* * *
Uhud g‘azoti ham yetib keldi.
Ikki qo‘shin bir biri bilan to‘qnashdi. Hamza roziallohu anhu jang maydonining o‘rtasida turardi. U urush liboslarini kiyib, ko‘ksiga har doimgidek tuyaqush patini taqib olgan edi. U mardlik bilan jang qilib, ro‘parasidan chiqqan mushriklarni birin-ketin yer tishlatardi. Musulmonlar ham barchalari hujumga o‘tib, mushriklar esa mag‘lub bo‘lib, ortlariga qochib, chekina boshlaganlaridan go‘yo g‘alaba-nusrat juda yaqinday bo‘lib ko‘rina boshladi. Agarda tog‘ning tepasida turgan kamonchilar g‘animatlar ilinjida joylarini tark etib, pastga tushib, buning oqibatida pistirmada turgan mushriklar qo‘shniga tog‘ning ortidan hujumga o‘tishga imkoniyat paydo qilib bermaganlarida, shubhasiz Uhud g‘azoti faqatgina Qurayshning erkagu ayollari uchun emas, balki uning otlariyu tuyalarining ham qabristoniga aylangan bo‘lar edi. G’aflatda qolgan musulmonlarning ortlaridan mushriklar otliqlari hujumga o‘tib birin-ketin ularni qilichdan o‘tkaza boshladilar. Bu holatdan musulmonlar esankirab qoldilar, chunki ko‘pchiliklari qilich va nayzalarini yerga uloqtirib, hamma narsalarini tashlab qochib ketayotgan mushriklardan qolgan g‘animatlarni to‘plash bilan ovora bo‘lib qolishgan edi. Musulmonlar yana qayta o‘zlariga kelib, uloqtirib yuborgan qurol-aslahalarini qaytib qo‘llariga olib, jang qila ketdilar. Lekin fojia yuz berib, butun jangdagi tashabbus mushriklarning qo‘llariga o‘tib bo‘lgan edi.
Bu voqealarni ko‘rib turgan Hamza o‘zini yo‘qotmay, quvvatiga-quvvat, kuchiga- kuch qo‘shilib, yanada qattiq jang qila boshladi. Birin-ketin mushriklarni qilichi bilan savalab, yer tishlatayotgan vaqtda Vahshiy uni kuzatib, nayzasi bilan zarb berish uchun vaqt poylab turardi.
Keling, bu voqealarni bayon qilib berishni Vahshiyning o‘ziga qo‘yib bera qolaylik:
"œMen habashiy bir odam edim. Huddi habashilarga hos bo‘lganidek, nayzam bilan biron narsani mo‘ljalga olib uloqtirsam, kamdan-kam holda xato qilar edim. Ikki tomon Uhud g‘azotida to‘qnashgan vaqtda men ham birga chiqdim. Hamzani qidirib oxiri odamlar orasida huddi kul rang tuyadek ajralib turib, jang qilayotganiga ko‘zim tushdi. Qarshisidan chiqqan kishini qilichi bilan urib, yer tishlatardi. Allohga qasamki, men uni o‘ldirish uchun tayyorgarlik ko‘rgan edim. U menga yaqinroq kelishi uchun bir daraxtning orqasiga yashirinib, payt poylab turdim. Shu payt mendan ilgari Sibog‘ ibn Abdul Uzzo unga tashlandi. Hamza uni ko‘rishi bilanoq unga:
"œQani beri kelchi, ey odamlarning a’zolarini kesuvchi" - deb, qilichi bilan shartta uning boshini kesib tashladi. Shu payt nayzamni silkitib, payt poylab nishonga tegishiga aniq ishonch hosil qilgach, uni uloqtirgan edim, Hamzaning kindigi ostiga kirib, ikki oyoqlari o‘rtasidan teshib chiqdi. So‘ng u menga tashlanmoqchi bo‘ldi, lekin holdan toyib yiqilib joni uzildi"¦
Uning oldiga borib, nayzamni sug‘urib oldim. So‘ng jang maydonini tark etib, askarlarning qarorgohida o‘tirib turdim. Sababi, men jang qilish uchun kelmagan edim. Faqatgina ozod bo‘lish uchungina Hamzani qatl qilgandim."