YIGIRMA TO’QQIZINCHI JUZ’
*************************
MULK SURASIMulk - podshohlik, hukmronlik. O'zbek tilida mulk so'zi bu ma'noda kam ishlatiladi. Ko'proq u boylik, ashyo, xususiy yoki davlat mulki kabi mazmunlarda ishlatiladi.
Surada Yeru osmon va boshqa mavjudotlarni yaratishdagi Allohning hikmat va qudratlari, bu dunyodan imonsiz o'tganlarning oxiratdagi nadomatlari, rizq-ro'ziy talab qilish, tabiiy ofatlar xavfi, hidoyat va zalolat kabi mavzular aks ettirilgan. Hadisi sharifda: "Qur'oni karimda 30 oyatli bir sura borki, u uni o'qiganni shafoat qiluvchidir, hatto qiyomat kuni do'zaxdan xalos etib jannatga kirishga sabab bo'lur. U "Taborak" surasidir" deb bashorat berilgan (I. Termiziy rivoyati).
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. (Mutlaq) hukmronlik "qo'li"da bo'lgan zot - Alloh barakotli (buyuk)dir va U har narsaga qodirdir.
2. (U) sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o'lim va hayotni yaratgan zotdir. U qudratli va mag’firatlidir
3. (U) yetti osmonni qatma-qat qilib yaratgan zotdirki, siz Rahmonning yaratishida biror tafovut (nuqson)ni ko'rmaysiz. Bas, ko'zingizni yana (samoga) qaytaringchi, (unda) biror yoriqni ko'rarmikansiz?
4. So'ngra ko'zingizni qayta-qayta (samoga) qarating, ko'zingiz sizga xor va toliqqan holda qaytur.
5. Haqiqatan, Biz quyi osmonni chiroqlar (yulduzlar) bilan bezadik va ularni shaytonlarga otiladigan toshlar qilib qo'ydik. Yana ular (shaytonlar) uchun (oxiratda) do'zax azobini ham tayyorlab qo'ygandirmiz.
6. Parvardigorlariga kofir bo'lgan kimsalar uchun jahannam azobi bordir. Naqadar yomon oqibat bu!
7. Qachonki, ular (jahannamga) tashlanganlarida, qaynab turgan (jahannamning) o'kirik (faryodi)ni eshiturlar.
8. U g’azabdan parchalanib ketgudek bo'lur. Har gal unga bir to'da (kofir) tashlanganida, uning qo'riqchilari ulardan: "Sizlarga (dunyoda biror) ogohlantiruvchi (payg’ambar) kelmaganmidi?" - deb so'raydilar.
9. (Ular) derlar: "Ha, haqiqatan, bizlarga ogohlantiruvchi kelgan edi, (lekin bizlar uni) yolg'onchiga chiqarganmiz va: "Alloh (hech kimga) hech narsa nozil qilgan emas, sizlar faqat katta zalolat (gumrohlik)dadirsizlar", - deganmiz.
10. Ular (kofirlar) yana: "Agar bizlar (payg’ambar so'zlarini) tinglab, aql yurgizuvchi bo'lganimizda, do'zax ahlidan bo'lmas edik",- derlar.
11. Bas, ular o'z gunohlarini (shu tarzda) e'tirof etadilar. Endi, do'zax ahliga halokat bo'lgay!
12. Parvardigorlaridan g'oyibona qo'rqadigan zotlar uchun maqfirat va katta mukofot bordir.