Abdulla Oripov. Saylanma  ( 167469 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:14:29

YOLG‘IZ ASKAR

Botir ko‘kragidan o‘q yedi bir kun,
Vo, orqam! - dediyu tortdi cho‘ng na’ra.
Yov taraf so‘radi: - Orqam, deb nechun
Oh chekding, ko‘ksingdan ochdik-ku yara.

Botir shivirladi: Men - yolg‘iz askar,
Yo‘qsa, ustimga ot sololmasdingiz.
Orqamda do‘stlarim bo‘lganda agar
Ko‘ksimni nishonga ololmasdingiz.
1989

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:14:41

OXIRAT

Nimadandir g‘ashdir ko‘ngillar,
Tikanakka burkanmish gullar.
Boqqa nogoh adashib kirsang,
G‘azab bilan sayrar bulbullar.

Qonga to‘lmish Mirrixning ko‘zi,
Ummonlarning sachraydi tuzi.
Allaqachon bol tommas tildan,
Shoirlarning zaqqumdir so‘zi.

Yo‘lga boqsang ko‘ringaydir jar,
Go‘daklarning tushida ajdar.
Tuni bo‘yi yigitlar bedor,
Yostiqlarin tagida xanjar.

Bilib bo‘lmas _ kimda bor imkon,
Olag‘ovur mahshardir zamon.
Ne qilarin bilmay hayratda
Dengiz kabi qalqir olomon.

Xabar bordir na do‘st, na yordan,
Na do‘stu yor, balki, diyordan.
Yolg‘iz Hazrat mehrob qoshida
Madad tilar parvardigordan.
1990

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:14:51

BAXTSIZ FARISHTA

Ma’sum farishtalar - go‘daklar bari
Bulutlar ustida uchib yuribdi.
Jannatning hayotbaxsh shabbodalari
Parquv qanotlarin yelpib turibdi.
Kunlari kechardi baxtli va shodon,
Abadiy rohatga barchasi noil.
Faqat bir farishta yashardi nolon,
Faqat bir farishta qayg‘uga moyil.
Sira yozilmasdi ko‘ngil chigili,
Munglig‘ ko‘zlarida dunyoviy alam.
Taskin berolmasdi behishtning guli,
Taftin bosolmasdi kavsar suvi ham.
Bir kun so‘radilar: - Ma’yussan nechun
Axir sen - begunoh, sen yaxlit savob!
Bolakay farishta uh tortdi uzun,
So‘ng sekin shivirlab, ayladi javob:
- Meni ota-onam ketgandi tashlab,
Do‘zaxda yonmoqda ular beomon.
Shul sabab g‘amginman, ko‘zimni yoshlab
Ularga tilayman shafqat va imon.
1990

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:15:00

YULDUZ QAZOSI

Qazo qildi ko‘kda bir yulduz,
Koinotda aza ochildi.
Uzoq-yaqin dunyolarning o‘z -
Ta’ziya toshlari sochildi.

Qora kiydi bir nafas quyosh,
Mung‘aygancha Oy qaltiradi.
Zuhra yulduz berolmay bardosh
Ko‘zlarida yosh yaltiradi.

Ular kimga dillarin yorar,
Cheksiz zulmat o‘ngu so‘lida.
Tobutni jim ko‘tarib borar
G‘uj bo‘lgancha Somon yo‘lida...
1990

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:15:15

YURAGIMNING TUBIDA BIR NOM

Yuragimning tubida bir nom,
Takrorlayman ohista:
Niyatingga yetib yur mudom,
Ko‘z tegmasin senga, Shohista.

Men shoirman, forig‘ qil aybdan,
Bayon etsam ko‘ngil maylini.
Ajab emas, Alisher g‘aybdan
Ko‘rgan bo‘lsa senda Laylini.

Ismin yozsa chaqnasin qalam,
Bosgan izing gullarga to‘lsin.
Seningdayin pariro‘y sanam
Bir Majnunga muborak bo‘lsin.

Yuragimning tubida bir nom,
Takrorlayman uni ohista.
Niyatingga yetib yur mudom,
Ko‘z tegmasin senga, Shohista.
1990

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:15:29

* * *

Turfa tuyg‘ularni xush ko‘rdim g‘oyat,
Dunyoning o‘zi ham rangin nihoyat!
Boqma ajablanib satrlarimga,
Baxtim rivoyatdir, g‘amim hikoyat...
1990

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:15:38

SABABLARI QIDIRILMOQDA

Odamlar och,
Kolbasa lekin
Kuchuklarga yedirilmoqda.
Sharh etamiz bu holni sekin:
Sabablari qidirilmoqda.
O’ldirmoqda aka-ukani,
Oilalar yemirilmoqda.
Sababini kim aytar, qani?
Sabablari qidirilmoqda.
Samolyotni opqochdi birov,
Norozilik bildirilmoqda.
Javobimiz tayyordir darrov:
Sabablari qidirilmoqda.
Yer yuzidan katta bir davlat
Shitob bilan sidirilmoqda.
Biz-chi majlis qilamiz faqat:
Sabablari qidirilmoqda.
1990

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:15:51

* * *

Dunyoning g‘alati yo‘rig‘iga boq,
Kimga aysh tashnayu kimga dor mushtoq
Lekin hammasidan ma’no bittadir:
Qurbon oldin ketar, jallod keyinroq.
1991

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:15:59

* * *

Shudgorda qarg‘alar to‘dasin ko‘rsang,
Sira ajablanma, bo‘lma hangu mang.
Sen yerni ag‘darib, shudgor qilgan chog‘
Yuzaga chiqqandi qurtu chuvalchang.
1991

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:16:10

* * *

Bahor! Sendan xushnud jami kor ahli
Xususan shod erur xoksor ahli.
Chunki tashrifingdan dil erib, zora,
Odamga o‘xshasa amaldor ahli.
1991

Qayd etilgan