1835/29. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Isrofil alayhissalomning surga ikki marta puflashlari orasidagi farq qirqdir», deganlarini eshitgan sahobalar: «Ey Abu Hurayra! O’shanda Rasululloh (s.a.v.) qirq kun, dedilarmi?» deyishdi. Abu Hurayra (r.a.): «Bilmasam», dedilar. Ular: «Qirq yilmi?» deyishdi. Abu Hurayra (r.a.): «Bilmasam», dedilar. Ular: «Qirq oymi?» deyishdi. Abu Hurayra (r.a.): «Bilmasam», deb, keyin yana: «Insonning barcha a’zosi yo‘q bo‘lib ketib, faqat dumg‘azasi chirimay qoladi. Ikkinchi bora qayta yaralish ana shu a’zo asosida bo‘ladi. Keyin Alloh taolo osmondan suv tushiradi. Insonlar ana shu suv sababli xuddi ko‘katlar o‘sgani kabi unib chiqishadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
1836/30. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) majlislarning birida gapirib tursalar, bir a’robiy keldi-da, «Qiyomat kuni qachon?» deb so‘rab qoldi. Rasululloh (s.a.v.) (uning gapiga parvo qilmay) so‘zlashda davom etaverdilar. Ba’zilar: «Rasululloh (s.a.v.) uning gapini eshitdilar-u, lekin ma’qul ko‘rmadilar», deyishdi. Ba’zilar esa: «Eshitmadilar, shuning uchun so‘zlashda davom etdilar», deb fikr bildirishdi. Qachonki, Rasululloh (s.a.v.) so‘zlashdan to‘xtaganlarida: «Qiyomat haqida so‘rayotgan qani?» dedilar. Haligi so‘ragan kishi: «Men edim, ey Allohning rasuli», dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar omonat zoe etilsa, qiyomatni kutaver», dedilar. U kishi: «Nechuk zoe bo‘ladi?» degan edi, Rasululloh (s.a.v.) «Agar ishlar uning ahli bo‘lmagan kishilar qo‘liga topshirib qo‘yilsa, qiyomat kunini kutavergin», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.