ota onasiga tashab qo'ymasdan o'zi ko'tarsa unda manimcha ancha yahshi bo'ladi.
Farzand ham qadriga etadi.
Ota onalarimizga ham oson bo'ladi.
Ota onamiz dan yordam olmaylik deganim yoq.
Ular ham qarindoshlar ham yordam berishsin albatta.
Lekin biz qarz bo'lmasdan o'zimiz ishlab hayotni qiyinchiliklarini bilib aqlu hushimizni yig'ganimizda to'y qilishimiz kerak deb o'yliman.
Ota onalar qizlarini turmushga berishga shoshadilar.
"Qizim qob ketayabdi" deb ham qo'yadilar vaholanki qizlari endigia 18-20 yoshda.
Manimcha har bir inson kelajagini o'ylagan holda, va oila byudjetiga mos qilib to'y o'tkazishi kerak!

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:23:41

maknuna:

Albatta, xalqimizda to'y bu - xursandchilik, degan gaplar bor. To'g'ri, to'y bo'gandan keyin xursandchilik bilan o'tishi kerak. lekin...
Mana shu xursandchilik ketidan keladigan xafalik kunlarning aslo keragi yo'q. Qaysar ta'kidlaganidek, xalqimizning mentalitetiga singib ketgan ba'zi tushunib bo'lmas illatlar mavjud. Aynan shu illatlar bilan bog'liq tarzda juda ko'p yosh oilalarning buzilib ketvotganini ham guvohi bo'lamiz.
Silani fikrilaga qo'shilaman, AbdulAziz etgan voqeadegidek, shu kotta to'yyi harajatini o'rniga yaqin qarindoshlarimizga yordam beriylik, odamlar gapiruradi. Bir kun gapiradi, 1 oy gapirsin, mayli, keyin tinchib ketadi. Gapirganini natijasi hech nima bo'lmaydi. Kamharjlik, o'zaro yordam natijasi esa qiyomatgachadir...
   

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:23:53

margilanets:

Assalomu aleykum!
Gaplarizga qo'shilaman.
Hozir bizi Marg'ilondayam to'ylar ancha tartibka tushyapti. Oldinlari 2-3 kunlab to'y bo'lardi. Hozir shular asta-sekin qisqarib boryapti.
Ayniqsa, to'ylarimizzi ma'ruzali o'tishi zo'r bo'ldi. Har xil dang'ur-dung'urdan shu yaxshi-ta. To'yga kegan odam o'ziga ancha ilm olip ketadi.

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:24:15

Bid’at va xurofot deyilganda biz asosan dinga doir marosimlarni nazarda tutamiz. Holbuki, xursandchilik to‘ylarimizga doir yaramas odatlarimiz ham borki, bu haqda ham bir oz munozara qilsak foydadan holi bo‘lmas. To‘ylar haqidagi gaplar me’dangizga tekkan bo‘lsa, mazkur bayonni o‘qimay yulduzchadan so‘ng keladigan fikrlarga o‘tavering.
«Alloh hammani to‘yga yetkazsin...» «Topganingiz yaxshi to‘ylarga buyursin...» - shunday deb bizlarni duo qiladilar. Biz ham boshqalarga shu saodatni tilaymiz.
Oilada go‘dak dunyoga kelgani hamon ota-ona qalbida umid ham tug‘iladi. Bu umid farzand bilan birga ulg‘ayadi. Yaratganga iltijo qilingan damlarda shu umidga yetkazish so‘raladi. Farzandning yaxshi, fayzli, nomusli oilalardan biriga kuyov (yoki kelin) bo‘lmog‘i orzusi bilan to‘y qilinadi. Bu to‘yga uzoq yillar ham moddiy ham ruhiy tomondan tayyorgarlik ko‘rilishi barchaga ma’lum. «qizingni beshikka bela, molini sandiqqa tashla», degan maqol bejiz aytilmagandir. O’g‘il tug‘ilganida yigirma tup terak ekish odati ham ana shu to‘yga tayyorgarlikning bir ko‘rinishi. O’g‘il ulg‘ayguniga qadar teraklar o‘sib, imoratbop bo‘ladi. Bo‘lajak yosh oilaga atab uy solinadi. So‘ng qarabsizki, to‘y-da...
To‘y tufayli xonadonimizga tashrif buyurajak shodlik va baxt umrining nechoqli uzun bo‘lmog‘i o‘zimizning fahmu farosatimizga bog‘liq. «qarz qutilar, xotin yonga qolar», maqoliga amal qilgan bo‘lsak, shodligimiz to‘y tugashi bilan tugab, tashvishimiz boshlanadi. Agar «Ko‘rpangga qarab oyoq uzat», hikmatidan yuz o‘girmasak, qarz tashvishi bizlarni azobga solmaydi.

