Selim bu aytilmish gapning yopinchig‘i ostida qanday ma’no yashirinib yotganini anglasa-da, biron nima demoqqa chorasizligi tufayli tilini tiyishga majbur bo‘ldi. Selim Moskvaga chorlanib, uchib borayotgan mahalidayoq, Xongirey tomonidan taqdiri hal etilib qo‘yilganini bilmasdi. Iziga qaytilib, Haydar yo‘qlangach, Xongireyning biron topshirig‘i aytilar, deb o‘ylab, yanglishmadi.
Kesakpolvon kelgach, Mamatbey undan hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi-da, Asadbekning aytgan gapiga zid ravishda, Xongireyning undan norozi ekanini bayon qildi. Narkokurer tanlashda asosan Kesakpolvon adashgani, Mamatbey bilan Selim unga to‘la ishonib, xatoga yo‘l qo‘ygani uchun Xongirey tomonidan tanbehga loyiq ko‘rilgani ham bildirildi.
Norasmiy xo‘jayinning shoshqich ravishda Moskvaga chorlanganidan xavotirda yurgan Kesakpolvon «Selim shu maqsadda chaqirilgan ekan-da?» degan o‘yda tashvishini bosdi. Mamatbey xo‘jayinining marhamati tufayli bu safar hech kim jazolanmasligini aytgach, yangi narkokurer tanlashda adashish qimmatga tushajagidan ogohlantirdi. «Qani, bular o‘ylashsin-chi, kimni taklif etisharkin», degan fikrda ulardan javob talab qilib, shoshirmadi. Ulardan sado chiqavermagach, ikkovini hayrat dengiziga uloqtirib:
— Xongireyning fikricha bu safar tavakkal qilmay, ikkovlaringdan birlaring borishlaring kerak,— dedi.