Shahnoza Soatova, journalist (29 yosh) :
- Men mashina haydashga azaldan qiziqardim. Kun kelib haydashimga imonim komil edi. Mashinani albatta o’zim sotib olaman, derdim. O’zim sotib ham oldim, haydab ham ko’rdim. Qiziqishga sabab — mashina haydash o’tkir his uyg’otadi., mustaqillik tuyg’usini beradi, o’ziga ishonchni orttiradi. Boyagi gapga kelsak, ayol kishi sifatida ma’lum bir imtiyozlarga ham, cheklovlarga ham ega bo’lasiz. Imtiyoz — mashina buzilib qolsa, ko’chada qolib ketmasligimiz aniq, har qanday odam to’xtab, yordam beradi. Cheklov — shu mashina buzilib qolganida o’zimiz tuzata olmasligimiz. Albatta, mashinangiz bo’lgani yaxshi. Ko’p ishlaringizni birovga iltimos qilmay, o’zingiz bitirib olasiz, katta imkoniyat-u qulayliklarga ega bo’lasiz. Shu bilan birga, unga qarash, doim u yoq, bu yog’ini kavlash kerak. Tuzattirmoqchi bo’lsangiz, bilmasligingizdan foydalanib, arzimagan ishga katta haq so’raydigan ustalar bor. Haydovchi ayol ekan, qani bir ko’raychi, deya ermakka to’xtatadigan melisalar bor. Qoidaga rioya qilmoqchi bo’lsang, tez yurmaysanmi, deya so’kinib ketadigan erkak haydovchilar bor.
To’lqin Baratov, texnik (35 yosh) :
- Menga qolsa, ayollarning umuman mashina haydamagani ma’qul. Nega chunki mashina og’ir temir, murakkab texnologiya. Deylik, kimsasiz yo’lda buzilib qoldi. Erkak odam bir amallab tuzatib oladi. Tuzata olmasa, xotirjam mashinada tunayveradi. Ammo ayol bunday qila olmaydi. U kimgadir rafiqa, kimgadir ona. U ko’chada yotib qola olmaydi, u uyiga borishi kerak. Shu bilan birga mashinani ham tashlab keta olmaydi. Yoki kechki payt yo’lda turgan biror kishiga rahmi kelib to’xtasa, uni manziliga yetkazib qo’ymoqchi bo’lsa. Ayol-da, rahmi keladi. Uning qanaqa odamligi, bu ishining oqibati yomon tugashi mumkinligini o’ylab o’tirmaydi. O’sha rahmi kelgan yo’lovchi manyak yoki o’g’ri bo’lsachi? Yo kayfi oshib qolgan bo’lsa, asli yomon odam bo’lmasa ham xunuk ishlar qilib qo’yishi mumkin. Mast-da, uni qoralab ham, oqlab ham bo’lmaydi. Shuning uchun ayollar mashina haydamagani tuzuk.