Ayrim zamondosh olimlar (Ye.P.Sanderz, Jeza Vermes va hk.) ning tadqiqotlariga asosan, Iso (a.s.) miloddan oldingi 6 yilda tavallud topganini inobatga olsak, ushbu fikr yanada qat'iylashadi. Agar shu gaplar rost bo‘lsa, quyosh taqvimiga ko‘ra, uchinchi ming yillik 2000 yilda emas, 1994 yili boshlangan bo‘lib chiqadi, 2000 yilni nishonlash aslida behuda bir ish, ya'ni yangi zamon bayrami ekani ma'lum bo‘ladi. Londondagi Ming yillik qubbasi singari kinoyaomuz va gumanistik loyihalar bilan tanishgan kishi bir narsaga amin bo‘ladi: odamlar Iso Masihning tavalludini emas, balki bema'ni fakt - uchta nolning yonma-yon kelishini nishonlashmoqda. Xullas, bu voqea bugungi kun xristianlari uchun behuda narsalar tizimi, bema'niliklar yubileyi bo‘ldi, xolos.
Ikkinchi, tashvishli hol bizning kelajak xususida ishonch bilan gapirish qobiliyatimizga daxldordir. Men ushbu bob va butun kitob davomida (o‘quvchilarni) islomning Buyuk mingyillikdan so‘ng olishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishi haqida bot-bot mulohaza yuritishga da'vat etmoqchiman. Biroq Ash'ariy va Motirudiy nuqtai nazaridan qaraganda, ilohiyotshunoslik nozik masaladir: biz unga halol yo‘l bilan yechim topishimiz mumkinmi? Kelajak ko‘zdan olis narsa, uni ko‘rib bo‘lmaydi, u faqat al-Qodir al-Olim, ya'ni yagona bilguvchi zot - Allohgagina ayon kitobdir. Ehtimol, bani bashar o‘z umrining intihosiga yetib borayotgani yaxshidir. Qodir va qahhor Alloh qiyomat kunidan oldin soatlarni to‘xtatib qo‘yishi ham mumkin. Biz - inson bolalari, ilohiy adolatning bir ko‘rinishi sifatida bu ishda shunchaki vosita bo‘lishimiz mumkin, xolos: bunday paytda, bir zamonlar Rossiyaga birinchi bo‘lib yadroviy zarba berish kerak, deb turib olgan prezident Kennedining strategik bombardimon kuchlariga ega bo‘la turib ham ikkilanganini eslash kifoya. Biroq bu - mushohada yuritishni talab etadigan mavzu. Jabroil farishta haqidagi hadisda u (Muhammad) payg‘ambar (s.a.v.s.) ning oldiga kelgani, Rasululloh farishtadan, o‘sha soat qachon keladi, deb so‘ragani, u (Jabroil) esa «savolga tutilgan ham savol beruvchidan ko‘proq narsani bilmaydi», deb javob bergani rivoyat qilinadi. Biroq Qur'oni karimda aytilganiday, «falak shu savolga homiladordir». Inson qo‘li bilan yoki o‘zi keladigan ofat siz ushbu kitobni o‘qib tugatmasingizdanoq ro‘y berishi ham mumkin.