Mavlono Fazliddin oldida ochiq turgan tarhlarga g‘amgin ko‘z tikib:
— Ha, taqdir bizni notavon qilib yaratmishdir, — dedi. Ovozi keksalarnikidek g‘ijirlab eshitilganini o‘zi ham sezdi-yu, qo‘shib qo‘ydi: — Men endi qarib qoldim. Qirg‘inlar, to‘polonlar, fatoratlar bilan umrim o‘tdi. Lekin nahotki bu hammasi uzluksiz davom etaversa? Axir bir men emas, o‘nlab zakovatli olimlar, hunarpeshalar, shoirlar jaholat dovuli bilan Movarounnahru Xurosondan quvilmishlar. Ilgari qora kuchlar bizni Andijondan quvsalar, Samarqanddan panoh topar edik. Samarqand johillari kun bermasalar Hirotdan najot izlar edik. Endi Andijonu Samarqand ham, Buxoroyu Hirot ham — barchasi ko‘chmanchi sultonlaru diniy adovatlar dovulidan zir titramoqda. Dovul uchirgan xazonday vatanidan quvilgan qancha ma’rifatlik olimu san’atkorlar, qancha nodir iste’dodlar behuda hayf bo‘lib ketmoq¬dalar. Bizning vatandan ayrilishimiz — daryoning o‘zanini yo‘qotib, dashtu biyobonga toshib chiqib ketishiga o‘xshaydir. Amudaryo bir vaqtlar shu kuyga tushgan ekanu to o‘ziga yangi yo‘l solib, boshqa bir dengizga borib qo‘yilguncha u yoqdan-bu yoqqa bosh urib, toshib yurgan ekan. Biz ham umr bo‘yi u yoqdan-bu yoqqa bosh urib munosib o‘zanimizni topolmaymiz. Endi bu kajraftor falak hech bo‘lmasa farzandlarimizga rahm qilsin! Biz bo‘lmasak, bular o‘zlariga munosib o‘zan chopib, yangi bir madaniyat dengiziga borib quyil¬sinlar!
Umr bo‘yi o‘z ijodiy rejalarini amalga oshirolmay kuyib yurgan iste’dodning bu alamli nidosi Xonzoda begimni titratib yubordi.
— Mavlono, faqat siz emas, Bobur mirzo ham o‘zanini yo‘qotgan daryodek bezovtalar!
— Bilamen, taqdir ul hazratga ham o‘gaylik qilmishdir!