Umayr ibn Sa’d masjidga borib, Payg’ambar alayhissalomga Julos ibn Suvayddan eshitgan gaplarini oqizmay-tomizmay aytib berdi.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam uni o’z huzurlarida qoldirib, ashoblarlidan birini Julosni chaqirib kelish uchun yubordilar. Ko’p o’tmay Julos keldi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga salom berib, ro’paralariga o’tirdi.
- Umayr ibn Sa’d bizga yetkazgan gaplirni qanday tushunish kerak?
Shunday deb Payg’ambar alayhissalom o’rtadagi gaplarni zikr qildilar. - U yolgon aytibdi, yo Rasululloh. Mening og’zimdan bu gaplarning birontasi ham chiqqani yo’q, - dedi pinak buzmay Julos.
Atrofda to’planib turgan sahobalar xusumatlashuvchlarning qay birlari rost, qaysilari yolg’op so’zlayotganini bilib olishni istaganday, nazarlarini goh unisiga, goh bunisiga ko’chirardilar. Pichir-pichir avjiga chiqdi. Qalbida munofiqlik marazi bo’lgan kishilardan biri baland ovoz bilan:
- Bu bola oqpadar ekan. Tuzini yeb, tuzlig’iga tupirish deb shuni aytadilarda, - dedi.
Boshqalar inkor qilishdi:
- Yo’q, bu bola Allohning toatida o’sgan. Yuzidanoq to’g’ri so’zlayotgani ko’rinib turibdi.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam Umayrga boqdilar. Uning yonoqlari qip-qizarib ketgan, ko’zlaridan shashqator yosh oqar, yelkalari silkinib-silkinib, tinmay "Robbim, rasulingga mening haqligimni anglat"¦ Robbim, rasulingga mening haqligimni anglat...", deb pichirlardi.
Bir ikkita munofiqning qo’ltig’iga suv purkashidan ruhlangan Julos:
- Yo Rasululloh bu bola menga tuhmat qilyapti. Keling, har kim haqligini isbotlash uchun qasam ichsin. Men Allohning nomi bilan qasam ichamanki, Umayr sizga yetkazgan gaplarning birontasini ham aytganim yo’q,— dedi.
Odamlar bab-baravar nigohlarini Umayr ibn Sa’dga ko’chirdilar, lekin hali u og’zini ochib ulgurmasidan Rasululloh sallollohu alayhi vasallam vahiy qabul qiladigan paytdagi holatlariga tushib qoldilar. Hamma nafasini ichiga yutib, tek qotdi. Atrofga pashsha uchsa bilinadigan jimlik cho’kdi.
Shunda Julosni xavotir bosib, ko’zlari ola-kula bo’lib ketdi. Umayrning ko’zlarida esa, aksincha, quvonch uchqunlari porlay boshladi.
Payg’ambar alayhissalom o’zlariga kelgach, yangi nozil bo’lgan, "Allohning nomi bilan aytmaganliklariga qasam ichadilar, holbuki kufr kalimasini aniq aytdilar va islomga kirganlaridan so’ng kofir bo’ldilar", deb boshlanadigan oyatni to "Agar tavba qilsalar, o’zlariga yaxshi bo’lur. Agar yuz o’girsalar, Alloh ularni alamli azob bilan azoblar", degan joyigacha o’qidilar.
Julos hozirgina yangragan oyatlarning nechog’lik haqqoniyligidan titrab-qaqshab ketdi. Avvaliga qo’rquvdan tili kalimaga kelmay qoldi. So’ng Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga yuzlanib:
— Men tavba qilaman, yo Rasululloh, tavba qilaman. Yolg’onchi menman, Umayr rost aytgan edi. Allohga duo qiling, tavbamni qabul qilsin, yo Rasululloh, qurboningiz bo’lay,—deb yolvorishga tushdi.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam quvonch ko’z yoshlari iymon nuri ila yo’g’rilgan yuzini yuvayotgan Umayr ibn Sa’dning quloqlarini muborak qo’llari bilan tutdilar va erkalatib cho’zgan bo’ldilar-da:
— Quloqlaring seni uyaltirib qo’ymadi, bolakay. Buni robbing tasdiqladi,—deb qo’ydilar.
Shu voqeadan keyin Julos islomga uzil-kesil kirdi. Sahobalar uni keyinchalyk ham Umayrga ko’p yaxshiliklar qilganini eslashadi. Qachonki Umayrning nomi tilga olinsa, kamoli minnatdorlik ila "Alloh unga mening nomimdan mukofot bersin. U meni kufr iskanjasidan qutqarib, do’zax olovida jizg’anak bo’lishimdan saqlab qoldi", deb yod etardi.
Bu voqea — sahobiy Umayr ibn Sa’dning umri mobaynidagi eng yorqin lavha emas, balki uning hayoti bundan ko’ra yorqinroq va ajoyibroq hodisalar bilan to’lib-toshgan
Hozir esa sizlar bilan to Umayr ibn Sa’dni yigitlik davrida ko’rguncha xayrlashamiz.