1881/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Birinchi jannatga kiruvchi jamoat tundagi to‘lin oy ko‘rinishida bo‘ladi. Keyingilari esa nur sochish jihatidan yaltiroq yulduzdan ham kuchli bo‘ladi. Ular peshob ham, katta hojat ham, tupuk ham, balg‘am ham chiqarishmaydi. Ularning taroqlari tillodan bo‘ladi. Terlari mushk kabi bo‘ladi. Tutatadigan narsalari xushbo‘y shoxchalardan bo‘ladi. Xotinlari shahlo ko‘zli hurlar bo‘ladi. Jannatdagilarning shakllari xuddi otalari Odam osmonda oltmish gaz bo‘lgani kabidir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Ikkovlarining boshqa rivoyatlarida shunday keltiriladi: «Jannatdagilarning idishlari tillodan, terlari esa mushk kabi bo‘ladi. Har birlarida ikkitadan xotin bo‘ladi. Ularning chiroylari shundayki, go‘shtlari orasidan oyoq iliklari ko‘rinib turadi. Ularning o‘rtasida ixtilof ham, adovat ham bo‘lmaydi. Qalblari bir kishining qalbiga o‘xshaydi. Ular ertayu-kech Allohga tasbeh aytishadi».
1882/4. Mug‘iyra ibn Sho‘‘badan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Muso alayhissalom Rabbilaridan jannatdagi eng martabasi past kishi haqida so‘raganlarida, Alloh taolo: «U shunday bir kishiki, jannat ahli jannatga kiritilgandan keyin keladi. Va unga: «Jannatga kir», deb aytiladi. U: «Ey Rabbim! Qanday kiraman, barcha odamlar o‘z joylarini egallab, oladigan narsalariga erishib bo‘lishibdi-ku?» deydi. Unga: «Dunyodagi podshohlarning mulkidek narsa senda bo‘lishiga rozimisan?» deyilsa, u: «Roziman, ey Rabbim», deydi. Alloh: «Senga o‘sha kabi, o‘sha kabi, o‘sha kabi, o‘sha kabi», deb beshinchisini aytganida, u kishi bunga rozi bo‘ladi. Alloh: «Bu aytilgan narsalar o‘n barobar qilib berildi», deydi. Va yana: «Nafsing tusagan va ko‘zing zavq oladigan narsalar senga berildi», deydi. U kishi: «Rozi bo‘ldim», deydi. Muso alayhissalom: «Ey Rabbim, jannatdagi eng yuqori martabali kishilar kim?» deganlarida, Alloh taolo: «Ular shunday bir toifa kishilarki, O’zim ularni xohlaganman, ularga ko‘rsatiladigan karam-izzat O’z qo‘lim bilan ekilgandir. U narsaga muhr urib qo‘yganman. U narsalarni ham biror ko‘z ko‘rmagan. Biror quloq eshitmagan. Biror kishining diliga ham kelmagan», deb ayt di». Imom Muslim rivoyati.