Bir kuni pashsha asalariga jahl qilib, dedi:
- Sen shunday bir ahmoqsanki, asal yig`aman, deb qirlarni, vodiylarni kezib, ovqat to`playsan. Shuncha mashaqqating evaziga yiqqan bolingning yarmini o`zing yeganingda ham mayli edi. Mana men hamma vaqt katta ziyofatlarda, hattoki podshoh saroyida bo`laman, shirin ovqatlar yeyman, ajoyib sharbatlar ichaman, mazza qilib yashayman, o`zimga qarayman.
Asalari unga shunday javob berdi:
- Ana xolos! Aslida ahmoq sensan, ammo idrok qilib tushuna olmaysan. Borgan joylaringda odamlar sendan irganib qo`llariga nima tushsa, o`sha narsa bilan uradilar, haydaydilar, sendan nafratlanadilar. Bir narsaga fahming yetmaydi. O`zingga o`xshash pashshalarning minglarchasi o`ldirilayotganini ko`rib turasanu meni ham bir kun shunday o`ldirishlari mumkin, degan fikr aqlingga kelmaydi, ibrat olmaysan. Men qirlar, vodiylarni kezib, yiqqan asalimni o`zim yemayman, ammo yeganlardan mehr, muhabbat, e'zoz, hurmat ko`raman. Bundan iftixor etaman, quvonaman.
Yusuf TOVASLIYManba