Hojar suvdan ichdilar va farzandlarini emizdilar. Farishta Hojarga: «Halok bo‘lib ketishdan qo‘rqmang! Chunki kelajakda bu yerda Alloh uchun bir uyni bu bola va uning otasi bino qiladi. Albatta Alloh o‘z ahlini halok qilmaydi», dedi. Ilgari Baytulloh tepalikda edi. Sel oqizgudek bo‘lsa, o‘ng va chap tarafidan o‘tib ketar edi. Ana shu muddatda davom etdi, hattoki Jurhum jamoasidan yoki qabilasidan bir toifa kishilar Kado nomli tomondan kelayotib, Makkaning pastki tomoniga tushishgan edi, qanot qoqib turgan qushlarni ko‘rishdi. Va: «Albatta qushlar suv bor joylarda aylanishadi. Bizlar ko‘pdan beri bu vodiydan o‘tar edik, ammo suv bo‘lmas edi», deyishdi. Keyin bir yoki ikki elchini bilib kelish uchun yuborishdi. Ular borib qarashsa, suv bor ekan. Qaytib kelib suv borligi xabarini berishdi. U qabila Zam-zam oldiga borishsa, Hojar turibdilar. Shunda ular: «Mana shu yerdan manzil qilishga ijozat berasizmi?» deb so‘rashdi. Hojar: «Ha, ijozat beraman. Lekin suv (xususida men xo‘jayinman). Sizlarning bunda haqqingiz yo‘qdir», dedilar. Ular bu shartga ko‘nib «Xo‘p», deyishdi. (Rasululloh (s.a.v.): «Hojarning ularga yashashlari uchun izn berishlariga sabab bu ayol tanho yashab hamrohlarga muhtoj bo‘lganlari uchundir», dedilar.) Keyin ular ahli-bolalarini olib kelish uchun odam jo‘natishdi. Ular olib kelinib o‘sha yerga joylashtirildi. Shunday qilib, u yerda xonadonlar paydo bo‘ldi. Ismoil alayhissalom yigit bo‘lib, ulardan chiroyli tarzda arab tilini o‘rgandilar. Voyaga yetganlarida o‘sha qabilaga marg‘ub va mahbub bo‘ldilar. Bu zotdagi yetuklikni bilishganidan keyin o‘zlaridagi bir ayolga uylantirib qo‘yishdi.
Hojar vafot etib, Ismoil alayhissalom uylanganlaridan keyin Ibrohim alayhissalom qoldirib ketgan xotinlari va o‘g‘illaridan xabar olgani keldilar. Lekin o‘g‘illari Ismoilni topa olmadilar. Kelinlaridan Ismoil alayhissalom haqida so‘ragan edilar, kelinlari: «Bizga rizq axtarib yoki ov qilish uchun chiqib ketdilar», dedi. Ibrohim alayhissalom kelinlaridan: «Yashashlaringiz va boshqa holatlaringiz qalay?» degandilar, kelinlari: «Biz yomon holatdamiz, juda ham qiynalib yashamoqdamiz», deb shikoyat qildi. Ibrohim alayhissalom: «Agar ering kelsa, mening nomimdan salom yetkaz va yana darvozasi ostonasini almashtirishini ham aytgin», dedilar. Ismoil alayhissalom qaytganlarida, kimdir kelganini sezdilar va xotinlaridan: «Biror kishi keldimi?» degandilar, xotinlari: «Ha, bunday sifatli bir qariya kelib, siz haqingizda so‘radi. Men siz haqingizda xabar berdim. Keyin yashashimiz haqida so‘ragan edi, men qiynalib yashayotganimizning xabarini berdim», dedi. Ismoil alayhissalom: «Biror narsa dedilarmi?» degandilar, xotinlari: «Ha, sizga salomlarini yetkazmoqni va darvozangiz ostonasini almashtirishingizni buyurdilar», dedi. Shunda Ismoil alayhissalom: «Bu kishi otam edi. Sendan ajrashishni buyuribdilar. Sen ota-onangnikiga borib yashagin», deb uning talog‘ini berdilar va o‘sha qabiladagi boshqa bir ayolga uylandilar. Alloh xohlaganicha fursatdan keyin Ibrohim alayhissalom yana o‘g‘illari huzuriga keldilar. Lekin o‘g‘illarini yana topa olmadilar. Kelinlaridan Ismoil alayhissalomning qaerga ketganliklarini so‘radilar. Kelinlari: «Rizq axtarib ketdilar», dedi. Otalari: «Qandaysizlar?» deb ularning yashashlari haqida so‘radilar. Kelinlari: «Allohga (hamd) va sano bo‘lsinki, yaxshi, mo‘l-ko‘l yashayapmiz», dedi. Ibrohim alayhissalom: «Taomlaringiz nima?» deb so‘ragan edilar, kelinlari: «Go‘sht», dedi. «Ichimliklaringiz nima?» deganlarida, kelinlari: «Suv», dedi. Ibrohim alayhissalom: «Allohim, ularning go‘shtlari-yu suvlariga baraka ato qil», deb duo qildilar. (Rasululloh (s.a.v.): «O’sha kuni ularda bug‘doy yo‘q edi. Agar bo‘lganda, unga ham baraka tilab duo qilardilar. Agar suv va go‘sht uzluksiz Makkadan boshqa joyda yeyilsa, sog‘liq uchun zararlidir (lekin duo barakotidan Makkada unday emas)», deb aytdilar.)