YOLG’ON DO’ZAXGA YETAKLAYDI
«Ey Odam farzandi! Yaxshilik qil, chunki yaxshilik jannat kaliti va jannatga yetaklovchidir. Yolg‘ondan chetlan, chunki u do‘zax kaliti va do‘zaxga yetaklovchidir.
Ey Odam farzandi! Bilginki, bino qilgan narsang ham, umring ham xarob bo‘lish uchun, jasading tuproq bo‘lish uchun, to‘plagan narsang merosxo‘rlar uchundir. (Topgan) noz-ne’matlaring o‘zingdan o‘zgalar uchun, hisobi esa sening zimmangda, jazo va pushaymonlik ham senikidir. Amal qabrdagi hamrohing. Hisobga tortilishingdan oldin o‘zingni hisob qil. Toatimni mahkam ushla. Menga gunoh qilishdan saqlan. Berganlarimga rozi bo‘l, shukr qiluvchilardan bo‘l.
Ey Odam farzandi! Kim kulib turib bir gunohni qilsa, yig‘lagan holida jahannamga kiritaman. Kimki qo‘rqinchimdan, o‘tirib yig‘lasa, kulgan holida uni jannatta kiritaman.
Ey Odam farzandi! Qancha boylar bor, hisob kuni kambag‘allikni orzu qilib qolishadi. Qancha zolimlar bor, o‘lim ularni xor qilgan. Qancha shirin narsalar bor, o‘lim ularni achchiq qilgan. Bergan ne’matimdan qancha sururga to‘lishlar bor, o‘lim ularni g‘amga botirgan. Qancha shodliklar bor, uzun qayg‘uni meros qoldirgan.
Ey Odam farzandi! Agar hayvonlar sizlarning o‘lim haqida bilganlaringizni anglaganida edi, yeyish-ichishdan tiyilib, och va chanqoq holda o‘lib ketardi.
Ey Odam farzandi! Senga o‘lim va uning shiddati taqdir qilingan ekan, bas, endi senga na kechasi, na kunduzi orom bo‘lmasligi kerak. Ulim shunchalik ekan, o‘limdan keyingi, o‘limdan ham qattiqroq (azoblar) qanday bo‘ladi?!
Ey Odam farzandi! Oxiratda yetadigan ne’matlaring bor ekan, o‘lim sirini orqangda bil. Boy bergan savob ishlaringga afsuslan. Dunyodan keladigan narsaga shodlanma, qo‘ldan ketganiga g‘am chekma.
Ey Odam farzandi! Seni tuproqdan yaratdim, tup-roqqa qaytaraman va yana tuproqdan qayta tiriltiraman. Dunyo bilan vidolash, o‘limga hozirlik ko‘r. Bilgin, agar Men bir bandani suysam, u haqda dunyoga xabar beraman, u bandamni oxirat uchun amal qildiraman, unga dunyoning ayblarini ko‘rsatib qo‘yaman. Keyin u dunyoning ayblaridan saqlanib, jannat ahlining amalini qiladi. So‘ngra uni O’z rahmatim bilan jannatga kiritaman. Agar bir bandamga g‘azab qilsam, uni O’zimdan chalg‘itib, dunyoga mashg‘ul etaman, faqat dunyo uchun ishlaydigan qilaman. Oqibat u do‘zax ahlidan bo‘ladi. Keyin uni jahannamga kiritaman.
Ey Odam farzandi! Barcha umr o‘tkinchi, garchi u uzun bo‘lsa ham. Dunyo kun og‘ayotgan paytdagi soyaga o‘xshaydi, ozgina (turadi-da), keyin ketadi, sen tomon qaytmaydi.
Ey Odam farzandi! Men seni yaratgan, rizq bergan, tiriltirgan, o‘ldiradigan va yana tiriltiradigan, hisobga tortadigan Zotdirman. Yomonlikni bilding, ko‘rding, shunday bo‘lsa ham, o‘zingdan biror zararni daf etolmaysan. Na o‘zingga foyda keltirishga, na o‘limni (kechiktirishga), na hayot ato etishga, na qayta tiriltirishga qodirsan.
Ey Odam farzandi! Menga itoat et, Menga xizmat qil, rizq uchun g‘am chekma. Rizqingga Men kafilman. Kafillikka olingan narsaning tashvishini yelkangga ortma.
Ey Odam farzandi! Senga taqdir qilinmagan va sen yeta olmaydigan narsani qanday ustingga yuklaysan?! Shuningdek, qilmagan amalning savobini ham olmaysan.
Ey Odam farzandi! Yo‘li o‘lim bo‘lgan kishi qanday dunyoga xursand bo‘jshi mumkin?! Qabr uyi bo‘lgan kishi qanday qilib dunyo hovlisidagi uyida shodmon bo‘lishi mumkin?!
Ey Odam farzandi! Ozgina rizqing bo‘lib, shukrli bo‘lishing rizqing ko‘p bo‘lib, noshukr bo‘lishdan yaxshiroqdir.
Ey Odam farzandi! Molingning yaxshisi (oxirat uchun) taqdim qilganingdir. Molingning yomoni dunyoda qoldirgan molingdir. O’zing uchun (o‘zingdan oldin) yaxshilikni jo‘nat. Senga o‘lim kelishidan avval o‘sha yaxshi amalingni huzurimda topasan.
Ey Odam farzandi! Men g‘amgin bo‘lganlarning g‘amini arituvchi, istig‘for tilaganlarni mag‘firat qiluvchi, tavba qilganlarni qaytaruvchi, yalang‘ochlarni kiyintiruvchi, xavfda bo‘lganlarni xavfdan asraguvchi, ochlarni to‘ydiruvchi Zotdirman. Agar bandam Menga itoat etsa, buyrug‘imga rozi bo‘lsa, uning ishini oson qilib, unga yordam beraman, qalbini ochib qo‘yaman.
Ey Muso! Kim kambag‘allar va yetimlar moli bilan boyisa, Men uni dunyoda kambag‘al qilib, oxiratda azoblayman. Kim kambag‘al va zaiflarga jabru sitam qilsa, uning uyini xaroba holida qoldirib, o‘ziga do‘zaxdan maskan qilaman. «Darvoqe, bu (pand-nasihatlar) avvalgi (payg‘ambarlarga nozil bo‘lgan) sahifalarda - Ibrohim va Muso sahifalarida ham bordir» (A’lo, 18-19).