Payg'ambarlar qissasi (Bolajonlar uchun)  ( 123477 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 19 B


ZUBAIR  14 Mart 2009, 00:31:37

1 — Qur'on Karim Allohning ne'matlari haqida so'z yuritadi

Qur'on Karim Alloh taoloning ba'zi payg'ambarlariga bergan buyuk ne'matlari haqida goho qisqacha, goho mufassal so'z yuritgan. O'sha payg'ambarlardan ba'zilari Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yunus, Zakariyyo va Yahyo alayhimussalomlardir.

Alloh taolo Dovud va Sulaymon alayhimassalomlarga Er yuzida katta imkoniyatlar berdi: podshohlik, odamlar bilmagan ko'p ilmlarni o'rgatdi, kuchlilar va bo'ysunmaslarni, jonligu jonsiz narsalarni ularga bo'ysundirdi. Alloh taolo dedi: "Qasamki, Biz Dovud va Sulaymonga (etuk) bilim ato etdik va ular: "Bizlarni ko'p mo'min bandalaridan afzal qilib qo'ygan zot — Allohga hamdu sano bo'lsin", dedilar. Sulaymon (payg'ambarlik va ilmda) Dovudga voris bo'ldi va aytdi: "Ey odamlar, bizga qushlarning (va barcha jonivorlarning) tili bildirildi hamda (payg'ambar va podshoxlarga beriladigan) barcha narsalardan berildi. Albatta bu ochiq fazlu-marhamatning o'zidir". (Naml: 15,16)

Qayd etilgan


ZUBAIR  14 Mart 2009, 00:31:55

2— Allohning Dovudga bergan ne'mati

Alloh taolo Dovudga tog'lar va qushlarni bo'ysundirdi. Tog'lar va qushlar uning duosi va tasbehlariga jo'r bo'lar edilar. Alloh taolo Dovudga urushlarda qo'llanadigan qalqonlarni yasash san'atini ham o'rgatdi. Temirni Dovudning qo'lida xamirdek yumshoq qilib qo'ydi.

"Biz Dovudga (ulug') bir fazl-martaba ato etdik "Ey tog'lar va qushlar (Dovud) bilan birga tasbeh aytinglar!" Uning uchun temirni (xamirdek) yumshoq qilib qo'ydik. (Va unga dedik): "Sovutlar yasagin va (ularni) to'qishda aniq-puxta ish qilgin! (Ey Dovud xonadoni), yaxshi amal qilinglar! Zero Men qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidirman"; (Saba': 10,11)

"Tog'lar va qushlarni Dovud bilan birga tasbeh aytadigan qilib bo'ysundirib qo'ydik. Biz shunday qila oluvchidirmiz. Yana (Dovudga) sizlarga ziyon etishidan saqlaydigan sovut ilmini ta'lim berdik. Bas sizlar shukr qilurmisiz?!" (Anbiyo: 79, 80)

Qayd etilgan


ZUBAIR  14 Mart 2009, 00:32:20

3— Dovudning bu ne'matlarga shukronasi

Bu qadar katta mulk va hayratomuz mohir qo'lga ega bo'lishiga qaramay Dovud tavozeli, ibodatli, tili doimo zikrda, ko'p duo va tasbih aytuvchi, odamlar o'rtasida haq bilan hukm qiladigan adolatli hokim edi. Alloh taolo shunday dedi:

"Ey Dovud, darhaqiqat Biz seni erda xalifa qildik. Sen (nafs) xohishiga ergashib ketmagin! Aks holda u seni Allohning yo'lidan ozdirar. Albatta Alloh yo'lidan ozadigan kimsalar uchun hisob-kitob kunini (ya'ni Qiyomatni) unutib qo'yganlari sababli qattiq azob bordir." (Sod: 26) 

Qayd etilgan


ZUBAIR  14 Mart 2009, 00:32:45

4— Allohning Sulaymonga bergan ne'matlari

Sulaymonga esa Alloh taolo shamolni bo'ysundirdi. Shamol uning amri bilan esar va uni istagan eriga qisq vaqt ichida tez olib borar edi. Alloh taolo bundan tashqari unga kuchli, mohir jinlar va itoatsiz shaytonlarni bo'ysundirdi. Ular Sulaymonning amrlarini bajo keltirishar, me'moriy va ulkan binokorlik ishlarini bajarar edilar.