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:24:22

Biz ko‘pgina tashvishlarga o‘zimiz xaridor bo‘lamiz-da, so‘ng «bizni shuncha qiynoqlarga solasanmi», deb Xudoga da’vo ham qilib qo‘yamiz. «Topganingiz yaxshi to‘ylarga buyursin», deyilmish duoni «Topgan-tutganingning barchasini bitta to‘yga sovurib yubor, yetmaganiga qarz ol», degan ma’noda tushunmaslik kerak. Ko‘ngil xohishi bilan hayot haqiqatining murosaga kelmog‘i mushkulligi unutilmasa durust. To‘ydan keyin boshlanajak hayot, turmush tashvishlari nazardan chetda qolmasa yanada yaxshi. «Ortiqcha kuchanish belni sindirar», degan maqolni yodda tutish esa donolikdir. Siz bilan biz har qancha dang‘illama to‘y qilmaylik, uning shuhrati yengil shabada ham uchirib keta oluvchi xazon kabidir. Odamlar to‘yingizni oylab-yillab eslab, madh etib yurmaydilar. Yaqinlarimiz ko‘rishganda «qalay to‘ylarning charchog‘i chiqdimi?» deb qo‘yishlari bilan hammasi tugaydi. To‘y har qancha dabdabali bo‘lmasin, kishining obro‘siga obro‘ qo‘shmaydi. Bugungi kuyov va kelinning ertangi totuv hayoti, saodat yo‘lidagi intilishi, ota-onalari, qarindosh-urug‘lari, qo‘ni-qo‘shnilariga bo‘lgan mehr-oqibati, hayo va odobi xonadonga hurmat va e’tibor keltiradi. Bilmog‘imiz joizki, manmanlik va maqtanchoqlikning eng xunuk ko‘rinishi - to‘y-marosimlarda qilinayotgan soxta saxiylikdir. To‘y bahonasida manmanliklarini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lgan qudalar havoyi polvonlarga o‘xshashadi. Kuch ham yo‘q, usul ham bo‘lmasa-da, gilamga tushgan polvonning beli singanidek, qudalarning nodonligi tufayli oilaning beli sinadi.
To‘y qilish bo‘yicha aniq tavsiyalar yo‘q, bo‘lishi mumkin ham emas. Avval aytganimizday, to‘y - ko‘ngil ishi. Ko‘ngilni esa aql boshqaradi. Yana bir gap: ko‘ngil talab qiluvchi dabdabani cho‘ntak ko‘tarolmasligi mumkin. Har bir shahar-qishloqning to‘yga hos o‘z odatlari, udumlari bor. Afsus shundaki, asosiy e’tiborni dasturxon bezashga qaratib, yaxshi urf-odatlarimizni unutilishga mahkum etyapmiz. Barcha joy uchun bir hilda bo‘lgan yaramas odatimiz - «kim o‘zar» musobaqasi. Bu musobaqaning shiori «Agar sendan ortda qolsam - qulog‘imni kesaman!» Ha, bizga aynan shu shior ma’qul bo‘lib qoldi. Aqlni ishlatib demaymizki: «Birov tomdan tashlasa men ham tashlashim kerakmi?»

