453/4. Oishadan (r.a,) rivoyat qilinadi. Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yomg’ir yog’mayotganidan shikoyat qilishganida, u zot namozgohga bir minbar qo’yishni buyurdilar va u yerga chiqishga va’da berdilar. Quyosh ko’rina boshlaganida chiqib, minbarga o’tirdilar, Allohga takbir va hamd aytdilar, so’ng: «Sizlar diyoringiz qurib, yomg’ir kechikkanidan shikoyat qilyapsizlar. Alloh taolo sizlarga duo qilishni buyurib va uni ijobat etishni va’da qilgan», dedilar va:
«Alhamdu lillahi robbil ‘alamiyn. Arrohmanir rohiym, maliki yavmiddiyn, la ilaha illallohu yaf’alu ma yuriyd. Allohumma antallohu la ilaha illa antal g’oniyyu va nahnul fuqorou anzil ‘alaynal g’oysa vaj’al ma anzalta lana quvvatan va balag’on ila hiyn» (Olamlar rabbi Allohga hamd bo’lsin. U rahmon va rahim sifatli zotdir, qiyomat kunining podshosidir. Allohdan boshqa iloh yo’q, u xohlagan narsasini qiladi. Ey Rabbim, Sendan boshqa iloh yo’q, Sen boydirsan, bizlar kambag’almiz. Bizga yomg’irni yog’dir va yomg’iringni bizga quvvat va uzoq vaqtga yetadigan qil), degan duoni o’qidilar. So’ngra qo’llarini ko’tarib duo qilishda bardavom bo’ldilar, hatto qo’ltiqlarining oqi ko’rindi. So’ngra insonlarga orqalarini qilib, ridolarini yaxshilab tuzatib oldilar-da, qo’llari ko’tarilgan holda odamlarga yuzlandilar va tushib, ikki rak’at namoz o’qidilar. Shunda Alloh taolo bulutlarni keltirdi, momaqaldiroq gumburlab, chaqmoq chaqdi. So’ngra Allohning izni bilan yomg’ir yog’di. Masjidlariga yetmasdan turib, sel oqa boshladi. Kishilarning uylariga shoshayotganlarini ko’rib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulib yubordilar, qoziq tishlari ko’rinib ketdi. Keyin:
«Ashhadu annalloha ‘ala kulli shay`in qodiyr, va anniy ‘abdullohi va rosuluh» (Guvohlik beramanki, Alloh har bir narsaga qodir va men Allohning quli va rasulidirman), dedilar. Abu Dovud rivoyatlari
Istisqo namozi hayit namoziga o’xshab o’qiladi va shu tarzda xutba qilinadi. Unda Allohga takbir, hamd va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovot aytiladi. Iloji boricha istig’for ko’paytiriladi va:
«Istag’firu robbakum innahu kana g’affaro, yursilis sama`a ‘alaykum midroro» (Parvardigoringiz Allohdan mag’firat so’ranglar, albatta, U o’ta mag’firatli bo’lgan zotdir. (Shunda) U zot ustlaringizga osmondan yomg’ir quydirur) (Nuh surasi, 10 — 11), oyatlari o’qiladi.
Umar (r.a.) agar yomg’ir so’rasalar, duolarining aksari istig’for bo’lar edi.