"Sulaymonga esa bo'ronli shamolni (bo'ysundirib), uning amri bilan Biz muborak qilgan zaminga (Shomga) esadigan qilib qo'ydik. Biz barcha narsani biluvchidirmiz. Yana shayton-jinlardan (Sulaymon uchun) g'avvoslik qiladigan va bundan boshqa ishlarni ham ado etadiganlarni (bo'ysundirdik). Biz ularni (Sulaymonning amridan chiqib ketmasliklari uchun) qo'riqlab turuvchi bo'ldik." (Anbiyo: 81, 82)

"Sulaymonga ertalab (dan tush paytigacha) bir oylik, (tush paytidan to) kechgacha bir oylik (masofani bosib o'tadigan) shamolni (bo'ysundirdik) va uning uchun mis bulog'ini oqizib qo'ydik. Yana jinlardan ham Parvardigorining izni-irodasi bilan uning qo'l ostida ishlaydiganlarni (bo'ysundirib qo'ydik). Ulardan kim Bizning amrimizdan toyilsa, Biz unga o't-olov azobidan totdirib qo'yurmiz. Ular (Sulaymonga misdan) u xohlagan narsalarni — ibodatxonalarni, haykallarni, hovuzlar kabi (katta)laganlarni va (o'choqlarga) o'rnashgan (vazmin) qozonlarni qilib berardilar. "(Ey) Dovud xonadoni, Alloh sizlarga ato etgan bu ne'matlarning shukronasi uchun amal-ibodat qilinglar! Bandalarim orasida shukr qiluvchi (zotlar juda) ozdir". (Saba': 12, 13)

 

Qayd etilgan


ZUBAIR  14 Mart 2009, 00:33:04

5— O'ta donolik va chuqur bilim

Sulaymonning zukkoligi va to'g'ri hukm chiqarishga qurdati otasiga ko'tarilgan da'voni hal qilishda ochiq namoyon bo'ldi.

Bir qavmning boshlari ko'rinib qolgan uzumzori bor edi. Boshqa bir qavmning qo'ylari uzumzorga kirib, uni payhon qildilar. Dovud qo'ylarni uzumzor egasiga berilsin deb hukm chiqardi. Biroq, Sulaymon: Ey Allohning payg'ambari, hukm bundan boshqacharoq emasmi? — dedi. Dovud: Qanday ekan, aytchi?— dedi. Sulaymon: Uzumzorni qo'ylarning egasiga berilsin, u uzumlarni parvarishlab, avvalgi holatiga qaytarsin. Qo'ylarni esa uzumzorning egasiga berilsin. U esa qo'ylarning yungi va sutidan foydalansin. Uzumzor avvalgi holatiga qaytarilgach, uzumzorni o'z egasiga, qo'ylarni ham o'z egasiga qaytarilsin.

Alloh taolo Sulaymonni hikmat va bilim bilan xoslaganini shunday bayon qildi: "Dovud va Sulaymonning ekinzor xususida hukm qilayotgan paytlarini (eslang). O'shanda unga qavmning qo'ylari bo'shalib kirib (uni payhon qilib yuborgan) edi. Biz ular (chiqargan) hukmga shohid edik. Biz uni Sulaymonga anglatdik." (Anbiyo: 78, 79)

Qayd etilgan


ZUBAIR  14 Mart 2009, 00:33:23

6— Sulaymon qush va hayvonlar tilini bilar edi

Qur'on Karim Sulaymon alayhissalomning mamlakatini boshqarishdagi tadbiri, salatanatidagi haybatini, qanday qilib Alloh taolo unga dunyo va oxirat baxt-saodati bilan, podshohlik va dindagi payg'ambarlikni jamlaganini bayon qilgan.

Sulaymon qush va hayvonlar tilini bilar edi. Sulaymon kunlarning birida insonu jindan va qushlardan tarkib topgan lashkarini jamladi va katta haybat bilan otga mindi. Lashkar o'ta intizomli, o'z qo'mondonlariga itoat etardi. U chumolilar yashaydigan vodiydan o'tib qoldi. Chumolilardan biri o'z qabilasini Sulaymon va uning lashkari sezmagan holatda, otlar tuyog'i bilan bosib ketshidan qo'rqib, o'z inlariga kirishga chaqirdi. Sulaymon buni tushundi, biroq, Allohning payg'ambari ekanidan kibrlanmadi, balki, bu hodisa uni Allohga hamd, ne'matlariga shukronalar aytishga, uni solih amallarga muvaffaq qilishi va O'zining solih bandalari qatoriga kiritishi uchun Allohga duo qilishga undadi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  14 Mart 2009, 00:33:41