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:24:29

To‘yga doir muammolar haqida oqil ustozlarimiz ko‘p va xo‘b yozganlar, gapirganlar. Yil yo‘qki, matbuotda bu masala ko‘tarilmasa. To‘y qiluvchilar bu hikmatlarni o‘qimaydilarmi, har holda o‘z bilgilaridan qolmaydilar. Demog‘ingiz mumkinki: «To‘y qiluvchi Falonchi, qiynalsa o‘ziga jabr, sizga nima?» Sirtdan qaraganda shunday. Ammo «jamiyat, uning taraqqiy etmog‘i», degan tushunchalarimiz ham bor-ku? Bugun oila quradiganlarning ma’naviy-ruhiy olamlari, madaniy darajalarini jamiyatdan ayri holda ko‘rolmaymiz-ku? To‘ylardagi isrofgarchilik jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazmaydimi? Tangri - taoloning «englar-ichinglar, ammo isrof qilmanglar», degan amrini bajarmasligimiz jazosiz qolarmikin? O’tmish donolari xazinasiga razm tashlasak, isrofga doir ko‘plab bebaho fikrlarni uchratamiz. Ayni damda shulardan birini eslamoqni lozim topdik:
«Isrof eng hurmatli oilalarni ham buzadi, eng boy xonadonlarni oqibat vayron qiladi. Eng yuqori mansablardan tuban tushiradi. Eng shuhratli nomu nasabga ega bo‘lganlarni xor-zor qiladi. Shunga ko‘ra isrofdan saqlanmoq, har bir ishda tejam, iqtisodga rioya qilmoq shartdir. Tadbir bilan sarf qilingan mol-dunyo ozaymaydi, balki ortadi. Baxil, xasis odam pulini xatto o‘ziga ham sarf qilishga ko‘zi qiymay, ochlik holida yashaydi. Isrofchi esa oxir oqibat bir tiyinga zor bo‘lib qoladi.»
Yillar osha gaplar gapirilaverildi, oqibat maxsus qaror ham qabul qilindi, biroq, avvalgi maqolada(«Bid’at nima, xurofot nima?») ta’kid etganimizday, bir oz fursat o‘tib, bu zarur qarorni unuta boshladik. Zamon yana shu masalaga qaytishni talab qilyapti. Biz ustozlardan o‘qiganimiz, dono otaxonlardan eshitganimiz asosida bir-ikki fikrni bayon qilishga ehtiyoj sezdik.

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:24:37

Ulug‘imiz Abdulla Qodiriyning dastlabki sahna asarlari «Baxtsiz kuyav» deb nomlangan. Asarning ma’nosini sarlavhadanoq anglagandirsiz? Faqat «o‘tmishda uylanajak qallig‘ini nikohdan avval ko‘rishmagan, bir yigitga qari qiz duch kelgan bo‘lsa, uning baxtsizligi shu-da», deb fikr qilmang. Asardagi kuyov bolaning baxtsizligi - to‘y tufaylidir. «To‘y» va «kasofat» tushunchalari bir-birini inkor etsa-da, mazkur voqeadagi kuyovning baxtsizligi aynan shu to‘yning kasofatidandir. Bo‘lajak kuyov - yetim. Amaki ota o‘rnida ota bo‘lib, jiyanni uylantirish harakatiga tushadi. Yaxshi xonadonning qiziga sovchi bo‘ladilar. qizning otasi «to‘y-to‘ydek bo‘lsin», degan orzuda olamjahon narsalarni talab qiladi. «Bo‘lajak oilani qiynamaslik kerak, dabdabali to‘yning hojati yo‘q», degan nasihatlarga quloq solmaydi. Kuyov bolaning amakisi uyatga qolmaslik uchun bu talablarga ko‘nadi. Oqibat otadan qolgan hovli-joy garovga qo‘yilib, ko‘p miqdorda qarz olinadi. Kuyov qarzni vaqtida berolmaydi. Sudxo‘r hovli-joyni tortib olajagini bildirganda, kuyov «bu kunimdan o‘lganim yaxshi», deb joniga qasd qiladi. Buni ko‘rgan kelinchak ko‘ziga dunyo tor ko‘rinib, u ham o‘zini o‘zi o‘ldiradi.
Ta’sirli tarzda, nasihat yo‘sinida bitilgan bu asarda bayon etilgan voqea yuz yilning nari-berisida bo‘lib o‘tgan. Ajabkim, to‘yda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik haqida unda aytilgan gaplar bugunga hamohang bo‘lib turibdi. To‘y egasiga qilingan nasihatlarning shamolga qarshi qichqirish kabi samarasiz ketishi ham yuz yilni oralab bizning kunimizgacha yetib kelibdi. To‘g‘ri, hozir ko‘p joylarda «qalin» degan tushuncha yo‘q. Ammo uning o‘rniga yozilmagan, ammo bajarilishi shart bo‘lgan turli-tuman qoidalar mavjud. Bu qoidalar badavlat oilalar tomonidan tez-tez o‘zgartirilib turiladi. Agar kelin tomonga to‘y yuborilganda avval bitta qo‘y berilgan bo‘lsa, serhimmat birodarlarimizdan biri juft qila qoldi. So‘ng uning yoniga buzoq qo‘shildi. Agar ilgari bitta sandig‘u bitta javon bilan oila qurish mumkin bo‘lgan bo‘lsa hozir «mebel» degani paydo bo‘ldi. Avval faqat yotoq uchun olingan bo‘lsa, endi uning yoniga mehmonxona, oshxona mebellari ham qo‘shildi. «Farzandimning ko‘ngli cho‘kmasin», deb ota-ona jonini jabborga berishga majbur. «Mebel» otliq hashamni Toshkentda kelin tomon qiladi. Boshqa yerlarda kuyov olishi kerak. Bir xonadonda to‘yga tayyorgarlik boshlangan edi. qiz tomon «mebel»ni olib kelib o‘rnatmoqchi bo‘lganida, kuyov tomon «ie, mebel chet elniki emas ekan-ku?» debdi. Shu gap tufayli to‘y buzildi, desak, ishonmassiz. Siz ishoning bu bo‘lgan voqea. Ana endi o‘zimizga savol beraylik: yigit «mebel»ga uylanadimi, yo qiz «mebel»ga turmushga chiqadimi? Shu matoxni deb to‘yni orqaga surishlar ham mavjud-ku? Bunga nima deymiz? qo‘polroq bo‘lsa ham javobimiz shu: bu - aqlsizlikning o‘zginasidir!

