Alloh taolo qo‘lga qudratni, hayotni, qat’iy irodani bermagunicha, tartibli bir yozuvni yozish uchun qo‘lning harakatini yaratmaydi, istak va nafsdagi maylni yaratmagunicha, qat’iy irodani xalq etmaydi. Shuningdek, maylning hozir yoki kelajakda nafsga muvofiq ekanini bilish ( عِلْمٌ بِأَنَّهُ مُوَافِقٌ لِلنَّفْسِ ) tuyg‘usi yaratilmagunicha bu mayl to‘la yuzaga chiqmaydi. Albatta, bu bilish tuyg‘usining yaratilishi ham harakat, iroda va ilm kabi boshqa sabablarga bog‘liq.
Ilm va tabiiy mayldan so‘ng qat’iy iroda yuzaga chiqadi. Qudrat va iroda izidan esa harakat ergashib keladi. Bandaning barcha fe’lida mana shu tartib mavjud. Bularning hammasi Alloh taolo tarafidan biri boshqasini taqozo etuvchi qilib yaratilgan. Shuning uchun ham bu fe’llarning biri oldin, boshqasi keyin yuzaga chiqishi vojib. Xuddi ilmdan keyin iroda, hayotdan keyin ilm, jismdan keyin hayot yaratilgani kabi. Shunga ko‘ra, "jismdan hayot tug‘iladi" emas, balki jismning yaratilishi hayotning paydo bo‘lishi uchun shart, "hayotdan ilm tug‘iladi", emas, balki hayotning yaratilishi ilm yaratilishi uchun bir shartdir, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Hayot mavjud bo‘lsagina, ilmni qabul qilish uchun joy hozirlangan hisoblanadi. Demak, "iroda ilmdan paydo bo‘ldi" emas, balki ilmning yaratilishi irodaning jazmi uchun shart, deyish maqsadga muvofiqdir. Irodani hayot va ilm sohibi bo‘lgan jismgina qabul qiladi...
Xullas, tavba o‘zining ilm, nadomat va tark (gunohni tark qilish) kabi barcha qismlari bilan vojibdir.