7— Hudhud qissasi

Hudhud Sulaymonning suv va dushman qo'shini joylashgan erlarni ko'rsatib beradigan qidiruvchisi edi. Kunlarning birida Sulaymon hudhudni ko'rmadi va unga jazo bermoqchi bo'ldi. Ko'p vaqt o'tmasdan hudhud Sulaymon huzuriga kelib dedi: "Men sen ogoh bo'lmagan narsadan ogoh bo'ldim va senga Saba' (shahri) dan aniq bir xabar keltirdim. Darhaqiqat men bir ayolni ko'rdim. U ularning malikasi ekan. Unga barcha narsadan ato etilgan bo'lib, katta taxti ham bordir. Men u va uning qavmi Allohni qo'yib, quyoshga ibodat qilayotganlarini ko'rdim". Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko'rsatib, ularni (Haq) yo'ldan to'sib qo'ygandir. Bas ular (to) Allohga sajda qilmagunlaricha (Haq yo'lga) hidoyat topmaslar." (Naml: 22-25)

Qayd etilgan


ZUBAIR  14 Mart 2009, 00:34:00

8— Sulaymon alayhissalom Saba' malikasini Islomga da'vat etadi

Allohning payg'ambari Sulaymonga o'z mamlakati yonida ularni bilmaydigan, da'vati ularga etib bormagan, hanuzgacha Quyoshga sig'inadigan podshoh va xalqning borligini bilish og'ir tuyuldi. Sulaymonda payg'ambarlarga xos diniy hamiyat qo'zg'aldi. U engilmas askarlari bilan ularga bostirib borishdan avval, Allohga shirk keltiruvchi malikani Islomga va taslim bo'lishga da'vat etib fasohatli maktub yo'lladi.

Maktub muloyimlik bilan qattiqqo'llik, payg'ambarlar kamtarligi bilan podshohlar shijoatini o'zida jamlagan edi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  14 Mart 2009, 00:38:56

9— Malikaning davlat arboblari bilan maslahati

Saba' mamlakatiga hukm qilayotgan bu ayol aqilli, hukm chiqarishga shoshilmaydigan, podshohlar va fotihlar haqida yaxshi bilar va ularning tutumlaridan boxabar edi. Faqatgina, uning aqli Allohni tanish va unga ibodat qilish bilishda unga ko'makchi bo'lmadi. (Maktub etib kelgach) podshohligi bilan g'ururlanmadi, o'z fikrida qattiq turib olmadi, balki, boshqa maktublarga o'xshamagan bu maktub haqida atrofidagi davlat arboblari bilan maslahat qildi. Chunki maktub o'z zamonasining eng kuchli podshohidan va Allohning yo'liga da'vat etuvchi payg'ambaridan kelgan edi.

Davlat arboblari, har zamondagi saroy odamlari kabi, malikaga xushomad qilib, o'z davlatlarining kuchi va askarlarining ko'pligiga ishora qildilar. Biroq, malika ularning so'zlarini qabul qilmadi, fikrlariga qo'shilmadi. Balki, ularni mag'lub bo'lgan xalqlarga bostirib kelgan podshohlar tarafidan etgan qirg'in va yomon oqibatlardan ogohlantirdi va dedi: Bu kabi holatlar bizning mamlakatimiz va xalqimizning boshiga kelishi mumkin. Yaxshisi, men Sulaymonga sovg'a-salomlar yuborib, uni sinab ko'ray. Agar sovg'alarni qabul qilsa, u bir podshohdir va unga qarshi urushinglar. Agar sovg'alarni qabul qilmasa, u payg'ambardir, unga ergashinglar.

 

Qayd etilgan


ZUBAIR  14 Mart 2009, 00:39:25

10— Kelishib olish uchun yuborilgan sovg'alar

Malika podshohlarga munosib ulkan sovg'alar yubordi. Sovg'alar Sulaymonga etib borgach, u sovg'alarga qarab ham qo'ymadi va dedi: Sizlarni qilayotgan shirk amallaringizda va salatantingizda tek tashlab qo'yishim uchun mana shu arzimagan dunyo matolari bilan meni aldashga keldingizlarmi?! Alloh taoloning menga bergan salatanati, mol-dunyosi va askarlari sizlarning mulkingiz, saltanatingizdan yaxshiroqdir. Bu jiddiy ish, hazil emas. Masala kelishib olish emas, da'vat va toat masalasidir.

Sulaymon ularning yurtini qasd qilgani va mamlakatlariga bostirib borishini bildirdi.

 

Qayd etilgan