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:24:44

O’rni kelganda aytib o‘taylik: ota-ona to‘y harakatini boshlaganida avvalo o‘z imkoniyatini chamalab ko‘rishi va shunga qarab marosimning darajasini, o‘tkazish tartibini belgilab olishi lozim. Undan so‘ng farzandning tarbiyasida shu masalaga ham joy berilishi shart. Ya’ni, dabdabadan, demakkim, kibrdan qochishning savobligi, birovlarga qarab ko‘ngilning cho‘kishi yaxshi emasligi, oila qurmoqlik faqat dabdabali to‘ydan iborat bo‘lmasligi, oila saodatini to‘yning shuhrati emas, to‘ydan keyingi totuv hayot belgilashi haqidagi haqiqatlarni farzandning ongiga singdirishga uriniщ kerak. Aybsitmasangiz misolni o‘z oilamdagi voqeadan keltirsam: agar kuzatsangiz «ZAGS» deb atalmish marosimda kelinnikiga keluvchi avtomashinalarning rusumi, sanog‘i bolalarni qiziqtiradi. Kaminaning o‘g‘li ham bir-ikki «falonchinikiga uchta «Mersedes», o‘nta «Volga» keldi», degan xabarlarni aytardi. Bir kuni shunday xabardan so‘ng «uch-to‘rt yildan so‘ng Xudo xohlasa seni uylantiramiz. Sen ham shunday mashina karvoni bilan kelinnikiga borasanmi?» deb so‘radim. O’g‘lim va u kabi o‘smirlar uchun avtomashinalar karvoni majburiy qoida kabi ko‘rinishi tabiiy. Chunki hamma shunday qilyapti. «Falonchining qiziga «Limuzin» kelibdi...» degan shov-shuvlar shamolday uchib yuradi. O’smir ota-onasidan shunday marhamat kutadi yoki orzu qiladi. Shuni bilgan holda kamina o‘g‘ilga «Xudo to‘yga yetkazsin, ammo biz bunday qilmaymiz. Nikohni ro‘yhatdan o‘tkazish uchun turnaqator bo‘lib borilmaydi, vakilni to‘yxonaga taklif etamiz», dedim. Bu gapimdan o‘g‘limning ajablanishini, ranjishini bilardim. Turnaqator avtomashinalar egalariga to‘lash uchun ortiqcha mablag‘im yo‘q, desam ehtimol tushunardi. Lekin bunga moddiy imkoniyat bo‘la turib rad etilishi o‘smirni lol qoldirdi. Shundan so‘ng bu kabi odatlar manmanlik ekani, manmanlik esa gunohligini tushuntirganday bo‘ldim. Bu suhbatdan so‘ng o‘g‘lim avtomashinalar karvoni haqida gapirmay qo‘ydi. Ammo ich-ichida armon mavjudligini bilardim va shuning uchun vaqt-bemahal ko‘chada ko‘rganim karvonlar haqida o‘zim gap ochardim va bu odatning yaxshi emasligini ta’kidlardim. Shuning barobarinda san’atkorlardan yaqinlarim ko‘p bo‘lsa-da, faqat bitta yoki ikkitasini taklif etish niyatimni ham bildirib turardim. Shu zaylda oradan bir necha yil o‘tib Xudo bizni ham to‘yga yetkazdi. Sovchilar