Solihov supadagilar bilan salomlashib, qariyalardan biri tilovat qilgach, ikkinchisi unga guldor, yupqa xitoyi piyolada choy uzatdi.
Mezbonlar Solihovni ko‘ngil so‘rab, ta’ziya bildirgani kelgan odam deb o‘ylashgan, lekin, tanimay turishgan edi. Solihov ma’noli qarashlardan buni darrov sezdi. Oradagi noqulay vaziyatni ko‘tarish uchun o‘zini tanitdi.
— Marhumning yaqinlaridan so‘raydigan gaplarim bor edi. Ishimiz shunaqa, ko‘ngilga olmaysizlar. Vaqt o‘tishini kutib tura olmaymiz.
— Qani, inim, dasturxonga marhamat qiling. Avval taom, so‘ngra kalom, deganlar. So‘ng, mana, Yo‘lchivoy bilan bafurja suhbat quraverasiz. Yo‘lchivoy — rahmatli Siddiqbekning pushti kamari, — dedi choy uzatgan qariya.
— Inna lillahi va innaa ilayhi roji’un.1 Ollohning marhamati shu-da, musofirlikda olmay, o‘z yurtida oldi jonini. Shunisiga ham shukr qilish kerak. «Yurtimga kelvoldim, bu yoqdagi hayotim endi foydaga qoldi», derdi rahmatli.
— Sizlar qarindoshmisizlar? — deb so‘radi Solihov, choydan ho‘plab.
— Aslida-ku... begonamiz, ammo musofirlikda qarindoshdan afzal bo‘lib ketganmiz. Qashqarda nasibamizni terib yeganmiz.
— Sharipov... Siddiqbek aka qachon ketganlar bu yerlardan?
— Lenin o‘lmasidan ancha avval, derdi rahmatli.
— Sababini bilmassizlar?
— E, inim, sababini o‘zingiz bilasiz-ku? Otamizda bitta sigir bo‘lsa ham «boy» deb, «unsur» deb dag‘dag‘a qilishgan. Rahmatli Siddiqbek ham boshqalarga qo‘shilib ketvorganlar. Mana, Yo‘lchivoy o‘shanda yo‘lda tug‘ilgan ekan.