64- bob. Kuyovga qilinadirgan hadya haqida
Abu Usmon rivoyat qiladilar: «Men Anas ibn Molikning biz birlan birga «Baniy Rifoa» masjididan o‘tib ketayotib bunday deb aytayotganini eshitdim: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ummu Sulaymning hovlisi yonidan o‘tib ketayotib uning uyiga kirdilar-da, unga salom berdilar. Ushanda ul zot Zaynabga uylanish arafasida erdilar. Ummu Sulaym menga: «Janob Rasulullohga (Zaynabga qo‘shilgan kunlari ertalab) nonushta tortiq qilsak, juda soz bo‘lar erdi!» — dedi. Men unga: «Shunday qilgin!» — dedim-da, xurmo, yog‘ va pishloqdan «haysa» (uch xil narsadan tayyorlanadirgan taom) tayyorlab, uni bir idishga soldim. Keyin, uni olib Ummu Sulaym birlan birgalikda Janob Rasulullohning huzurlariga ravona bo‘ldim. Janob Rasululloh menga: «Qo‘lingdagini qo‘y!» —dedilar, so‘ng: «Falonchilarni hamda yo‘lingda uchragan kishilarni chaqirib kel!» — deb amr qildilar. Men amrlarini bajo keltirib, qaytib keldim. Hovli odamlarga liq to‘ldi. Janob Rasulullohga qarasam, qo‘llarini o‘sha «haysa» ustiga qo‘yib: «Mo shoalloh!» — dedilar. So‘ng, huzurlariga o‘nta-o‘ntadan odam chaqira boshladilar, ular kirib taomdan yeyishdi. Ul zot ularga: «Olloh taoloning ismini aytib yengizlar, har bir kishi o‘ziga nasib qilganicha yesin!» — dedilar. Hamma to‘yguncha yedi. Keyin, ko‘pchilik chiqib ketdi, faqat bir nafar kishi suhbatlashib o‘ltirib qoldi. Bunga mening g‘ashim keldi. So‘ng, Janob Rasululloh chiqib, hujralar tomon yurdilar, men ham ketlaridan chiqdim-da: «Ular ketishdi»,— dedim. Janob Rasululloh qaytib uyga kirib, pardani tashlab qo‘ydilar, men ersam dahlizda turib qoldim. Shunda ul zot: «Ey mo‘minlar, payg‘ambarning uylariga biror taomga taklif qilinganingizdagina kiringizlar, (barvaqtroq kirib taomning) pishishiga intizor bo‘lib o‘ltirmangizlar va lekin qachon chaqirilsangizlar, kiringizlar, vaqtiki taom yeb bo‘ldingizlar, tarqalingizlar va o‘ltirmangizlar o‘zaro suhbatlashib, bu narsa albatta payg‘ambarga ozor berur va payg‘ambar sizlardan hayo qilur va Olloh taolo haqiqatni bayon qilishdan hayo qilmas («Al-Ahzob» surasi, 53-oyat)»,— dedilar».
Abu Usmon: «Anas Janob Rasulullohga o‘n yil xizmat qildi»,— deydilar.