Ummon va Bahrayn qissasi
Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu bunday deydilar: «Menga Rasululloh: «Agar Bahrayndan mol kelsa, senga shuncha va shuncha berardim!» — deb uch bor aytib erdilar.
Lekin, Bahrayndan mol yetib kelmasdan turib vafot etib qoldilar. Janob Rasulullohdan so‘ng, Abu Bakr xalifa bo‘ldilar, mol shu kishining davrida yetib keldi. Abu Bakr bir kishi orqali: «Janob Rasululloh kimga shu moldan beraman, deb va’da qilgan bo‘lsalar, huzurimga kelsin!» — deb e’lon qildilar. Shunda men Abu Bakrning huzurlariga kelib: «Janob Rasululloh menga: «Agar Bahrayndan mol kelsa, senga shuncha va shuncha bergayman, deb uch bor aytgan erdilar»,— dedim. Abu Bakr Janob Rasululloh va’da qilganlaricha mol berdilar. Keyin, bir muncha vaqt o‘tgach, Abu Bakr Siddiqdan o‘sha moldan yana beringiz, deb uch bor so‘radim, bermadilar. Men xafa bo‘lib u kishiga: «Huzuringizga uch marta keldim, lekin mol bermadingiz, menga mol berasizmi o‘zi yoki menga baxillik qilayotirsizmi?» — dedim. Abu Bakr: «Menga baxillik qilayotirsizmi, deding-a?! Baxillikdan yomonroq narsa bormi? — deb uch bor aytdilar, so‘ng: «Senga necha marta mol bermagan bo‘lsam, hammasini olaver!»—dedilar».
Jobir ibn Abdulloh bunday deydilar: «Men Abu Bakrning huzurlariga kelib mol so‘radim, u kishi menga: «Sana!» — dedilar, men sanab ko‘rsam, besh yuzta erkan, «Hammasini ola qol!»—dedilar».