Qatralar. 4-qism
Xayr, ey Mohi Ramazon!Sen bilan xayrlashganimizga ancha bo'lgan bo'lsa-da, sendan ayrilgim yo'q,sevimli Mohi Ramazon!
Bilasanmi,sen tufayli bir oy mobaynida ko'nglim xotirjam,ruhim orom oldi.
Senga necha marta minnatdorchilik bildirsam ham oz.Sababi,sen bizga bergan narsani hech kim va hech nima berolmaydi.Ey oylar sayyidi, har bir saharlik qilganimdagi quvonchni,har iftorlik qilgandagi dasturxon atrofidagi aytiladigan bir-biridan ajoyib hikmatlar... Eh,bu onlar qanchalik oz bo'lsa, shunchalik foydali va masrur onlarni taqdim etgandi.
Sening sharofating ila necha-necha iymonli kishilar suhbatidan bahramand bo'ldim.Ular bilan seni bizga farz qilgan Allohimga hamdlar aytganimiz kechagidek esimda.
Biz tomonlarga qilgan bir oylik safaring bizga yillarga tatigulik yaxshiliklar,savob amallar,ajrlarga erishishimizga kifoya.
Mana,Ey Mohi Ramazon, sen bilan yana bir yilga xayrlashyapman.Yo'q, bu xayrlashish emas,senga aytadigan eng so'nggi so'zim: Keyingi yil diydorlashguncha...