«Qachonki Madyan suviga yetib kelgach, bir to‘p odamlarning hayvonlarini sug‘orayotganini ko‘rdi va ulardan boshqa (qo‘ylarini suvdan) qaytarayotgan ikki ayolni ko‘rdi. U: «Sizlarga nima bo‘ldi?»dedi. Ular «Cho‘ponlar qaytmagunlaricha sug‘ora olmaymiz, otamiz qari chol», dedilar. Bas, ikkovlariga (hayvonlarni) sug‘orib berdi. So‘ngra soyaga qaytdi va «Ey Robbim, albatta menga tushirajaging har bir yaxshilikka muhtojman», dedi. Bas, ikkovlaridan biri hayo bilan yurib kelib: «Otam senga bizlarga sug‘orib berganing haqqini berish uchun chaqirmoqda», dedi. Qachonki unga kelganida va qissani aytib berganida, u: «Qo‘rqma, zolim qavmlardan najot topding», dedi» («Qosos», 23-25)
Qariya qizlarining taklifiga ko‘ra Muso alayhissalomni ishga yollamoqchi bo‘ladi. U Muso alayhissalomga buni quyidagi tarzda bildirdi:
«... Menga sakkiz yil ishlab berishing sharti bilan, shu ikki qizimdan birisini senga nikohlab bermoqchiman, agar o‘n yilni tamomlasang, bu sening ishing. Men senga mashaqqat qilishni istamasman. Inshaalloh, meni solih kishilardan ekanimni ko‘rasan» («Qosos», 27).
Kelishilgan muddat tugagach Muso alayhissalom ahli ayollarini olib yo‘lga tushadilar. Tur tog‘iga yaqinlashganda, uzoqdan olov yonib turganini ko‘radilar. Ahli ayollarini o‘sha yerda qoldirib, olov ko‘ringan tarafga qarab ketadilar. U yerga yaqinlashgach Alloh tomonidan «Ey Muso» degan nido keldi. So‘ngra Alloh taolo:
«Albatta, Men, O’zim olamlarning Robbi Allohdirman» deydi. («Qosos», 30).