Mehmon uzoqlashgach, barakning darchasidan xojasini kuzatib o‘tirgan Pachoqburun o‘rnidan turdi-da, yelkasiga paxtaligini ilib, tashqariga chiqdi. Gulxan tomon borsammi, yo yo‘qmi, degan o‘yda bir necha nafas turdi-da, so‘ng «biron amri bordir», degan o‘yda xojasi tomon yurdi.
Tengiz ro‘parasidagi g‘o‘lachaga o‘tirgan Pachoqburunga bir qarab oldi-yu, indamadi. Gapirish o‘rniga amrni ijro etmoqni afzal biluvchi Pachoqburun bekorga qarab o‘tirmaganini bildirib qo‘yish uchun so‘z aytdi:
— Jmura1, — dedi u so‘ng ovozini balandlatib qaytardi: — jmura! — so‘ziga xojasi tomondan e’tibor bo‘lmagach, qo‘shimcha qildi: — yelkanlarini poralab tashlash2 kerak.
Tengiz uning bu hukmini eshitib, unga o‘qrayib qaradi.
— Og‘zingni yum!3 — Tengiz shunday deb chirt etib tupurdi-da, «Bikovatiy»4 deb ming‘irlab qo‘ydi. Tengiz bu «unvonni» tez-tez ishlatardi. Ovoz chiqarib aytgan mahallari ham ko‘p bo‘lardi. Bu qamoq lageriga kelib, «taxt»ga o‘tirgan onida Pachoqburunni «xos navkarlik»ka tavsiya etayotgan Qo‘tos «o‘zi bikovatiy bo‘lgani bilan ishimizga sadoqati zo‘r», deb ta’riflagan edi. Tengiz ta’rifning ikkinchi qismini qo‘yib, birinchi bo‘lagiga e’tiborini qaratgan edi. Ba’zan shunday to‘nkaga ro‘para bo‘lgani uchun taqdiridan nolib qolardi. Ammo tur desa turib, o‘ldir, desa o‘ldirib keluvchi odamning ong darajasi bundan ortiq bo‘lmasligini bilgani uchun ham chidar edi.
Pachoqburunning hozir ro‘paraga kelib o‘tirishi yoqmadi, g‘ashiga tegdi.
— Sen juchoklarga tayinla, bundan uzoqroq yurishsin. Ammo har bir qadamini kuzatishsin. Aytib qo‘y, kim bunga yaqinlashsa, tramvayga qo‘yiladi.
— Xo‘p, — dedi Pachoqburun mutelik bilan.
— Gapimni eshitdingmi?! — dedi Tengiz zardali ohangda.
— Eshitdim. Hammasiga aytaman.
— Eshitgan bo‘lsang, tuxum bosib o‘tirmay, tur o‘rningdan!
Pachoqburun kelib o‘tirgani xojasiga yoqmaganini anglab, o‘rnidan turdi-da, barak tomon yurdi. Ostona hatlay deganda orqadan ovoz keldi:
— Menga Hamzatni topib kel!