kelin bo‘lmishning uylariga bordilar. Oraga vositachi odam qo‘ymay to‘y tartibi haqida o‘zimiz gaplashaylik, degan taklifimiz quda tomonga ma’qul tushib, mahallamizning oqsoqoli bilan bordik. Kamina orzu qilinayotgan to‘yning tartibini bayon etdim. Nikoh ro‘yxatidan o‘tishga bormaslik, «charlar», so‘ng esa «kuyov chaqirdi», «quda chaqirdi», deb atalmish marosimlarni o‘tkazmaslik haqidagi taklifimiz ularni bir oz o‘ylantirdi, bamaslahat javob qilajaklarini bildirishdi. Shukrki, qudalarimiz ham, kelinimiz ham buni to‘g‘ri tushundilar. Orzu qilgan to‘yimiz bir kunda chiroyli tarzda o‘tdi, isrofdan qochganimiz uchunmi, Olloh yoshlarimizning baxtini berdi.

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:24:53

Endi bugungi to‘ylarimiz xususida bir-ikki so‘z aytsak: bizlarda yo u tomonga yoki bu tomonga keskin og‘ish odatimiz bor. Bugungi kunda «Islomiy to‘y» degan tushuncha paydo bo‘ldi va buning tarafdorlari to‘ydagi o‘yin-kulguni mutlaqo rad etadilar. Keling, shu tarzdagi to‘ylarning tarixiga bir nazar tashlaylik: to‘ydan maqsad - faqat xursandchilik emas, balki shar’iy, qonuniy nikohdan atrofdagilarni boxabar qilib qo‘yishdir. Sahobalardan biri shar’iy tarzda uylanganlarini xabar qilganlarida payg‘ambarimiz alayhissalom «Bir taom tayyorlang-da, qo‘ni-qo‘shnilaringizni chorlab, nikohdan ogoh etib qo‘ying», degan ekanlar. (Albatta, islomdan avval ham har joyning va dinning o‘ziga hos to‘y marosimi bo‘lgan.) Maqsad shuki, odamlar bularni ko‘rsalar «falonchining o‘g‘li bilan pistonchining qizi nomaqbul yurishibdi», degan nojo‘ya xayolga bormasinlar. Ulamolar yetkazgan hadisga ko‘ra, payg‘ambarimiz alayhissalom bir yerga kirib borayotganlarida qo‘shiq aytayotgan ayol, ashulani uzib salavotga o‘tganida, janobimiz «avvalgi qo‘shig‘ingni aytaver», degan ekanlar. Shunga ko‘ra musulmon mamlakatlardagi to‘ylarda qo‘shiqdan voz kechmaganlar. Ammo bu masalada bizda sal quyushqondan chiqilishi afsusli holdir.
Mastalastlik bilan behayo ashulalarni aytishlik, behayo qiliqlar bilan raqsga tushishlik, o‘rtada shodlanib o‘ynayotgan qiz-juvonlarga kayf aralash hirs bilan tikilishlik kabi illatlarni ma’qullay olmaymiz. Axir o‘ylab ko‘raylik: to‘ydan shodlanib raqsga tushayotgan qiz yoki juvon kimningdir suyukli farzandi, kimningdir jufti-haloli. Bu tikilishning yoki mast holda yoniga tushib o‘ynashning yomon oqibatlarini ko‘rib turamiz-ku?!
   

