Mubashshir:
Sog'inmadingmi?...
Maqom berdi Hazrati inson,
Zikr uchun shirin bir lison,
Qani endi bizdagi vijdon,
Sen Robbingni sog'inmadingmi.
Qalb tubiga bir bor nazar sol,
Iymon yig'lar,g'arib bemajol,
Sabr ila kutar Zuljalol,
Sen Robbingni sog'inmadingmi.
Nafsing gunoh dashtida kezar,
Jannatni Haq bizlarga bezar,
Buni qachon yuraging sezar,
Sen Robbingni sog'inmadingmi.
Ko'zing nurin kim ato etdi,
Loydek jisming kim aziz etdi,
Nahot aqling boshingdan ketdi,
Sen Robbingni sog'inmadingmi.
Sog'inarsan jufting, onangni,
Eslaysanmi, ahdli sanangni,
Robbim Alloh degan va'dangni,
Sen Robbingni so'ginmadingmi.
Qolmoqchisan dunyoda qancha,
Man-man degan o'tdilar ancha,
Insof bormi senda zarracha,
Sen Robbingni sog'inmadingmi.
Almisoqda ahdni bergandik,
Biz shaytonni dushman bilgandik,
Muhammadga ummat bo'lgandik,
Sen Robbingni sog'inmadingmi.
Tuproqdan yaraldik, asli tuproqmiz,
Haqni Qudrat qo'lida ojiz yaproqmiz,
Ibodatga butun,loyiq, yaroqmiz,
Sen Robbingni sog'inmadingmi...