JANNATDAGI QUSH, OT VA TUYALAR HAQIDA.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: "Kavsar nima?" deb so‘rashdi. Aytdilar: "Alloh taolo jannatda menga bergan daryodir. U sutdan oq, asaldan shirinroq. Unda bo‘yinlari tuyaning bo‘yniday keladigan qushlar bor". Shunda Umar roziyallohu anhu: "Shubhasiz, bu huzur-halovatku", dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Uni yeyish huzur", dedilar (Termiziy rivoyati).
Abu Dardodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatda bo‘yni tuyaning bo‘ynidek keladigan qushlar bor, egasining, ya’ni, Allohning do‘sti qo‘lida saf tortib turadi va ulardan biri: "Ey Allohning do‘sti, men arshning ostidagi jannat yaylovlarida boqilganman, tasnim buloqlaridan ichganman. Meni yegin", deya maqtanadi, shunda kishining xayoliga ulardan birini yeyish keladi. Va shu zahoti qush uning oldida turli xil taom bo‘lib qoladi. Undan xohlaganicha yeydi. To‘yganidan so‘ng qushning suyaklari jamlanib, jannatning xohlagan joyida o‘tlash uchun yana uchib ketadi". Shunda Umar roziyallohu anhu: "Ey Nabiyulloh, shubhasiz bu haqiqiy ne’mat", dedilar. U zot: "Yeyimliklari undan ham huzurliroq" dedilar (Sa’labiy rivoyati).
Sulaymon ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi: Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan: "Jannatda ot bormi?" deb so‘radi. U zot: "Agar Alloh seni jannatga kirgizsa, u yerda qizil yoqutdan bo‘lgan ot bor, qaerga uchib borishni xohlasang, o‘sha zahotiyoq muhayyo bo‘ladi", dedilar. Yana bir kishi: "Tuyachi, jannatda tuya ham bormi?" deb so‘radi. U zot sherigiga aytgan so‘zni aytmadilar, balki: "Agar seni Alloh jannatga kirgizsa, u yerda nafsing nimani xohlasa, ko‘zing nimadan shodlansa, shu narsa bo‘ladi", dedilar" (Termiziy rivoyati).
Abu Mas’ud Ansoriydan rivoyat qilinadi: "Bir kishi yuganlangan tuya olib keldi va: "Bu Alloh yo‘liga", dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Qiyomat kunida buning evaziga senga yetti yuzta tuya beriladi, hammasi yuganlangan bo‘ladi", dedilar" (Muslim rivoyati).
Ibn Vahb zikr qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatda eng quyi manzildagi inson hech qarimaydigan ming-minglab yosh xizmatchilari ichida oltin qanotli qizil, yoqutdan bo‘lgan otga minadi. Agar xohlasangiz: "U joyda qachon qarasangiz, noz-ne’matlarni va katta mulku davlatni ko‘rursiz" (Inson, 20), oyatini o‘qinglar".
Ibn Muborak zikr qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Albatta, jannat ne’matlaridan biri — jannat egalari zotdor hayvonlar ustiga minib, bir-birlarini ziyorat qilishidir. Yana ularga juma kunida egarlangan, yuganlangan ot beriladi, u ot bavl qilmaydi, axlat chiqarmaydi, unga minadilar va Alloh xoxlagan joyda to‘xtaydilar".
Ibn Abbos jannatdagi markab-ulovlar haqida zikr qildilar va Alloh taoloning.
"U joyda qachon qarasangiz, noz-ne’matlarni va katta mulku davlatni ko‘rursiz", oyatini ti-lovat qildilar.
Abdulloh ibn Muboraqdan hikoya qilinadi: U kishi bir kuni g‘azotga chiqdi. Qarasa, bir kishi oti o‘lib, mahzun turibdi. Shunda unga: "Otingni menga to‘rt yuz dirhamga sot", dedilar. Kishi xursand bo‘lib sotdi. Kunlardan bir kun tushida o‘sha o‘lgan otini ko‘rdi, go‘yo qiyomat bo‘lib, oti jannatda tirilib, ortidan yetti yuzta otni ergashtirib yurganmish. Uni olishni xohlab oldiga borgan ekan, "Tegma! U kecha seniki edi, endi esa, Ibn Muborakniki", deb nido qilinibdi.
Tong otgach, Ibn Muborakning oldiga kelib, savdoni buzishni talab qildi. Ibn Muborak: "Nega?" deb so‘radi. U tushida ko‘rgan voqeani aytib berdi. Shunda u kishi: "Bor, ket, tushingda ko‘rganingni o‘ngimizda ko‘ramiz", dedi.
Bu hikoya sahihdir. Chunki shu ma’nodagi hadis Muslimning "Sahih"larida Abu Mas’uddan rivoyat qilingan.