Fir'avn xonadonidagi mo'min kishi.
1. Fir'avn xonadonidagi mo'min kishi.
Fir'avn Muso alayhis-salomni o'ldirmoqchi bo'ldi.
"(Shunda) Fir'avn xonadonidan bo'lgan, o'zining iymonini yashirib yuradigan bir mo'min kishi dedi: - "Bir kishini "mening Robbim Allohdir, degani uchun o'ldirurmisizlar?!" holbuki u sizlarga Robbingiz tomonidan aniq hujjatlar keltirgandir".
- Nima uchun Musoga qarshi chiqyapsiz, unga ozorlar berayapsiz?! Agar iymon keltirmasangizlar ham, mayli, uni tinch qo'yinglar. Indamanglar, o'z yo'lida ketaversin. "Agar u yolg'onchi bo'lsa, yolg'oni o'z bo'yniga. (Ammo) agar rostgo'y bo'lsa (u holda) sizlarga u (kofirlar uchun) va'da qilayotgan (azoblardan) ayrimlari etib qoladi-ku! Albatta Alloh haddan oshguvchi, yolg'onchi kimsalarni hidoyat qilmas".
- Aziz og'alarim! Bu kun siz molu mulkingiz, kuch-quvvatingiz va behisob askarlaringiz bilan mag'rurlanib, aldanib qolmangiz.
"Ey qavmim, bugun-ku mulku davlat sizlarniki, mana shu erda g'olibsizlar. Endi agar Allohning azobi kelar bo'lsa kim bizlarga (undan najot topishimiz uchun) yordam berur?!" Fir'avn aytdi; "Men sizlarga faqat o'zim ra'y qilayotgan narsani (ya'ni Musoni o'ldirishni) maslahatinigina ko'rsataman va men sizlarni faqat to'g'ri yo'lga etaklayman".
Mo'min kishi qavmini zolimlarning oqibati naqadar yomon bo'lishini aytib ogohlantirmoqchi bo'ldi.
Iymon keltirgan kishi dedi: "Ey qavmim haqiqatan men sizlarning ustingizga ham xuddi Nuh qavmi, Od, Samud (qavmlari) va ulardan keyingi (kufr yo'lini tutgan) kimsalarning ishi tushib qolishidan qo'rqaman. Holbuki, Alloh o'z bandalariga zulm qilishni istamas (ya'ni Alloh o'sha jamoalarni halok qilishi bilan ularga zulm qilgani yo'q, balki ular o'zlarini kufru tug'yonlari sababli halokatga mustahiq bo'ldilar)"
Mo'min kishi ularni dahshatli qiyomat kuni bilan qo'rqitardi.
U kun qanday kun bo'lishini bilasizmi?!
"U kunda kishi o'z og'a-inisidan ham, onasi va otasidan ham, xotinu bola-chaqasidan ham qochur! (Chunki) ulardan har bir kishi uchun u kunda o'ziga etarli tashvish bo'lur".
"Do'stlar u kunda bir-birlariga dushmandir. Magar taqvo egalarigina (bunday emaslar)".
"U kunda ular o'rtasida nasablar bo'lmas va (ular) bir-birlaridan so'ramaslar".
U kunda barcha narsaning egasi, yakka-yu yagona podshoh nido qilur:
"Bu kun mulk-egalik kimniki?!
"Yagona va Qahhor Allohnikidir".
U kunda borliq dahshat ichida qoladi. Insonlar dod-voy solib bir-birlarini yordamga chaqiradilar, o'zlaricha do'zax azobidan qochib qutulmoqchi bo'ladilar. Lekin, Alloh azobidan asrab-to'sib qolguvchi biron panoh topilmas!
"Ey qavmim, haqiqatan men sizlar haqingizda (kishilar bir-birlariga) nido qilib qoladigan kundan (ya'ni qiyomat kunida do'zax azobiga duchor bo'lib, dod-voy qilib qolishingizdan) qo'rqurman".
"U kunda sizlar (jahannam dahshatlaridan) yuz o'girib qochursizlar, (ammo) sizlar uchun Alloh(ning azobidan) saqlovchi-to'suvchi bo'lmas".
"Kimni Alloh yo'ldan ozdirsa, bas uning uchun biron hidoyat qiluvchi bo'lmas".
Alloh sizlarga ne'mat ato etganida, uning qadriga etmadingiz. Qachon o'sha ne'mat yo'qolgan edi, afsus-nadomat chekdingiz. Yusuf alayhis-salom kelganida uni tan olmagan edingiz, qadriga etmagan edingiz.
Lekin u dunyodan o'tib ketgach, "Unaqa payg'ambar, unaqa adolatli shoh, unaqa ulug' inson yo'q edi", deya nadomat chekkansiz.
Sizlar "Endi Yusufdaqasi bo'lmaydi", deb pushaymon qilgansiz.
"Darvoqe ilgari Yusuf sizlarga (o'zining payg'ambar ekanligini isbotlaydigan) aniq hujjatlar keltirganida ham, u sizlarga keltirgan narsalardan shubha-gumon qilib turib olgan edinglar. To qachon u halok bo'lganida esa: "(Endi Yusufdan) so'ng Alloh hargiz payg'ambar yubormas, dedinglar".
Xuddi shuningdek, mana shu payg'ambardan keyin ham afsuslanib qolasizlar.