Zero, Alloh O‘zining ko‘rsatmalariga amal qilishdan bo‘yin tovlaydigan mutakabbir va U bergan ne’matlar sababli boshqa bandalardan o‘zini ustun qo‘yuvchi maqtanchoq kimsalarni suymas.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyodan ketish oldidan, so‘nggi kasallik chog‘larida namoz va qul-cho‘rilarga yaxshi munosabatda bo‘lish haqida vasiyat qilib: «Namoz, namoz (ya’ni, namozga qattiq e’tibor beringlar). Qo‘l ostingizdagilar xususida Allohdan qo‘rqinglar», degan edilar (Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati).
Rivoyat qilishlaricha, yaxshi hulq — baxt, yomon hulq esa — ko‘ngilsizlik (baxtsizlik).
Yana bir hadisi sharifda: «Yomon xulqli kishi jannatga kirmaydi», deyilgan (Termiziy rivoyati).
Abu Mas’ud Badriy aytadilar: «Bir qulimni qamchi bilan urayotgan edim. Ortimdan: «Ey Abu Mas’ud, bilib qo‘y», degan ovoz eshitildi. Fazabdan ovozni anglamay qoldim. Menga yaqin kelgach, qarasam u kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ekanlar. U zot: «Abu Mas’ud, bilib qo‘y, sen bu g‘ulomdan qudratli bo‘lsang, Alloh sendan qudratlidir», dedilar. «Endi bironta ham qulni urmayman, dedim».
Ushbu hadisning boshqa rivoyatida: «U zot sollallohu alayhi vasallamning haybatlaridan qo‘limdan qamchi tushib ketdi», deyilgan. Yana bir rivoyatda: «Yo Rasululloh, u Allohning roziligi uchun ozoddir», degan edim, u zot: «Agar shunday qilmaganingda, shubhasiz, do‘zax olovida kuygan bo‘larding», dedilar», deyilgan (Muslim rivoyati).