BESHINCHI JUZ’
*************************
24. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. I z o h .
O’sha davrning odatiga ko‘ra urushda asir tushgan erkaklar qulga, ayollar esa cho‘riga aylantirilar edi. Bu oyatda garchi asira bo‘lgan ayolning o‘z vatanida eri qolgan bo‘lsa-da, ma’lum muddat idda saqlagach, hojasi uchun halol bo‘lib qolishi uqtirilmoqda. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni ular o‘z ixtiyorlari bilan haqqi mahrlaridan kechib yuborishlarida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.
25. Sizlardan kimda-kim ozod mo‘mina ayollarga uylanish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, qo‘llaringizdagi mo‘mina cho‘rilardan biriga uylanaversin. Alloh iymonlaringizni juda yaxshi bilguvchidir. Birovingiz birovingizdandirsiz (ya’ni hammangizning aslingiz bittadir). Bas, ulardan o‘zlarini saqlagan, fohishalik qilmagan va maxfiy o‘ynashlar tutmaganlariga hojalarining izni bilan uylanaveringlar va mahrlarini to‘kis qilib beringlar! Endi erga tekkach, agar buzuqlik qilsalar, ularga ozod ayollarga beriladigan azobning yarmi berilur. Bu (ya’ni cho‘rilarga uylanish ruxsati) orangizdagi buzilib ketishdan qo‘rqqan kishilar uchundir. Sabr qilib (uylanmay turishlaringiz) o‘zingiz uchun yaxshiroqdir. Alloh mag‘firatli va mehribondir.
26. Alloh sizlarga shariat hukmlarini bayon qilishni, sizlarni ilgari o‘tgan (haq yo‘ldagi) zotlarning yo‘llariga hidoyat qilishni va tavbalaringizni qabul qilishni istaydi. Alloh bilim va hikmat egasidir.