Ibn Umarning qaytib kelganini hazrati Umarga ma’lum qilishdi. Shunda u kishi boshlarini yostiqdan biroz ko‘tarib qo‘yishni so‘radilar va o‘g‘illariga «Qanday javob keltirding?» - dedilar. Ibn Umar: «Ey mo‘minlar amiri, siz istagan javobni keltirdim, ul muhtarama ijozat berdilar», dedi. Hazrati Umar chuqur qoniqish bilan: «Alhamdulillah, mening uchun ikki do‘st yoniga dafn qilinmog‘imdan ko‘ra muhimroq narsa yo‘q edi!» - dedilar.
So‘ngra mo‘minlar onasi Xafsa (hazrati Umarning qizlari) bir necha ayollar bilan kirib kelishdi. Erkaklarni ko‘rib, ayollar tashqarida qolishdi, birgina Xafsaning yolg‘iz o‘zlari hazrati Umarning huzurlariga kirib, tepalarida bir muncha vaqt yig‘lab o‘tirdilar. To‘planganlar hazrati Umarga: «Ey mo‘minlar amiri, vasiyat qilib, biror kishini o‘rningizga xalifalikka qoldiring», deyishdi. Shunda Umar (r.a.): «Men bu ishga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlari oldida roziliklarini bildirgan o‘shal kishilardan ko‘ra haqliroq biror odamni topmadim. Janob Rasululloh o‘shanda Ali, Usmon, Zubayr, Talha, Sa’d va Abdurahmonni tilga olgan edilar. O’g‘lim Abdulloh ibn Umar esa mening oldimda «Xalifalikni talab qilmayman», deb so‘z beradi. Uning xalifalik xususida hech qanday haq-huquqi yo‘q bo‘lib, mening bu vasiyatim uning uchun xalifalikni talab qilmoqdan tiyib turuvchi bir ulug‘ hay’at kabidir. Agar xalifalik Sa’dga nasib etsa, bu Alloh taoloning irodasidur. Basharti nasib etmasa, qaysi biringiz ham xalifa bo‘lsangiz, o‘z ishingizda unga suyaning, chunki men uning ojizligu xiyonat qilganini sira bilmayman», - dedilar.