forum.ziyouz.com
Ilm va ziyo => Ma'rifat => She'riyat => Mavzu boshlandi: shoir 31 Iyul 2008, 14:38:36
-
XXI asr she'riyati:
Hotam Rahim
TOG‘ QOYALARI
Go‘yo ko‘kka qadam qo‘yaman asta,
Vujud yashnar qoya ustida.
Bu keng zamin poyondoz misol,
Qolib ketar oyog‘ ostida.
Kengliklarga hayrat-la boqib,
Quvonaman ichimdan, ammo —
Ammo qushlar uchar balandda,
Men oyog‘i ostida go‘yo.
-
OY NURLARI
Oy nurlari asta xonamga,
Kirib kelar ibolangancha.
Ul makriga ishondi go‘yo,
Va aldandi qo‘riqchi archa.
Shiddat bilan shabboda esar,
Shovqin-suron ko‘tarar u — on.
Nurlar shosha-shosha berkinar,
Yig‘lar sag‘ir bulut va osmon.
Men-ku dardning azobin tortib,
Bexabarman ko‘k durlaridan.
Shamol qurg‘ur to‘kib ko‘z yoshim,
Voh, ayirdi oy nurlaridan.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.