* * *
Usmon ibn Affon qavmi orasida obro‘-e’tiborli va nufuzli bo‘lishiga qaramasdan mushriklar tomonidan juda ko‘p azob-uqubatlar chekdi. U bilan sahobalar yuz-ko‘zlari ko‘karib, xafa bo‘lar, kofirlarga qarshi kurashish yoki bo‘lmasa hijrat qilish uchun izn so‘rab kelganlarida, "Sabr qilinglar", deya payg‘ambarimiz ularga tasalli berar edilar.
Ammo bunday nohaqlik va xo‘rlikka chiday olmagan Payg‘ambar alayhissalomning ayrim izdoshlarining sabr kosasi to‘ldi. Abdurahmon ibn Avf, Usmon ibn Maz’un, Usmon ibn Affonlar u kishining huzurlariga kelib shunday arzu hol kilishdi:
- Ey Allohning rasuli, mushrik holimizda izzat-ikromda edik, iymon keltirgandan keyin, tahqirga uchrab, azobga qoldik. Mushriklar bilan jang qilishga ruxsat bering.
Havodan olib gapirmaydigan Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilarki:
- Ularga indamang.
Biroq Rasululloh ashoblariga qurayshliklarning adovati kundan kunga kuchayib, avj olardi. Ular qattiq qiynoqlar girdobida qoldi. Shunday bir holatda Usmon ibn Affon zavjasi Ruqiya roziyallohu anho bilan payg‘ambar alayhissalomning huzurlariga kelib:
- Ey Allohning rasuli, qavmimiz ta’qibi, aziyatlari, ta’na-dashnomlari va bizga yog‘dirayotgan haqoratlaridan qiynalib ketdik, - dedilar.
Rasululloh alayhissalom: "Kim dinini deb bir joydan boshqa bir joyga qochib o‘tsa, agar u joy bir qarich bo‘lsa ham unga jannat vojibdir. Allohning do‘sti Ibrohim, payg‘ambari Muhammad ularga hamroh bo‘ladi", dedilar.
Usmon ibn Maz’un aytdi:
- Ey Allohning rasuli, qaerga boramiz? Rasululloh bunday javob qildilar:
- Har joyga tarqalinglar. Alloh sizlarni tezda to‘playdi. Usmon ibn Affon savolni qaytardi:
- Qaerga boramiz, ey Allohning Rasuli? Olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot dedilar:
- Xabashistonga boringlar. Uning podshosi huzurida hech kimga zulm qilinmaydi. Xabashiston ishonchli joy. Zubayr ibn Avvom so‘radi:
- Ey Allohning Rasuli Makkaga qachon qaytamiz? Olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot (s.a.v.) aytdilar:
- Alloh najot berganda.
Rajab oyida Usmon ibn Affon ayollari Ruqiya bilan yana o‘n bir erkak va to‘rt nafar ayol Xabashistonga hijrat qiladi.
Nabiy sallallohu alayhi vasallamga Usmon ibn Affon va qizlari Ruqiyaning xabari kechikib turgan vaqtda qurayshlik bir ayol kelib:
- Ey Muhammad, qizingiz bilan kuyovingizni ko‘rdim, -dedi.
Rasululloh (s.a.v.) betoqat bo‘lib so‘radilar:
- Ularni qay ahvolda ko‘rding?
- Usmon ayolini xachirga mindirib, o‘zi haydab ketayotgan holda ko‘rdim.
- Alloh ularga yor bo‘lsin! Usmon Lut alayhissalomdan keyin ahli bilan hijrat qilganlarning birinchisidir, - dedilar.
Xabashiston yurtiga borgan muhojirlar risolatning beshinchi yili, hijrat diyorida uch oy (rajab, sha’bon, ramazon) yashaganlaridan so‘ng Umar ibn Xattobning islomga kirgani va Rasulullohning ashoblari Masjidul Haromda xotirjam holda namoz o‘qiy boshlaganini bilganlaridan keyingina o‘z yurtlariga qaytishdi. Afsuski, uyini qattiq sog‘ingan muhojirlar Makkaga kirgan vaqtdagina qaytishga shoshilganlarini anglab yetdilar. Himoyachisi yo‘qlarni kurayshliklar qaytadan qiynoqqa soldi. Bunday bo‘lishini kutmagan sahobalar aziyatlardan shikoyat qildilar va Habashistonga hijrat qilishga ruxsat so‘radilar. Hijrat uchun izn berilganda Usmon ibn Affon shunday dedi:
- Ey Allohning rasuli, avvalgi hijratimizda ham, bunisida ham biz bilan birga emassiz.
Xotamul anbiyo (s.a.v.) dedilar:
- Sizlar Allohni va meni deb muhojir bo‘ldingiz. Bu ikki hijrat ham sizlarnikidir.
Bu safar Xabash diyoriga Usmon ibn Affon va zavjasi Ruqiya, shuningdek, yetmishlar atrofidagi sahobalar Habashistonga yo‘l oldilar. U yerda tinch va xotirjam holda Rabbilariga ibodat qilinardi. Hazrati Usmonga Alloh farzand ato etdi. Farzandiga Abdulloh deb ism qo‘ydi. Usmon ibn Affon shu o‘g‘lining ismi bilan kunyalanar edi. Abdulloh ikki yoshga yetganida yuzini xo‘roz cho‘qishi tufayli vafot etdi. Ruqiya (r.a.) shundan keyin boshqa farzand ko‘rmadi.
Usmon ibn Affon Ruqiya roziyallohu anho bilan Makkaga qaytdilar. Oradan hech qancha o‘tmasdan ansorlar Rasululloh (s.a.v.)ga bay’at berishgach, Usmon jufti haloli bilan Yasribga hijrat qilishdi.