Abu Hurayra rivoyat qiladi:
— Rasululloh (s.a.v.) dedilarki:
— Qiyomat kuni insonlar terlaydilar, terlari hatto yetmish quloch yerning ostigacha shimiladi, so‘ng ter yer uzra ko‘tarila-ko‘tarila, og‘izlarni bekitadi, quloqlargacha yetadi.
Uqba ibn Omir (Rasuli akram s.a.v.ning sahobalaridan. Hijriy 2 yil, milodiy 624 yilda yuz bergan Badr jangining g‘oziylaridan biri) rivoyat qiladi: Alloh Rasuli (s.a.v.) aytadilarki: - Qiyomat kuni Quyosh Yerga yaqinlashadi, insonlar terlaydi. Ba’zilarning teri to‘piqlariga qadar ko‘tariladi, ba’zilariniki boldirining yarmisigacha, ba’zilariniki tizzalarigacha, ba’zilariniki sonigacha, ba’zilariniki qo‘ltig‘ining tagigacha, ba’zilariniki og‘zigacha (Alloh Rasuli (s.a.v.) shunday deganda qo‘li bilan imo qilib og‘zini bekitganday bo‘lardilar) yoki boshigacha (Alloh Rasuli (s.a.v.) bu gal qo‘llari bilan boshlariga urardilar)...
O’yla, ey tanbal inson, ahli mahsharning terlashiyu azoblarini! U kuni insonlarning ba’zilari Allohga tinimsiz:
— Yo Rabbim, meni bu iztiroblardan va bu kutishlardan qutqar, olovga tushsam ham mayli!.. - deb nido qilib yolvoradilar.
Bu uqubatlarning barchasi hali hisob ko‘rilmasdan va azobga duchor qilinmasdan oldin ro‘y beradi. Sen ham bir jonzotsan, terlaring qaeringgacha ko‘tarilishini bilmaysan.
Shuni yaxshi bilib qo‘yki, Alloh yo‘lida haj qilmoq, jihod etmoq, ro‘za tutmoq, namoz o‘qimoq, bir musulmon birodaringning ehtiyojini qoplamoq uchun charchamoq, yaxshilikka unda shu, yomonliqdan qaytarish uchun zahmatu mashaqqatga aralashmoq tarzida ter to‘kmagan bo‘lsang, to‘kmagan bu teringni qiyomat kunining uyatga botiruvchi va qo‘rqituvchi mahshar maydonida to‘kasan. U yerda g‘amgin onlaring uzayadi. Agar odamzod jaholatdan, g‘ururdan (kibrdan) qutulgan bo‘lsaydi, dunyoda Alloh yo‘lida bo‘lish qiyomat kuni ter to‘kib qiynalishlar va kutishlardan yengilroq ekanligini va vaqg nuqtai nazaridan qisqaroq ekanligini ko‘rar edi. Evoh, u kun shunday bir kundirki, bergan azobu uqubati ham katta, muddati ham benihoya uzundir.