Yoldor endi ulg‘aygan, kuchga to‘lgan. Avvalgidek iniga suqilmaydi. Shum niyatda o‘ziga yaqinlashayotgan g‘animiga irrilagancha peshvoz chiqadi. Ergash bodiga xuddi shu narsa kerak edi. Hali senmi menga irillaydigan, deya qo‘lidagi kaltakni ishga soladi. Ammo tezda kaltagini oldirib qo‘ygach, tosh qidirishga tushadi. Bo‘ynidagi zanjirni uzish darajasida tortqilab, o‘ziga tomon intilayotgan Yoldorni toshbo‘ron qilishdan biror huzur topmagach, naridagi qo‘radan uzun kaltak topib chiqadi. Bu orada hovli hangomatalab bolalarga to‘ladi. Yoldor ular orasidan xaloskorini behuda qidiradi. Tiyrak nigohli bolani topolmagach, shaloq so‘zlar bilan so‘kingancha, o‘ziga kaltak ko‘targan g‘animiga tashlanadi. Orada bo‘ynini sirib turgan zanjiriga ham og‘iz solib ko‘radi...
Agar qo‘shni chol aralashmaganida, bu ish ne natija bilan yakunlanishi noma’lum edi. Qo‘shni chol Yoldorni ayab emas, Tolmas cholning hurmati uchungina oraga tushdi. Ergash bodini hovlidan haydab soldi.
Ergash bodi so‘kina-so‘kina uzoqlasharkan, Yoldorning yuragida o‘ziga nisbatan qasos o‘tini battar alangalatgani va bir kun kelib, bu o‘tda o‘zi kuyib ado bo‘lishidan bexabar edi. Qaytamga o‘z qilmishidan g‘oyat mamnun edi.
Payt topib, jonivorga tirg‘alishlarini keyinchalik ham qo‘ymadi.
Mana endi, lo‘killab ketib borayotgan joyida keskin ortiga burilib, vajohatli bir tarzda yo‘liga ko‘ndalang bo‘lgan Yoldorning qarshisida tang ahvolda qolgandi. Iziga qaytay desa, tor so‘qmoqdan otini ortga qayirish qiyin. Boz ustiga, sakramoqqa shay turgan yirtqich har lahzada hamla qilib qolishi mumkin. U yaroqsiz chiqqan o‘ziniyam, ayni shu kunda qazosi yetgan qo‘shnisiniyam go‘riga g‘isht qalarkan, orada tezgina tubsizlikka ko‘z tashlab oldi. Pastga qulasa, tariqday sochilib ketishini o‘yladi. Birdan bir quroli qo‘lidagi qamchisini mahkam changalladi, raqibining harakatlarini kuzatarkan, uning nigohiga nazari tushgach, yuragi orqasiga tortib ketdi. Yovuzona chaqnayotgan bu ko‘zlarda uzoq va ilhaq kutilgan lahzaga favqulodda yetishganda paydo bo‘ladigan shunday bir ifoda mavjud ediki, bu holat yovuzlikning o‘zidan ko‘ra ming chandon dahshatliroq edi.