SAVOL: Umar ibn Xattob raziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Bir kuni Rasululloh sollalohu alayhi va sallam bilan o`tirgan edik. shu payt oppoq, kiyingan, qora sochli hech birimiz tanimaydigan bir kishi tog`ri Rasululloh sollalohu alayhi va sallam oldilarigakelib, tizzalarini u kishining tizzalariga tekkizib o`tirdi va qo`llarini qo`yib so`radi: ..... " Hadisni davom ettiring, payg`ambarimiz Rasululloh sollalohu alayhi va sallamning oldiga kelgan kim edi?
Umar (r.a)dan: «Bir kuni biz Rasululloh (s.a.v) huzurlarida o‘tirganimizda banogoh oldimizga oppoq kiyimli, tim qora sochli, ustida safar izlari ko‘rinmaydigan, oramizda ham hech kim uni tanimaydigan bir kishi chiqdi va Payg‘ambar (s.a.v) oldilarga borib o‘tirdi. Tizzasini (Rasululloh (s.a.v) tizzalariga taqab, ikki qo‘lini (o‘zining) sonlariga qo‘yib, dedi:
- Ey Muhammad! Menga Islom haqida xabar bering!
Rasululloh (s.a.v) dedilar:
- Islom Allohdan o‘zga iloh yo‘qligi hamda Muhammad alayhissalom Allohning Rasuli ekanligiga guvohlik berishing, namozni barpo qilishing, zakotni ado qilishing, Ramazonda ro‘za tutishing va agar qodir bo‘lsang, Baytullohni haj qilishingdir.
Haligi kishi:
- To‘g‘ri aytdingiz! dedi.
Biz uning ham so‘rab, ham tasdiqlab qo‘yayotganiga hayron bo‘ldik.
- Menga iymon haqida xabar bering!
- Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Payg‘ambarlariga va Oxirat kuniga ishonishing hamda taqdirning yaxshisi-yu yomoniga (barchasining Alloh tarafidan ekaniga) iymon keltirishing.
- To‘g‘ri aytdingiz! - deb, yana so‘radi:
- Menga ehson haqida xabar bering!
- Allohga xuddi Uni ko‘rib turgandek ibodat qilishing, agar ko‘rmayotgan bo‘lsang, U seni ko‘rib turibdi.
- Menga Soat (Qiyomat kuni) haqida xabar bering.
- U haqda so‘ralayotgan kishi so‘rovchidan ko‘proq bilguvchi emas.
- Uning alomatlari haqida aytib bering.
- (Uning belgilari shuki) cho‘ri o‘zining ho‘jayinini tug‘adi va o‘zlari yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al bo‘lgan qo‘yboqarlar faxr va riyo uchun bino qurayotganini ko‘rasiz.
So‘ng haligi kishi ketdi. Men (o‘sha kishi haqida so‘ramay) ancha muddat kutdim. Keyin (Rasululloh (s.a.v) mendan so‘radilar:
- Ey Umar! Bilasanmi, o‘sha so‘rovchi kimligini?
- Alloh va Rasuli biluvchiroq!
- U kishi — Jibriyl alayhis-salom, sizlarga diningizni ta’lim bergani kelgan edilar, - dedilar».
Muslim rivoyati..