— Qanaqa qopqonga tushganimni bilmay turibman, aka, — dedi gardanini qashib. — Haydar aka deganlari, bilmayman, odammi yo ho‘kiz-po‘kizmi... Gapga tushunmaydi. Ho‘kizga «xo‘-o‘sh!» desangiz tushunadi, buningiz tushunmaydi. O‘zi jimittakkinayu havosi devdak. Bir xil paytlarda mijib tashlagim kelyapti. Boshqalari ham shunaqa bo‘lsa, ranjimangu aka, bular minan mening chatag‘im yo‘q.
— Ha, nima bo‘ldi o‘zi?
— Men Asad akaga ham to‘g‘risini aytganman. Urish-o‘ldirish mening kasbim emas. Haydar aka tunovinda bir ish topshirdi. Aka-ukalarning kimdandir qarzi bor ekan. Ikkovini tutib kelishdi. Ukaga aytildi-ki, uch soatda pul bo‘lsin, yetkazib kelmasang, akang o‘ladi. Men sodda, buni po‘pisa deb o‘ylabman. Uch soatda pul kelmagach, akani urib, mijib qo‘yasan, deb menga buyruq berdi. «Urmayman», dedim. To‘g‘ri-da, uni tanimasam, bilmasam. Puli yo‘qdirki, vaqtida bermagandir. Yo‘q, tushuntira olmadim. Boshqalar urib ketishdi. Men uni ajratib oldim.
— Bekor qilibsiz. Ular balki sizning himoyangizga arzimas.
— Nega unday deysiz? Pul uchun ham odamni shunday urish mumkinmi?
— Mumkin. Pulning qanchaligini bilmadingizmi? Bu aka-uka kimnidir kuydirgan. Bularning qo‘lida pul aylanib turishi kerak. Aylanmasa «o‘lik pul» deyishadi. Garovda million so‘ming turibdi nimayu millionta murdaning egasi bo‘lding nima, farqi yo‘q. Ular orasida «pul jigar qonidan bo‘lgan» degan aqida yuradi. Pul uchun qotil yollab, eng yaqin odamini ham o‘ldirtirib yuborishdan qaytishmaydi. O‘sha siz rahm qilgan aka-uka, bugun qarzdan qutulib, ertaga birovni qarz qilib, xuddi shu holga soladi.