— H-e, bu anavi chinorlik dala qorovuli! Kuni dalada o‘tadi! Bo‘ri akani ertalab bekatda ko‘rib edim! Yo‘l bo‘lsin, desam, Denov borayapman, nos tamom bo‘ldi, deb edi!
Qoplon ko‘zlarini bir yumib ochdi. Oyoq uchida tashqariladi, tag‘in otlandi. Jilovni qo‘yib yubordi. Ot o‘z ixtiyorida qadamladi.
Qoplon egar qoshiga tikilib bordi-bordi-da, birdan boshini ko‘tardi. Shunda, qo‘lida jilov yo‘qligini bildi. Uzalib, ot boshigacha surilib bormish jilovni tortib oldi.
Ot seskandi, old oyoqlarini xiyol ko‘tardi, yo‘lga bel bo‘ldi.
Qoplon otni chapdagi echki so‘qmoqdan soldi.
Soyda satil ko‘tarib yurmish ayollar oldidan o‘tdi. Adirlab, otiga qamchi bosdi.
Ot g‘arq terga botdi, og‘ir-og‘ir nafas oldi.
Qoplon adir narigi betida otdan tushdi. Ot arqonini toshga o‘radi.
Maydaroq bir toshga cho‘nqayib o‘tirdi. Tizzalarini quchoqladi. Peshonasini bilaklariga qo‘ydida... ho‘ngrab yig‘lab yubordi!
U yig‘ladi... inson, o‘g‘ri bo‘l, g‘ar bo‘l, evi bilan bo‘l-da. Shundan ko‘ra o‘lganing yaxshi emasmi. Imon qani, odam degan noming qani, inson... deya yig‘ladi.
U yig‘ladi... inson, senga pul kerak, inson. Pul deganlari bir qog‘oz-ku, inson. Qog‘ozni deb shunchalikka bordingmi, inson... deya yig‘ladi.
Ot quloqlarini dikkaytirib-dikkaytirib xo‘jasiga qaradi.
Qoplon yig‘lay berdi-yig‘lay berdi. Qizimish badani sovidi, to‘lmish o‘pkasi bo‘shadi.
Otni xiyol yo‘lgacha yetaklab bordi. Ko‘zlarini jelagi o‘ngiri bilan artdi. Xo‘rsina-xo‘rsina, otlandi. Chayqala-chayqala, yoqasiga tufladi.
Muxbir so‘ramish, kotib aytmish o‘sha bandai mo‘minlar ko‘z o‘ngidan bir-bir o‘tdi: Xolliyev, Saidov, To‘raeva...
Bu bandayi mo‘minlar... bu bandayi mo‘minlar bundan besh-olti yil muqaddam... rahmatlik bo‘lib edi...