- 26 -
MO’MINNING MO‘MINGA BAG’RI KENG
"Mo‘minning yelkasi yumshoq bo‘ladi, birodariga kenglik qiladi, munofiq esa to‘ngdir, birodariga tanglik qiladi. Mo‘min avval salom beradi, munofiq esa menga salom bersin deb turaveradi". ("œRamuz al-ahodis" 231\10.)
Hazrati Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qilgan bu hadisi sharifdagi "layyinul mankabi" lafzi bilan mo‘minning yelkalari yumshoq bo‘lishi aytilmoqda, ya’ni juz’iy (bo‘lak) zikri bilan kulliy (butun) murod hosil qilinmoqda. Chunki insonning biron-bir jihatini, bitta xususiyatini zikr qilish bilan uning butun xislati ko‘zda tutiladi. Mo‘min doimo yumshoq tabiatli, kirishimli, keng kishidir. Biron majlisda o‘tirar ekan, yangi kelgan odamga joy berish uchun harakatga tushadi, unga joy beradi. O’zi bezovta bo‘lsa-da, birodari tik turmasligi uchun harakat qiladi.
Bu sifatning go‘zalligi, ayniqsa, hajda yaqqol seziladi. Ba’zi hojilar joy topolmayotganini ko‘rgach, uni darhol yoniga chaqiradilar, qiyinchiliklarini bartaraf etishga ko‘maklashadilar. Aksincha, ba’zilar imkoni bo‘lsa ham, bezovta bo‘lmaslik uchun har xil bahona ko‘rsatib, oyoqda tik turib qolgan birodarlari o‘z yonlariga o‘tirishini istamaydilar. Mo‘min bilan munofiq shu zaylda ma’lum bo‘ladi. Chunki, mo‘min birodariga doimo kenglik qiladi, joy beradi. Munofiq esa, aksincha, o‘zidan uzoqlashtiradi, mashaqqatda qoldiradi. Zero, siz yonidan joy bergan birodaringizni yaxshi ko‘rishga majbursiz, sizning tashvishingiz bilan ishi yo‘qlarga esa hech qachon mehr qo‘yolmaysiz. Mana bu hol mo‘min kim-u munofiq kimligini ko‘rsatadi.
Mo‘min birodarini ko‘rsa birinchi bo‘lib salom beradi va tabassum qiladi. Munofiq esa salom berishda taraddudlanadi, kibru havosi yo‘l bermay, ro‘parasidagidan salom kutadi. Unga salom berilmagunicha salom bermaydi. Bu odat orqali mo‘min va munofiq osongina ma’lum bo‘ladi. Haq taolo barchamizga mo‘minlarga yarashadigan go‘zal fe’l-atvor va tabiatlardan nasib etsin va yomon, yaramas xulqlardan muhofaza qilsin.
"Bukrini go‘r tuzatadi" maqolining naqadar hikmatli ekanini ta’riflashga zarurat bo‘lmasa kerak. Uzoq vaqtlar mobaynida ko‘nikilgan yomon odatlar va tarbiyalarni isloh etish uchun solih insonlar bo‘lish kerak.
Bir odam ulug‘lardan bir zotni uyiga dasturxonga taklif qilibdi, birgalashib yo‘lga tushishibdi. Uyiga yaqinlashgach, taklif qilgan kishi bir bahona bilan u zotni qaytarib yuboribdi. Keyin yana borib, uzr so‘rab, yana taklif etibdi. Bechora yumshoq ko‘ngilli zot uning orqasidan uyigacha kelibdi. Taklif qilgan odam yana bir bahona ro‘kach qilib, hazratni qaytaribdi. Bu o‘yin besh daf’a takrorlanibdi, u muhtaram zot hech birisida: "Nima qilyapsan o‘zi, men bilan o‘ynashyapsanmi?" demabdi.
Nihoyat, taklif qiluvchi odam hazratning qo‘lini o‘pib, unga murid bo‘lmoqni so‘rabdi: "Taqsir, men buni sizning kim ekanligingizni bilish uchun qildim va tushundimki, siz haqiqiy murshid ekansiz" debdi. U zot esa: "Noto‘g‘ri fahmlabsan, mening yumshoqligim yaxshi insonligimga dalolat qilmaydi. Ko‘rmaysanmi, bir itni necha marta quvsang ham, keyin yana chaqirsang, kelaveradi. Bu bir itning tabiatidir", deb favqulodda kamtarlik ko‘rsatgan ekan. Mana, ulug‘larimiz o‘zlaridagi yaxshi fe’llardan aslo g‘ururlanmaganlar. Va mana shu kamtarliklari bilan yanada yuksak oliyjanoblik namoyon etib, qabohatli qalblarning isloh topishiga sabab bo‘lganlar.