Fikr dunyo lazzatlarini ketkazishga majbur qiladi va oxirat lazzatlarini boy berish juda katta yo‘qotish ekanini anglatadi. Chunki, oxirat lazzatining so‘nggi yo‘q, unda kudurat yo‘q, soflik bor. Dunyoning o‘tkinchi lazzatlari esa tiniqlikka begona, g‘am va g‘ashlikka qorilgan quyqadir.
Gunohlardan tavba etib, toatga yuzlanmoq, Alloh taologa murojaaat qilib, lazzat topmoq, Allohning ma’rifati va unsiyati bilan rohatlanmoq naqadar go‘zal! Allohga toat etuvchi inson amaliga mukofot sifatida ibodat halovatini, Allohga qilayotgan munojoti orqali yakka-yu yagona Do‘stini topadi. Bu dunyo saodati shundan ortiq bo‘lmas. Agar bunga oxirat saodati ham qo‘shilsa, nur ustiga nur!
To‘g‘ri, tavbaning avvalida lazzat bo‘lmaydi. Lekin biron muddat tavbaga sabr qilgandan so‘ng xuddi yomonlik odat bo‘lgani kabi yaxshilik ham odatga aylanadi. Nafs nimaga odatlansa, uni qabul qiladi, unga moslashadi. Yaxshilik odat, yomonlik esa o‘jarlikdir.
Demak, bu fikrlar Allohdan qo‘rqinch tuyg‘usini uyg‘otadi. Qo‘rqinch esa lazzatlardan tiyilishga chidash quvvatini paydo qiladi. Bu fikrlar tufayli mav’izalar samimiyatga yo‘g‘riladi, qalb bu fikrlardan o‘ziga xos eslatmalar va ibratlar oladi. Natijada bu fikr inson tabiatiga muvofmqlashib, qalb unga monil bo‘la boradi. Xayrga sabab bo‘lgan fikr bilan inson tabiati orasida muvofiqlik paydo bo‘lishi ayni tavfiqdir.