Shuningdek, Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: Nabiy aytdilar: "Kimki bu dunyoda bir musulmondan bir g‘amni ketkazsa, modomiki u banda o‘z birodariga yordam berishda davom etar ekan, Alloh taolo o‘sha bandaga yordam berishda davom etadi".
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kimki bir mazlumga yordam bersa, Alloh taolo qiyomat kuni sirot ko‘prigidan o‘tishda unga yordam beradi va uni jannatga kiritadi. Kimki bir mazlumni ko‘rsa, mazlum undan yordam so‘rasa va u mazlumga yordam bermasa, qabrda olovdan bo‘lgan yuzta qamchi bilan uriladi".
Ayrim kitoblarda yozilishicha, qiyomat kuni, Fir’avnni keltiringlar, deb nido qilinadi, bas, u boshida olovdan qalpoq, egnida qora yog‘ ko‘ylak bo‘lgan holatida cho‘chqaning ustiga mindirib olib kelinadi. So‘ng, mutakabbir zolimlar qani, deb nido qilinadi. Bas, ular ham keltiriladi, so‘ngra do‘zaxga olib boriladi. Ularning oldilarida Fir’avn bo‘ladi. So‘ngra, Qobil qaerda, deb nido qilinadi. U ham Fir’avn kabi keltiriladi. So‘ng, hasadchilar qaerda, ularni bunga qo‘shinglar, deyiladi. Qobil do‘zaxda hasadchilarning imomi bo‘ladi. So‘ngra, yahudiy ulamolarning raisi bo‘lmish Ka’b ibn Ashraf qaerda, deb nido qilinadi. Xabarlarda: "Agar u iymon keltirsa, yahudiylarning hammasi iymon keltirgan bo‘lur edi", deyilgan. U ham Fir’avnga o‘xshab keltiriladi. So‘ng nido qilinadiki, qani; haqni va ilmni berkitganlar, deyiladi. Ular u bilan birga do‘zaxga haydaladilar. Ka’b ularning imomidir. So‘ng, Abu Jahl qaerda, deb nido qilinadi, u ham Fir’avnga o‘xshab keltiriladi. So‘ngra, Alloh va Uning rasulini yolg‘onga chiqarganlar qaerda, deb nido qilinadi. Abu Jahl do‘zaxda ularning imomi bo‘ladi. So‘ng, Valid ibn Mug‘iyra qaerda, deb nido qilinadi. Bas, u ham Fir’avnga o‘xshab keltiriladi. So‘ng, kambag‘al musulmonlarning ustidan kulganlar qaerda, deb nido qilinadi. Valid ularning do‘zaxda imomi bo‘ladi. Livota amalini boshlab bergan Lut qavmining Ajdasi (peshvosi) qaerda, deb nido qilinadi. Livota amalini qilganlarga do‘zaxda Ajda imom bo‘ladi. U ham Fir’avnga o‘xshab keltiriladi. So‘ngra, Imroul Qays qaerda, deb nido qilinadi. U ham Fir’avnga o‘xshab keltiriladi. So‘ngra yolg‘onchi shoirlar jamlanadi va u ularning do‘zaxda imomi bo‘ladi. So‘ng, Musaylamatul kazzob qaerda, deb nido qilinadi. U ham Fir’avnga o‘xshab keltiriladi. So‘ng, Qur’onni yolg‘onga chiqarganlar qaerda, deb nido qilinadi. Musaylama ularning do‘zaxda imomi bo‘ladi. So‘ng, iblis (alayhi la’na) qaerda, deb nido qilinadi, u aytadiki: "Ey adolatli hokim Zot! Menga lashkarimni, muazzinimni, qorilarimni, vazirlarimni, faqihlarimni, xazinachilarimni, tijoratchilarimni va nog‘orachilarimni bergin". Unga aytiladiki: "Ey mal’un, sening lashkaring kim?" "Mening lashkarim — ochko‘zlar, muazzinim — kuychilar, qorilarim — qo‘shiqchilar, faqihlarim — musulmonlarning ustidan kuluvchilar, xazinachilarim — aroq idishlarni hozirlovchilar, tijoratchilarim — sudxo‘rlar, nog‘orachilarim — nog‘ora chalib yuruvchilar", deydi. Keyin uzunligi yetmish yillik masofaga teng bir ilon chiqadi va ularning barchasini Iblis bilan birga do‘zaxga haydaydi. So‘ngra xaloyiq hisob-kitobga chaqiriladi.