— Yetarli moylamagansan. Molning chanqog‘ini tomizg‘ichdagi tomchi suvlar bilan qondirib bo‘ladimi?
— Bizning ish Maskovning qo‘lida edi. Ularni chelaklab ham sug‘orib bo‘lmas ekan.
— Bo‘lmaydigan ish yo‘q bu dunyoda, To‘xtaev! Nima uchun Moskva senlarga yopishdi, bilasanmi?
— Yo‘q, bilmayman.
— Otam rahmatli aytib berardilar. Urush mahalida ikkita o‘zbekka bitta miltiq berisharkan. «Bittang o‘lsang, ikkinching olib otaverasan», deyisharkan. Otalaring shunga ham ko‘nishavergan. Senlar ham otalaringga o‘xshagan laqmasanlar. Ahil emassanlar. Bir-birlaringni sotishni yaxshi ko‘rasanlar. Kozyol2 ham ko‘proq senlardan chiqadi. Senga o‘xshagan sovxoz direktori boshqa yerda yo‘qmi? Muttaham, poraxo‘r hamma yerda to‘lib yotibdi. Bunaqalar Armanistonda yo‘qmi? Be, senlardan ko‘ra ko‘proq u yerda. Lekin Gobelyan u yoqqa bormaydi. O’zinikiga tegmaydi. Senlarning yarmingni qirib tashlasa ham g‘ing demaysanda. Qani, Gorbach armanilarga tegib ko‘rsin-chi! Moskvangning oyog‘ini osmondan qilib yuborishadi. Senlar esa... — Tengiz hafsalasi pir bo‘lib qo‘l siltadi. — Senlar mishiqlaringni oqizib, «tuhmatdan qamaldim», deb yig‘lab yuraverasanlar. Endi gap shu, bilmasang bilib ol: men — o‘g‘riman! Ochiqda yurganingda mendag‘alardan nafratlarding, a?
— Yo‘q... nega?
— Talmovsirama. Biz — o‘g‘rilar, senlarning nazarlaringda eng pastkash odamlarmiz. Aslida esa, senlar pastkashsanlar. Biz o‘g‘rimiz, bu bilan faxrlanamiz. Bilib qo‘y: eng halol odamlar bizlarmiz. Shuning uchun ham odamlar taqdirini hal qilish huquqiga faqatgina bizlar egamiz. «Chestnyaga» degan so‘zni eshitganmisan? Ana o‘shalar bizlarmiz. Bizda halollikdan bir enlik ham nari-beri chekinilmaydi. Do‘stga xiyonat yo‘q. Kim bunga jur’at etsa — boshi ketadi. Senlarda halollik bormi? Sadoqat bormi? Yo‘q! Hech narsa yo‘q! Oldingda ikki yo‘l bor: agar tirik qolsang, o‘n to‘rt yildan keyin uyingga borasan. Umring qisqa bo‘lsa, shu yerda o‘lib ketasan. Bilib qo‘y, bu yerlarda ilonlar ko‘p. Bir chaqishda o‘ldiradi. Agar xizmatimizni bekamu ko‘st qilsang, seni ilonlardan o‘zimiz qo‘riqlaymiz.