AHZOB SURASIAhzob - firqalar, guruhlar. Birligi "hizb".
Surada Islom shariatidagi qonun-qoidalar, xususan "zihor", "tabanniy", satri avrat, mahram va nomahramlar, nikoh, taloq kabi masalalarga doir shar'iy hukmlar bayon etiladi. Surada, shuningdek, turli imonsiz hizblarning musulmonlarga qarshi qilgan hujumlari va bunday sinov qiyinchiliklardan chin imon-e'tiqodli kishilarning qanday muvaffaqiyatli o'tganliklari haqida ham oyatlar berilgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Ey, Payg'ambar, Allohdan qo'rqing! Kofirlar va munofiqlarga itoat etmang! Albatta, Alloh bilimli va hikmatli zotdir.
2. Rabbingiz (tomoni)dan Sizga vahiy qilinadigan oyatlarga ergashing! Albatta, Alloh sizlar qilayotgan amallardan ogohdir.
3. Allohga tavakkul qiling! Allohni O'zi yetarli vakil (homiy)dir.
4. Alloh bir kishining ichida ikki qalb qilgan emasdir. (Shuningdek), sizlar "zihor"* qiladigan xotinlaringizni ham sizlarga ona qilgan emas va asrandi bolalaringizni o'z bolalaringiz qilgan emasdir. Bu sizlarning og'izlaringizdagi so'zingizdir*. Alloh esa haqiqatni aytur va Uning O'zi yo'lga boshlar. Izoh(a): Shariatda nikoh, taloq kabi oilaviy munosabatlar qatorida zihor degan narsa ham bor. Bu ko'proq arab xalqida joriy etilgan yaramas odatlardan biri edi. Zihorda er o'z xotiniga: "Sen menga onamning badani kabi haromsan" - kabi so'zlarni aytishi bilan qattiq gunohkor bo'ladi, lekin xotini o'z onasiga aylanib qolmaydi. Bu gunohni yuvish uchun er ma'lum miqdorda kafforat (jarima) to'lash zarurligi qayd etiladi.
Izoh(b): Oyatdagi ikkinchi masala asrandi bola haqida. Boqib olingan asrandi bola hech qachon o'zi tuqqan bolalaridek mahram bo'laolmasligi, nikoh va meros masalalarida ularning huquqi begonalar huquqi bilan barobar bo'lishi haqida ko'rsatmalar berilgan. Bu bilan bola asrab olish va uni tarbiya qilib voyaga yetkazish savobi inkor etilayotgani yo'q. Masalan, bir oilada asrandi o'g'il voyaga yetsa, shu oiladagi "singil" ga uylanishi mumkin va aksincha ham. Surada Muhammad (a. s.) asrab olgan Zayd ibn Horisa voqeasi batafsil bayon etiladi. 5. Ularni (asrandi farzandlarni) o'z otalari (ismi) bilan chaqiringlar. Shu Alloh nazdida adolatliroqdir. Bas, agar ularning otalarini bilmasangizlar, u holda (ular) sizlarning diniy birodarlaringiz va do'stlaringizdir. Qilgan xatolaringiz sababli sizlarga gunoh yo'qdir, lekin ko'ngillaringiz (bilan) qasd qilingan narsadagina (gunohkor bo'lursizlar). Alloh kechirimli va mehribon zotdir.
6. Payg'ambar mo'minlarga o'zlaridan ham haqliroqdir, uning ayollari esa ularning onalaridir. Allohning Kitobida qarindoshlar (merosxo'rlikda) bir-birlariga (qarindosh bo'lmagan) mo'minlardan va muhojirlardan ko'ra haqliroqdirlar. Magar sizlar (diniy) do'stlaringizga (meros berishlik bilan) yaxshilik qilmog'ingiz (mumkin). Bu, Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) bitiklidir.