17-bob. Janob Rasululloh sahobalarining dehqonchilik va bog‘dorchilik borasida bir-birlariga ko‘maklashganlari xususida
Rofi’ ibn Xadiy rivoyat qiladilar: «Zuhayr ibn Rofi’: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizni o‘z foydamizni kuzlab ish qilishdan qaytardilar», — dedilar. Men: «Janob Rasululloh ne degan bo‘lsalar, to‘g‘ridur», — dedim. So‘ng, Zuhayr (gaplarida davom etib) bunday dedilar: «(Bir kuni) Janob Rasululloh meni huzurlariga chaqirdilar-da: «Ekinzor (dala)laringizni ne qilayotirsizlar?» — dedilar. Men: «Biz dalalarimizni ariqlari chetida o‘sgan o‘tlari hamda yetishtirilgan xurmo va arpaning bir necha vasag‘i badaliga ijaraga berayotirmiz», — dedim. Shunda Janob Rasululloh: «Unday qilmangizlar, dalalaringizga yo o‘zlaringiz ekin ekingizlar yoki ularni (haq olmay) birovga ekin ekishga beringizlar yoxud ularni (ekin ekmay) tashlab qo‘yingizlar!»— dedilar. Men (ul zotga javoban): «Amringizga quloq osdim va buyinsundim!» — dedim».
Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ilgarilari odamlar hosilning uchdan bir, turtdan bir va teng yarmini olish sharti birlan yerni ijaraga berishardi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (bizni) bunday qilishdan qaytardilar-da: «Kimning yeri bo‘lsa, unga o‘zi eksin yoki uni birorta (mo‘min) birodariga hadya qilsin yoki uni o‘z holiga tashlab quysin!» — dedilar».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimning yeri bo‘lsa, unga o‘zi eksin yoki uni mumin birodariga hadya etsin, agar hadya etishni istamasa, uni o‘z holiga tashlab qo‘ysin!» — dedilar».
Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam yerni ijaraga berishni ta’qiqlamadilar, balki: «Yerni o‘z (mo‘min) birodariga hadya qilish undan (ma’lum miqdorda) haq olgandan ko‘ra afzalroq!» — dedilar».
Nofi’ raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ibn Umar raziyallohu anhu o‘z dalalarini Janob Rasululloh, Abu Bakr, Umar va Usmon davrlarida ham, Muoviya amirligining dastlabki davrida ham ijaraga berar erdilar. (Bir kuni) Ibn Umar odamlardan Rofi’ ibn Xadiyjning «Janob Rasululloh dalalarni ijaraga berishdan qaytarganlar» deb aytganini eshitdilar-da, ul kishining huzuriga yo‘l oldilar, shunda men ham birga bordim. Ibn Umar (Rofi’ga): «Men (yaxshi) bilamanki, biz Janob Rasulullohning davrlarida dalalarimizni ariqlari bo‘yida o‘sgan o‘tlari va (arpa) somoni badaliga ijaraga berur erdik» — deb e’tiroz bildirdilar».
Solim raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu: «Men Janob Rasulullohning davrlarida yerning ijaraga berilganini (yaxshi) bilurman» — deb aytar erdilar. So‘ng, ul kishi: «Janob Rasululloh yerni ijaraga berish xususidagi hukmni bekor qilgan bo‘lsalar-u, men undan bexabar qolgan bo‘lsam-chi?» — degan xavotirlik birlan yerni ijaraga bermay qo‘ydilar».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kuni Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (sahobalar birlan) gaplashib o‘ltirgan erdilar, huzurlarida bir badaviy ham bor erdi. Shunda Janob Rasululloh: «Jannat ahlidan bo‘lmish bir kishi (jannatda) dehqonchilik qilishga Olloh taolodan ruxsat so‘radi. Olloh taolo unga: «Ko‘ngling tusagan narsa (noz-ne’mat)lar ichra emasmisan?!» — dedi. Boyagi kishi: «Bu yerda hamma narsa muhayyo bo‘lsa-da, men dehqonchilik qilmoqchiman»,— dedi. Keyin, u don eqdi, ekkan donlari tezda unib chiqib, mo‘l hosil berdi. Keyin, u urib olib, tog‘lar kabi baland-baland xirmonlar uydi. Shunda Olloh taolo boyagi kishiga: «Ey Odam bolasi, bu ham senga kam, chunki seni hech narsa to‘ydira olmas!» — deb aytdi», — dedilar. Shunda huzurlaridagi badaviy: «Yo Rasulalloh, o‘shal odam yo qurayshiy yoxud ansoriy bo‘lsa kerak, chunki qurayshiy va ansoriylar dehqondurlar, biz badaviylar ersak, dehqon ermasmiz», — dedi. Uning bul gapidan Janob Rasulullox kulib yubordilar».