Qayd etilgan


Margilanets  06 Sentyabr 2006, 06:25:01

To‘ylardagi ichkilik ichish alohida bir masala. Bir tanishim to‘y qilib, o‘g‘lini uylantirdi. Bu bilan zimmasidagi burchini ado etgandek bo‘ldi. «Etgandek bo‘ldi», deb kesatishimga asos bor. Aytmoqchimanki, burchni bajarish ikki hil bo‘ladi: birinchisi - atrofidagi odamlarning roziligi, xursandligi uchun. Ya’ni, bir to‘da yeb-ichib, maishat qilib ketsa bas. Halol-haromning farqiga borilmaydi. Savob-gunohning nima ekaniga ham e’tibor berilmaydi. Buning oqibati ma’lum: bugun farzandining oilasidagi notinchlikdan behalovat bo‘layotgan ota-onalar bu tashvishning ildizini topmoq uchun to‘yni qanday o‘tkazganlari, burchlarini qanday ado etganlarini o‘ylab ko‘rsalarmikin? Ikkinchi burch Yaratganning roziligi uchun ado etiladi. Ya’ni haromdan («harom»ning ma’nosi - ta’qiqlash, man etishdir), gunohdan ehtiyot bo‘linadi. Yangi oilani muazzam bir uy deb tasavvur etsak, uning poydevorida halollik yotsagina baquvvat bo‘ladi. Tuz betonni yeb ado etganidek, avval boshda aralashgan harom asta-sekin umr saroyi poydevorini kemiradi.
Bu gaplar shunchaki xayol mahsuli emas, balki hayotdagi voqealar yuzaga chiqargan haqiqatdir. Bayon qilayotgan tanishimiz badavlat emas, dabdabali to‘y qilishga qurbi yetmaydi. Aksincha, qarz-havoladan umid qiluvchi odam. Kamina unga qarz ko‘tarmasdan osongina to‘y qilishning yo‘lini aytdim. Aslida bu yo‘lni men o‘ylab topmaganman. Oltmishinchi yillarga qadar barcha shu hilda to‘y qilgan. Keyin «komsomol to‘yi» deb nomlanmish kasofat - bema’ni bazm kashf qilinib, harajatlar ko‘paygandan ko‘paydi. Bugungi kelib «komsomol» degan narsa yo‘qoldi. Biroq, uning nomi bilan yuzaga kelgan to‘y shakli saqlanib qoldi. Asl o‘zbek to‘yidagi yor-yor, tortishmachoq kabi ajoyib odatlar o‘rnini mast-alast qiyqiriqlar egalladi. Urush-janjal, ba’zan qotillik ham shu yangi to‘yning mevalari ekani hech kimga sir emas. Afsuski, bularni bilib tursak-da, bilmagandek hotirjam yuraveramiz.
Xullas, tanishim aroqsiz to‘y qilishdan uyaldi. Mahalla ahlidan uyaldi. Ularning «to‘yiga aroq qo‘ymabdi», degan malomatidan qo‘rqdi. Aroqni man etgan Zotdan qo‘rqmadi, uyalmadi. Lekin o‘z fikricha, savob ishga ham qo‘l urdi: to‘y arafasida «xudoyi» deb atalmish ehson qildi. Endi «xudoyi» dasturxoni bilan bazm dasturxonini bir-biriga solishtirsangiz savobning miqdorini chamalay olarsiz. Olloh bandasining dasturxoniga muhtoj emas. Aksincha banda Yaratganning marhamatiga muhtoj. O’sha bazmda so‘zlovchilar yoshlarga baxt tilashadi. Kimdan? Baxtni kim beradi? Baxt beruvchi «ichma» degan narsani ichsagu yana undan tilak tilasak berarmikin? Bu tomonini o‘ylamaymizmi?

Qayd etilgan